O‘zbekistonda 55 yildan beri qayd etilmagan noyob ko‘rshapalak topildi

O‘zbekistonda yarim asrdan ortiq vaqt davomida tabiatda qayd etilmagan noyob ko‘rshapalak turi aniqlandi. Zoologiya instituti olimlari xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda "Janubiy Ustyurt" milliy tabiat bog‘ida turkman uzunquloq ko‘rshapalagini (Plecotus turkmenicus) qayd etishdi.
Mazkur tur Markaziy Osiyodagi eng kamyob ko‘rshapalaklardan biri hisoblanadi. U haqidagi ma’lumotlar uzoq vaqt davomida asosan 1970 yilgacha o‘tkazilgan kuzatuvlar hamda muzeylarda saqlanayotgan namunalar bilan cheklanib kelgan.
Noyob turning qayta aniqlanishi O‘zbekiston hududidagi biologik xilma-xillikni o‘rganish va muhofaza qilish borasida muhim ahamiyatga ega. Bunday topilmalar kam o‘rganilgan hududlarda yashaydigan hayvonlar haqida yangi ma’lumotlar olish hamda ularning yashash muhitini asrashga yordam beradi.
Mutaxassislar tomonidan qayd etilgan ushbu ko‘rshapalakning tabiatda yana uchratilgani mamlakat faunasini o‘rganishdagi e’tiborga molik yangiliklardan biridir.































Izohlar 0
…