O‘zbekiston va BAA davlat boshqaruvini baholash tizimini joriy etadi

O‘zbekistonda davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi tizim joriy etilmoqda. Prezident Birlashgan Arab Amirliklari bilan “Sifatli davlat boshqaruvi” qo‘shma dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi.
Mazkur dastur davlat sektori ishini yanada samarali, ochiq va natijaga yo‘naltirilgan holda tashkil etishni maqsad qilgan. 2026 yildan boshlab vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati har ikki yilda majburiy tarzda baholab boriladi.
Baholash jarayonida davlat idoralarining ish samaradorligi, islohotlarni amalga oshirish darajasi, aholi va biznes uchun yaratilayotgan qulayliklar hamda boshqaruv sifati kabi jihatlar inobatga olinishi kutilmoqda. Bu orqali har bir tashkilotning real natijasi aniqroq ko‘rinadi.
Dasturni amalga oshirishda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi mas’ul etib belgilandi. Ular davlat organlari faoliyatini tahlil qilish, baholash mezonlarini ishlab chiqish va natijalar asosida takliflar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Yangi tizimda faqat nazorat emas, rag‘batlantirish mexanizmi ham nazarda tutilgan. Samarali ishlagan, islohotlarni sifatli amalga oshirgan va yuqori natija ko‘rsatgan idoralar uchun maxsus nominatsiyalar hamda mukofotlar joriy etilishi belgilanmoqda.
Bu tashabbus davlat boshqaruvida raqobat muhitini kuchaytirishi, idoralarni natija uchun ishlashga undashi va byurokratik jarayonlarni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin. Qisqasi, davlat organlari faoliyati endi “ishlayapmiz” degan gap bilan emas, aniq natija bilan baholanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!