Qozog‘istonda matematik misollarga hurib javob beradigan it mashhur bo‘ldi (video)

Qozog‘istonda matematik misollarga hurib javob beradigan it mashhur bo‘ldi (video)

Qozog‘istonning Atirau shahrida yashovchi Nurgul laqabli it noodatiy qobiliyati bilan mahalliy aholi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari e’tiborini tortdi. U qozoq tilidagi buyruqlarni bajarishi bilan birga, oddiy matematik misollarga ham hurish orqali javob beradi.

AtyrauPress nashrining yozishicha, itning egasi Nurbol Kamiyev unga turli buyruqlarni bajarishni o‘rgatgan. Masalan, «ikki qo‘shuv bir nechchiga teng?» deb so‘ralganda, Nurgul uch marta huradi. Egasining aytishicha, it beshgacha bo‘lgan sonlar doirasidagi oddiy misollarga javob bera oladi.

Nurbol Kamiyevning ta’kidlashicha, itni bunday ko‘nikmaga o‘rgatish uchun atigi 27 kun vaqt ketgan. Nurgulning matematik misollarga javob berish qobiliyati esa dastlab tasodifan aniqlangan: egasi unga «ikki qo‘shuv ikki nechchiga teng?» deb savol berganida, it to‘rt marta hurgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nurgul hujjatlarda Nikol deb qayd etilgan va yapon akita-inu zotiga mansub. Uni to‘rt yil avval egasiga Sankt-Peterburgdan sovg‘a qilishgan.

Bugun Nurgul Atirau aholisiga yaxshi tanish. Uni ko‘chada uchratganlar suratga va videoga oladi, noodatiy qobiliyatlarini tomosha qiladi. Egasi esa itni kino suratga olish takliflariga ham tayyor ekanini bildirgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar