Ikki sayyoraga o‘zbek olimlarining nomi rasman berildi

Ikki sayyoraga o‘zbek olimlarining nomi rasman berildi

O‘zbekiston ilm-fani uchun yana bir muhim va quvonchli voqea yuz berdi. Xalqaro astronomiya hamjamiyati qaroriga muvofiq, ikki kichik sayyora (asteroid)ga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ikki nafar olimi — Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonovning nomi rasman berildi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2026 yil 9 iyul kuni Xalqaro astronomiya jamiyati huzuridagi Kichik jismlar nomlarini tasdiqlash qo‘mitasi (WGSBN) tomonidan e’lon qilingan rasmiy bayonotda mazkur qaror tasdiqlangan. Yangi nomlar WGSBN byulletenining 6-jild, 11-sonida rasman chop etilgan.

Shundan so‘ng xalqaro astronomik kataloglarda ushbu osmon jismlari (131358) «Kamolergashev» va (121339) «Otabekburkhonov» nomlari bilan qayd etiladi hamda kelgusida aynan shu rasmiy nomlar bilan yuritiladi.

Ma’lum qilinishicha, dastlab xalqaro kataloglarda 2001 KA2 raqami bilan ro‘yxatdan o‘tgan asteroid 2001 yil 19 may kuni Chexiyadagi Ondřejov observatoriyasida chex astronomlari tomonidan kashf etilgan. Keyinchalik mazkur osmon jismiga Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev sharafiga «Kamolergashev» nomi berildi.

Rasmiy izohda ta’kidlanishicha, Kamoliddin Ergashev 2007 yildan buyon Astronomiya institutida asteroidlar tadqiqoti bilan shug‘ullanib keladi. U 2024 yilda mazkur yo‘nalish bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. Olimning ilmiy ishlari asteroidlar fotometriyasi, ularning ravshanlik egri chiziqlarini tahlil qilish, fizik xususiyatlarini aniqlash, shuningdek, asteroid juftliklari, klasterlari va qo‘shaloq asteroid tizimlarini kuzatishga bag‘ishlangan.

Xalqaro kataloglarda avval 1999 TO15 vaqtinchalik belgilanishi bilan qayd etilgan ikkinchi asteroid esa 1999 yil 13 oktyabr kuni chexiyalik astronomlar tomonidan aniqlangan. Endi ushbu osmon jismi Astronomiya instituti laboratoriya mudiri Otabek Burxonov sharafiga «Otabekburkhonov» nomi bilan ataladi.

Rasmiy ma’lumotda Otabek Burxonov 2000 yildan buyon Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya institutida ilmiy faoliyat yuritib kelayotgani qayd etilgan. U 2005 yilda fan nomzodi ilmiy darajasini olgan. Olimning tadqiqotlari optik fotometriya, asteroidlarning ravshanlik egri chiziqlarini tahlil qilish, o‘zgaruvchan yulduzlar, gravitatsion linzalangan kvazarlar hamda Maydanak observatoriyasida gamma-chaqnashlarning keyingi optik kuzatuvlarini o‘z ichiga oladi.

Fanlar akademiyasining ta’kidlashicha, asteroidlarga olimlar nomi berilishi ularning ko‘p yillik ilmiy mehnati va jahon astronomiyasi rivojiga qo‘shgan munosib hissasining xalqaro miqyosda e’tirof etilganidan dalolat beradi. Tasdiqlangan ushbu nomlar endi xalqaro astronomik nomenklaturaning rasmiy qismiga aylanadi hamda kelgusida ilmiy maqolalar, kataloglar va efemeridalarda aynan shu nomlardan foydalaniladi.

Fanlar akademiyasi ushbu voqeani O‘zbekiston astronomiyasi uchun muhim va faxrli yutuq sifatida baholab, Kamoliddin Ergashev hamda Otabek Burxonovni xalqaro e’tirof bilan samimiy muborakbod etdi. Shuningdek, ularga yangi ilmiy kashfiyotlar, muvaffaqiyatli kuzatuvlar va kelgusi tadqiqotlarida yanada ulkan zafarlar tiladi.

Ma’lumot uchun, mazkur ikki olim NASAning sayyoraviy mudofaa dasturi doirasidagi faol ishtiroki va munosib hissasi uchun ham avvalroq NASA tomonidan Group Achievement Award mukofoti bilan taqdirlangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar