Bugungi kunda jahon olimlari daryo, dengiz, ko‘l, sizot suvlarining ifloslanishi bilan bog‘liq dolzarb muammolarga katta ahamiyat qaratmoqda.Ularning fikricha, millionlab insonlarga o‘lim keltiruvchi, shu bilan birga umr bag‘ishlovchi suv — bu hayot ekanini yana bir bor keng jamoatchilikka yetkazishning fursati allaqachon yetib kelgan.
INSON SUVSIZ UCh KUNDAN ORTIQ YaShAY OLMAYDI
Suvning hayotimizdagi ahamiyati juda ham muhimligini bilib tursa-da odamzot suv havzalarini, inshoatlarini chiqindi va axlatlar bilan to‘ldirib, ifloslantirishda davom etmoqda. Global muammolar insoniyatga berilgan chaqiriqdir. Bu muammolardan qochib bo‘lmaydi, biroq ularni hal qilish mumkin. Buning uchun Ona sayyoramizda istiqomat qilayotgan har bir inson harakat qilishi kerak, xolos.
Bir vaqtlar jahongashta olim Jan Iv Kusto “Yer sayyorasini Suv sayyorasi deb atash kerak” degan taklif bilan chiqqan edi. Chunki sayyoramizning katta qismi suvdan tashkil topgan. Biroq mana shu suvlarning 97 foizi okean va dengizlardagi sho‘r suv, atigi 3 foizi ichishga yaroqli toza suv ekanini yoddan chiqarish kerak emas. Sayyoramizning uchdan ikki qismi okeanlar bilan qoplangan bo‘lib, ayni damda suv chiqindixona vazifasini ham bajarmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda jahonning ko‘plab xududlarida nafaqat ichimlik suvi, balki dalalarni sug‘orish, sanoatda ishlatish uchun ham suv yetishmayapti. Olimlar yana 20-25 yildan keyin global suv taqchilligi yuzaga kelishidan xavotir olishmoqda. Ularning fikricha, agar zarur choralar ko‘rilmaydigan bo‘lsa, u holda asr o‘rtalariga borib, oltin yoki neft uchun emas, balki suv uchun urush boshlanishi ehtimoli bor ekan. Suv havzalarining ifloslanishi bilan bog‘liq muammolardan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Bugungi kunda jahonda 1,5 milliard aholi toza ichimlik suviga muhtojlikda kun kechirmoqda. Yana bir necha o‘n yillikdan so‘ng esa shahar aholisining har uchtasidan bittasi toza ichimlik suviga muhtoj bo‘ladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 2 milliard 700 million kishi sanitariya talablariga javob bermaydigan muhitda istiqomat qilmoqda.
Ekspertlarning fikricha, jami kasalliklarning 20 foizi atrof-muhitning ifloslanishi tufayli kelib chiqar ekan. Har yili 5-7 millionga yaqin kishi suv bilan bog‘liq kasallik tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Birgina Rossiyada suv havzalarining dioksin bilan zaharlanishi oqibatida har yili 20 mingga yaqin kishining halok bo‘lishi aytilmoqda. Ayni shu miqdordagi rossiyalik ozon qatlamining yemirilishi natijasida saraton kasalligiga chalinmoqda. Aqlan zaif chaqaloqlarning dunyoga kelishi xam keng jamoatchilikning diqqat markazida turibdi. Toza ichimlik suvi yetishmovchiligi oqibatida yuzaga keladigan xastalik tufayli har kuni 8 mingdan 20 mingga yaqin kishi, 20 soniyada bir bola nobud bo‘lmoqda. Shularni e’tiborga olgan holda ta’kidlash kerakki, agar ichimlik suvining sifati yaxshilanadigan bo‘lsa, u holda insonlarning o‘rtacha umr ko‘rishi o‘n yillikda 5-7 yoshgacha oshishi mumkin.
Agar XXI asr boshlarida sayyoramiz aholisining 40 foizi suv resurslaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bo‘lsa, 10-12 yil o‘tib esa yer yuzi aholisining 60-65 foizi ayni shu muammo bilan to‘qnash keladi. Bu jahondagi 80 mamlakatda istiqomat qiluvchi 5 milliard kishi demakdir. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda suv tanqisligi nafaqat Afrika, Osiyo, Amerika, Avstraliyada balki aholisi nisbatan farovon yashaydigan Yevropada ham kuzatilmoqda.
“Ko‘hna qita”ning 23 million aholisi toza ichimlik suvi yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. BMT tarqatgan xabarga ko‘ra, ayni damda 31 ta davlat jiddiy suv inqirozi xavfi bilan to‘qnash kelgan. 2007 yilda Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi davlatlarning rahbarlari suv muammosini hal qilish milliy xavfsizlikni ta’minlashdagi muhim omil ekanini ta’kidlagan edilar. Afrika mamlakatlari suv muammosini hal qilish masalasini hozirgi darajada davom ettiradigan bo‘lsalar, mavjud muammoni yuz yildan keyin hal qilishar ekan.
Ikkinchi jahon urushidan to shu kungacha yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar va harbiy majorolarni qo‘shib hisoblaganda halok bo‘lganlar sonidan ko‘proq odamlar suvlarning ifloslanishi oqibatida hayot bilan vidolashgani tan olingan. Bularning hammasi suv havzalarining ifloslanishi bilan bog‘liq ekani aytilmoqda. Chunki tabiiy suv havzalari ekologik barqarorlikning bosh omilidir.
Suv havzalariga tushgan chiqindilar suvdan kislorodni tortib olib tabiatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, ya’ni biologik barqarorlikni izdan chiqarishi aniqlangan. Shuningdek, okean, dengiz va daryolarga atom elektr stansiyasida ishlatib bo‘lingan yadroviy chiqindilar, oziq-ovqat qoldiqlari, kasalxona chiqindilari, metal, kislota, neft mahsulotlari, pestitsid, qishloq xo‘jaligida ishlatigan o‘g‘itlar va boshqa mahsulotlarning tashlanishi suvdagi kislorod zaxirasini kamaytirib, suvdagi fauna va florani yo‘q qilmoqda.
Suv havzalarining ifloslanishi oqibatida sanitariyaviy ahvol yomonlashmoqda, bu o‘z navbatida, mazkur havzalardan irrigatsiya va xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish imkoniyatlarini cheklamoqda. Bundan baliqchilik xo‘jaligi katta ziyon ko‘rmoqda. BMT e’lon qiladigan hisobotlarga qaraganda, dengiz va daryolarning mineral o‘g‘itlar bilan ifloslanishi oqibatida jahon baliqchilik sohasi yiliga 50 milliard dollor miqtorida ziyon ko‘rar ekan.
Suv ist’emol uchun yaroqsiz holga kelganda ifloslangan deb hisoblanadi. 19 asr o‘rtalarida Yevropaning yirik shaharlarida suv havzalarining ifloslanishi bir qator muammolarni keltirib chiqargan edi. O‘shanda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida “Ko‘hna qit’a”da suv bilan bog‘liq kasalliklar bartaraf etilgan edi. Biroq hozirgi kunda rivojlanish yo‘liga kirgan mamlakatlarda vabo va o‘lat kabi suv bilan bog‘liq kasalliklar hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolardan hisoblanadi.
Agar suv xavzalarining ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar zudlik bilan hal qilinmaydigan bo‘lsa, u xolda global ekologik halokatning yuz berishi muqarrarligidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu sababli ham insoniyat mazkur muammolarni hal qilish uchun oyoqqa turishi kerak. BMT toza ichimlik suvi taqchilligini bartaraf etish “insoniyat tomonidan, birinchi navbatda, hal qilinishi kerak bo‘lgan muhim masalalardan biri” deb e’lon qilgan.
Suv muammosini hal qilish nafaqat ezgu ish, balki jahon iqtisodiyoti uchun istiqboldagi biznes-loyihalardan biridir. Suvga ehtiyoj kuchaygan sari, uning narxi ham oshmoqda. So‘nggi 50 yilda neft narxi 10 barobar, maishiy extiyojlar uchun suv narxi 100 barobar, toza ichimlik suvining bahosi esa 1000 barobar o‘sdi. Neft sohasini ortda qoldirayotgan Suv sanoati jahondagi eng taraqqiy etayotgan tarmoqqa aylanib ulgurdi.
Ayni damda suv biznesi yilga 30-40 foizga rivojlanib borishi natijasida “suv korchalonlari” paydo bo‘lmoqda. Bu soha bir yilda ko‘radigan daromad 1 trillion dollordan oshdi. Bu neft va farmatsevtika kompaniyalarining foydasidan 40 foiz ko‘pdir. Suv Resurslaridan foydalanish Xalqaro instituti vakillarining so‘zlariga qaraganda, so‘nggi 100 yilda yer yuzi aholisi ikki barobar ko‘paygan bo‘lishiga qaramay, suv iste’moliga talab 7 barobar oshgan. Shularni inobatga olgan BMT Bosh Assambleyasi insonlarning “xavfsiz va toza ichimlik suviga ega bo‘lish” huquqiga bag‘ishlangan tarixiy rezolyutsiya qabul qildi.
So‘nggi so‘z o‘rnida, sayyoramizda ekologik muvozanatni saqlovchi suvning ulug‘vorligi, hayotiy zarurat ekanini barchamiz yaxshi anglashimiz lozimligini yana bir bor ta’kidlab, toza suv - aziz ne’mat, yaxshi shifokor va qadrdon do‘st ekanini eslatib o‘tamiz. Suvni e’zozlash, qadrlash, asrab-avaylashimiz zarur.
Sharofiddin To‘laganov
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi