18:06 / 02.04.2018
8 027

DXX rahbari: “O‘zbekistonga xavf solayotgan tashqi va ichki tahdidlar” haqida

ДХХ раҳбари: "Ўзбекистонга хавф солаётган ташқи ва ички таҳдидлар" ҳақида
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullayev davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi tashqi va ichki omillarni sanab o‘tdi.

O‘tgan payshanba kuni Oliy Majlis Senati «Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi. Hujjatga izoh berar ekan, Ixtiyor Abdullayev mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, davlatni himoya qilish nafaqat tashqi, balki O‘zbekistonni 2022 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan jamiyatning barcha sohalarida olib borilayotgan keng miqyosli islohotlar doirasida ichki tahdidlardan ham himoya qilish zarurligini qayd etdi, deb yozadi Gazeta nashri.

“Birinchidan, qo‘shni mamlakat shimolidagi „Islom davlati“, „Tolibonlar“ harakati, Turkiston islom harakati va boshqa bir qator jangari guruhlarning faollashuvi, jangovar harakatlarda qatnashgan Markaziy Osiyo davlatlaridan chiqqan jangarilarning turli mamlakatlar orqali bizga qaytib kelayotgani masalasi”, — dedi u.

“Ikkinchi jiddiy masala, bu — qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralarimizning ochilishi, O‘zbekistonga kelayotgan investorlar va turistlar sonining kun sayin ortib borayotgani. Shu o‘rinda turli diniy-ekstremistik ruhdagi adabiyotlar, giyohvandlik vositalari va qurol-yarog‘lar olib kirishga urinishlar ehtimoli kuchayib borayotgani ham ma’lum tahdidlarni yuzaga keltirmoqda”, — deya davom ettirdi DXX rahbari.

Ixtiyor Abdullayev turli separatistik kuchlarning faollashuvi, ularning ba’zi chet el maxsus xizmatlari tomonidan moliyalashtirilayotgani, erkin e’tiqod uchun yaratilgan sharoitlar, diniy sohada berilgan erkinliklarni ayrim fuqarolarimiz tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotgani oqibatida diniy aqidaparastlikning kuchayib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.

“Xabarlaringiz bor, ayrim hududlarda ayrim fuqarolarimiz tomonidan salafiylik diniy harakati oqimiga kirib qolayotgani, soqol qo‘yishni o‘zga odat qilib olish holatlarining ko‘payishi, shu bilan birga ayrim fuqarolarimiz tomonidan farzandlarini turli xujralarda o‘qitayotganlik holatlari aniqlanayotgani, bundan tashqari, shunday holatlar ham aniqlanayaptiki, ayrim fuqarolarimiz o‘rta ta’lim maktablar, litseylar rahbariyatiga bevosita murojaat qilib, farzandlarini, ya’ni o‘g‘il bolalar va qizlarni alohida o‘qitish uchun sharoit yaratish to‘g‘risida talablar qo‘yayotgani, bu — fuqarolarimizni yaratilayotgan sharoitlarni noto‘g‘ri talqin qilayotgani holatlari vujudga kelayotganidan dalolat beradi”, — dedi u.

O‘zini siyosiy muxolifat deb ataydigan buzg‘unchi siyosiy kuchlarning faollashuvi kuzatilmoqda, dedi Davlat xavfsizlik xizmati rahbari.

“Bizda ma’lumotlar bor, internet tarmoqlarida ham „Birlik“, „Erk“ nodavlat siyosiy muxolifat vakillarining partiya tashkil etish bo‘yicha Adliya vazirligiga murojaat etishgan. Ularning eng asosiy rejasi bugun o‘zining faoliyatini qonuniylashtirish, ertaga esa mamlakatimizdagi tinchlikni izdan chiqarish”, — dedi Ixtiyor Abdullayev.

Davlat xavfsizlik xizmati raisi boshqa respublikalarda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari, ularning maxsus xizmatlar va diniy ekstremistik guruhlar tomonidan o‘z rejalarini amalga oshirishga jalb etilayotgani masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Ixtiyor Abdullayev qator mamlakatlarda «rangli inqiloblar"ni amalga oshirgan xalqaro tashkilotlarning qo‘shni mamlakatlardagi faoliyatining faollashuvi masalasiga diqqat qaratdi.

“Xorijiy hamkorlar tomonidan O‘zbekiston uchun zararli va foydasiz investitsion loyihalarni o‘tkazishga harakatlar ham e’tiborimizdan chetda qolmasligi kerak, chunki bu kelgusida iqtisodiyotimizga juda katta zarar keltirish ehtimoli bor”, — dedi u.

Shu va yana bir qator jiddiy tahdidlar Davlat xavfsizlik xizmati tizimini tubdan takomillashtirishni talab etdi, deya ta’kidladi Ixtiyor Abdullayev.

“25 yil davomida mazkur idora faoliyati qonun darajasida tartibga solinmadi. Bu esa o‘z navbatida yetarli muammolarni keltirib chiqardi”, — dedi u.

Yangi qonun bilan Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekistonning konstitutsion tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib belgilandi. DXX bevosita mamlakat prezidentiga bo‘ysunadi va hisob beradi.

2015 yildan O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida ishlab kelgan Ixtiyor Abdullayev yanvar oxirida Davlat xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlandi. Mart o‘rtasida prezident Shavkat Mirziyoyev Milliy xavfsizlik xizmatini Davlat xavfsizlik xizmati etib qayta tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » DXX rahbari: “O‘zbekistonga xavf solayotgan tashqi va ichki tahdidlar” haqida