6 700
Nihoyat konvertatsiya ochilmoqda: Qanday holatda banklar aholi qo‘liga naqd dollar beradi?
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr kuni «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi galdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5177-sonli farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra 2017 yilning 5 sentyabridan boshlab:
Yuridik shaxslar joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha xorijiy valyutani tijorat banklaridan cheklanmagan miqdorda xarid qilishlari mumkin.
Jismoniy shaxslar ham tijorat banklarining konversion bo‘limlarida xorijiy valyutani erkin sotish va xarid qilishlari mumkin. Bunda o‘rnatilgan qoidaga ko‘ra, sotib olingan valyuta mablag‘lari xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazib beriladi va undan xorijda hech qanday cheklovlarsiz foydalanish mumkin bo‘ladi.
Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, lekin xorijdan iste’mol tovarlari importi bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkorlarga valyutani jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda xarid qilishga ruxsat beriladi.
Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, eksport bilan shug‘ullanuvchilarning xorijiy valyutadan tushumini majburiy sotish talabi esa bekor qilinadi.
Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan xususiy tadbirkorlar, shuningdek, xorijiy valyutada daromadga ega bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga o‘zlarining bankdagi hisobvarag‘idan naqd valyuta yechib olishiga ruxsat beriladi.
Farmonga ko‘ra, respublika hududida quyidagi tartib o‘rnatilmoqda:
— tovarlar (ish va xizmatlar) uchun xorijiy valyutada to‘lov qilish taqiqlanadi, xalqaro amaliyotga mos ravishda xalqaro to‘lov kartalari bilan amalga oshiriladigan to‘lovlar bundan mustasno;
— tovarlar, ish va xizmat uchun narxlar va tariflar, shuningdek, jamiyatlarning nizom jamg‘armasiga minimal talablar faqat milliy valyutada ko‘rsatiladi;
— davlat bojlari, yig‘im va boshqa majburiy to‘lovlar faqat milliy valyutada amalga oshiriladi, konsullik yig‘imlari bundan mustasno.
Prezidentning yangi farmoni katta shov-shuv keltirib chiqardi va ijtimoiy tarmoqlarda odamlar bir qator savollarni o‘rtaga tashlashmoqda. Qonun tilida ayrimlarga tushunarsiz ko‘ringan jumlalarga oydinlik kiritish va fuqarolar tomonidan o‘rtaga tashlanayotgan savollarga javob olish maqsadida KUN.UZ jurnalisti moliyaviy ekspert Aleksandr Davletovga murojaat qildi.
— Yangi qoidaga ko‘ra xarid qilinadigan valyuta mablag‘lari avvalgidek xalqaro konversion to‘lov kartalariga o‘tkazib berilmoqda? Farqi nimada?
— O‘zi hozirgacha ham valyuta xalqaro konversion plastik kartaga tushirib berilar edi. Faqat davlat kursida va bir odamga kvartaliga 2000 dollardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda. Boz ustiga, barcha davlatlarda bunday kartalarni erkin ishlatishga, masalan, kuniga 100 dollardan ortiq ishlatish uchun cheklovlar bor edi. Endi bunday cheklovlar yo‘q. Har kim istaganicha valyuta xarid qilib, xorijda istaganicha tasarruf etish huquqiga ega. Farqi — endi avvalgidek, 4200 so‘mdan emas, ancha balandroq (hozircha aynan qanchaligi ma’lum bo‘lmagan) kursda. 5 sentyabrdan kursning qanchaligi bugun aniqlik kiritiladi (ya’ni Markaziy bank devalvatsiya miqyosi va mezonlari haiqda bugun rasmiy bayonot beradi).
— Nega xarid qilinayotgan valyuta aynan konversion plastik kartaga solib berilmoqda? Biryo‘la naqd ko‘rinishda berilmayapti?
— Bu dastlabki davrda chayqovchilikning oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda. Chunki 5 sentyabrdan boshlab yurtimizda hech narsa valyutaga sotilmaydi. Barcha joyda faqat milliy valyuta — so‘mga savdo qilinadi. Ilgari O‘zbekistonda avtomobillar, aviachiptalar va yana ayrim narsalar valyutaga xarid qilinardi. Hozir ularning savdosi barchasi to‘liq so‘mga o‘tkazilgan. Ikkinchi sabab — shaffoflikni ta’minlash. Hozircha jismoniy shaxslarga hech qanday holatda naqd valyuta sotilmaydi. Agar hammasi risoladagidek ketsa yangi yildan naqd valyuta sotuvi ham yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Rostdan ham, bunday o‘ylab qaralsa, O‘zbekistonda valyutaga savdo bo‘lmagach, u faqat xorijga chiqadiganlarga kerak bo‘lsa, kartada olib yurish qulay emasmi? Xorijda hamma joyda cheklovsiz o‘tishi ta’minlanmoqda-ku? Aslo xavotirga o‘rin yo‘q. Bir yil muqaddam mana shu ishlar bo‘ladi, deyilganida hech kim ishonmagan bo‘lar edi.
— Xorijdan kelayotgan pul o‘tkazmalari-chi? Ular naqd dollarda beriladimi yo so‘mda? Yoki xalqaro konversion plastik kartaga tashlab beriladimi?
— Xorijdan kelayotgan xalqaro pul o‘tkazmalari xalqaro pul o‘tkazmalari kompaniyalari bilan kelishuvlarga ko‘ra, beistisno va cheklovlarsiz, faqat naqd dollarda beriladi. Albatta, oluvchi istasa o‘tkazmani so‘mda ham olishi mumkin, lekin turli spekulyatsiyalarga yo‘l qo‘yilmaslik uchun O‘zbekiston tomonining o‘zi dollarda berilishini kafolatlagan. Misol uchun, Tojikiston va Qirg‘izistonda istasangiz somoniy va somda ham olishingiz mumkin. Bizda esa xorijdan kelgan pulni oluvchi avval dollarda oladi va keyin istasa valyuta ayirboshlash shoxobchasiga olib borib, naqd so‘mga almashtiradi.
— Aytaylik, biror kishining nomiga ochilgan xalqaro plastik kartaga xorijdan valyuta o‘tkazib berildi. U shu plastik kartasidan O‘zbekistonda naqd valyutani yechib olishi mumkinmi?
— Bunday valyuta mablag‘larini konvertatsiya ochilgunga qadar ham «Visa» yoki «Master Card» xalqaro plastik kartalariga o‘tkazish mumkin edi. Shunchaki, bu holatda kirim uchun foiz baland bo‘ladi. Buning uchun «Visa» yoki «Master Card» kartochkalari ochilishi kerak, xolos, buning konvertatsiyaga aloqasi yo‘q. Bu kartalardan O‘zbekiston ichida cheklovlarsiz, komissiyasini to‘lab, naqd dollar yechib olaverish mumkin. O‘zbekiston ichida ishlatib bo‘lmaydigan valyuta kartasi bu — «Visa» konversiya yoki «Master Card» konversiya kartalari xolos. Tijorat banklarimizdan so‘mga sotib olinadigan valyuta mablag‘lari faqat ana shunday konversion kartalarga o‘tkazib beriladi. Farqi shu.
— Bevosita sizning sohangizga taaluqli bo‘lmasa-da, odamlarni qiziqtirayotgan yana bir savol. Ma’lumki, GM-Uzbekistan avtomobillarining narxi dollarda belgilanib, MB rasmiy kursi bo‘yicha so‘mda haftama-hafta oshib borayotgan edi. Agar endi dollarning erkin kursi biz ko‘nikib qolgan 4200 so‘mdan balandroq bo‘lsa, yangi kursda avtomobillarning narxi 2 barobar oshmaydimi?
— Yo‘q, menimcha, avtomobillarning narxi o‘tgan hafta seshanba kuni so‘nggi marta oshgan ko‘yi so‘mda mustahkamlanadi va buyog‘iga ana shu narxlarda sotiladi.
Ekspertlarning fikricha, erkin konvertatsiyaga o‘tilishi munosabati bilan narxi oshuvchi tovar va xizmatlar asosan monopol kompaniyalar taqdim etadigan tovar va xizmatlardan iborat bo‘ladi.
Bular birinchi navbatda benzin (chunki 80 foiz neft import qilinadi) va elektroenergiya (qishki mavsumda ta’minot uzluksizligini amalga oshirish uchun 25 foizgacha elektr energiyasi qo‘shni davlatlardan import qilinishi mo‘ljallanmoqda) narxi, temir yo‘llari (valyutada kreditlari va mashina-uskunalar importi ulushi yuqori) va havo yo‘llari (valyutada kreditlari va mashina-uskunalar importi ulushi juda baland) xizmatlari narxidir.
Oziq-ovqat va kiyim-kechaklar qimmatlashishidan xavotir olinmasa ham bo‘ladi (qaytanga arzonlashishi kuzatiladi), chunki bu turdagi tovarlar o‘n yillardan buyon qora bozor va undan yuqori kursda olingan valyuta hisobidan import qilib kelingan.
Shuhrat Shokirjonov tayyorladi
Manba: kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi