Toshkentda renovatsiya: aholi qayerga ko‘chirilishi aytildi

Toshkentdagi renovatsiya dasturi doirasida eski uylarda yashovchi fuqarolarga odatiy yashash muhitiga yaqin hududlardan yangi kvartiralar taklif etiladi.
“Toshkent Invest” kompaniyasi raisi o‘rinbosari Rustam Qodirovning ta’kidlashicha, ko‘chirish jarayonida mahalladagi ijtimoiy muhit, qo‘shnichilik munosabatlari va oilalarning kundalik turmush tarzini saqlab qolish ustuvor vazifa bo‘ladi.
Yangi uylar hozirgi manzilga yaqin bo‘ladi
Renovatsiyaga tushgan uylarda yashovchi fuqarolarga yangi xonadonlarni imkon qadar hozirgi yashash joyiga yaqin hududdan berish rejalashtirilmoqda.
Bu yondashuv orqali bolalarning avvalgi maktab va bog‘chalarida o‘qishni davom ettirishi, oilalar esa o‘rganib qolgan mahallasi va ijtimoiy muhitidan uzilib qolmasligi ko‘zda tutilgan.
Kvartiralar ta’mirlangan holda topshiriladi
Ma’lum qilinishicha, quruvchilar bilan fuqarolarga ta’mirlangan va yashash uchun to‘liq tayyor xonadonlarni ajratish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Demak, ko‘chirilayotgan oilalarga qo‘shimcha ta’mir xarajatlarisiz, foydalanishga tayyor kvartiralar taklif etilishi kutilmoqda.
Fuqarolar boshqa hududni ham tanlashi mumkin
Mulk egalari faqat o‘zlari yashab turgan tuman yoki mahalla bilan cheklanib qolmaydi.
Fuqaro xohishiga ko‘ra, taklif etilayotgan yaqin hududdagi uy-joydan voz kechib, Toshkent shahrining boshqa qismidagi kvartira variantini tanlash huquqiga ega bo‘ladi.
Asosiy maqsad — noqulayliklarni kamaytirish
Renovatsiya strategiyasining asosiy maqsadi fuqarolarni yangi uylarga ko‘chirish jarayonida yuzaga keladigan ijtimoiy va maishiy qiyinchiliklarni imkon qadar kamaytirishdan iborat.
Ya’ni dasturda faqat eski binolarni yangilash emas, balki mahallaning shakllangan turmush tarzi va insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolish ham muhim vazifa sifatida belgilanmoqda.































Izohlar 0
…