Toshkent metrosida yangilik: yana uchta zamonaviy poyezd qo‘shildi

Toshkent metropoliteni parki yana uchta zamonaviy to‘rt vagonli poyezd bilan boyidi. Yangi harakat tarkiblari poytaxt metrosida yo‘lovchilarga yanada qulay xizmat ko‘rsatish, poyezdlar harakati intervalini qisqartirish hamda tashish quvvatini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda jamoat transportini modernizatsiya qilish va aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini yaxshilash ishlari izchil davom etmoqda. Shu maqsadda Toshkent metropolitenining moddiy-texnik bazasi bosqichma-bosqich yangilanib, zamonaviy harakat tarkiblari soni oshirilmoqda.
Metropolitenga keltirilgan yangi poyezdlar yoz faslida samarali sovitish, qish mavsumida esa isitish tizimi orqali yo‘lovchilar uchun barcha mavsumda qulay muhitni ta’minlaydi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur poyezdlarning yo‘nalishlarga chiqarilishi harakat intervalini qisqartirish, xizmat sifatini yanada oshirish va xizmat muddati tugab borayotgan eski tarkiblarni bosqichma-bosqich zamonaviy poyezdlar bilan almashtirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, yangi harakat tarkiblari metropolitenning umumiy tashish salohiyatini kengaytiradi, harakat jadvalining barqarorligini ta’minlaydi va tobora ortib borayotgan yo‘lovchilar oqimiga samarali xizmat ko‘rsatishga yordam beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil oxiriga qadar Toshkent metropoliteni uchun yana 11 ta zamonaviy poyezd olib kelish rejalashtirilgan. Bu orqali metro infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yo‘lovchilar uchun xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.






























Izohlar 0
…