11:40 / 30.09.2018
5 230

Oʻzbekistonda energoresurslar narxi qimmatlashadi..(mi?)

Oʻzbekistonda energoresurslar narxi qimmatlashadi..(mi?)
Oʻzbekistonda elektr energiyasi, gaz va avtomobil yonilgʻisi tariflarini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi xabar qildi.

“Oʻzbekneftgaz”, “Oʻzbekenergo” va “Oʻzneftmahsulot” kompaniyalari ishtirokida boʻlib oʻtgan hukumat yigʻilishida narxlarni oshirish masalasi muhokama qilindi. Energoresurslar yetkazib beruvchilari qazib olish, ishlab chiqarish va sotishdagi zararlar oʻsib borayotgani sababli tariflarni oshirish zarurligi haqida maʼlum qilgan.

“Narxlarning qanday shaklda va qancha foizlarda oshirilishining dastlabki muhokamalari oʻtkazilmoqda. Kompaniyalar sezilarli oshirishga qiziqish bildirmoqda, mamlakat rahbariyati buni istamayapti va boshqa yoʻllarini topishni talab qilmoqda”, — dedi axborot manbasi.

Resurslar isteʼmoliga muayyan cheklovlarni joriy etish masalasi ham koʻrib chiqilmoqda. “Boshqa davlatlarda ijtimoiy meʼyorlar mavjud — sizda limit bor va uning doirasida arzon tariflarda toʻlaysiz, u oshganidan soʻng esa oshirilgan tariflar qoʻllaniladi. Hukumat oltin oraliqni topishga harakat qilmoqda. Biroq hozircha yakuniy qaror qabul qilingani yoʻq”, — dedi suhbatdosh.

“Narxlar katta ehtimol bilan oktyabr oʻrtasida, juda boʻlmaganda — oxirida oshiriladi”, — deya taxmin qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

Benzin va dizel yonilgʻisi

Izoh soʻrab “Oʻzneftmahsulot” kompaniyasiga murojaat qildi. Kompaniyadan neft mahsulotlari xarajatlari qoplanadigan darajaga erishish uchun chakana narxlar bosqichma-bosqich oshirilishi mumkinligi haqida xabar qilindi.

Avtobenzinning amaldagi narxi 2017 yil noyabrida bir litr uchun 3800 soʻm, dizel yonilgʻisi esa 4600 soʻm etib belgilangan edi. Oʻsha vaqtda jahon bozorida Brent markazi neft bir barreli uchun 58 dollarga baholangan. 2018 yil 28 sentyabr holatida ushbu markadagi neft narxi 80 dollarga yetdi, deya izoh berdi kompaniya vakili.

“Oʻzneftmahsulot” hisob-kitoblariga koʻra, amalda import qilingan xom ashyodan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlari narxlari quyidagichani tashkil etadi:

- Ai-80 avtobenzini — 6807,2 soʻm/litr (1 tonnadan koʻrilgan zarar — 3,99 mln soʻm);
- Ai-91 avtobenzini — 7248 soʻm/litr (1 tonnadan koʻrilgan zarar — 3,81 mln soʻm);
- TDL dizel yonilgʻisi — 7211,1 soʻm/litr (1 tonnadan koʻrilgan zarar — 3,172 mln soʻm);
- EKO dizel yonilgʻisi — 7252,3 soʻm/litr (1 tonnadan koʻrilgan zarar — 3,08 mln soʻm).

Import va mahalliy xom ashyo aralashmasidan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlari narxi quyidagicha:

- Ai-80 benzin — 4891 soʻm/litr (1 tonnadan koʻrilgan zarar — 1,44 mln soʻm);
- Ai-91 benzin — 5354 soʻm/litr (1 tonnadan koʻrilgan zarar — 1,36 mln soʻm);
- TDL dizel yonilgʻisi — 5278 soʻm/litr (1 tonnadan koʻrilgan zarar — 824,4 tыsyachi soʻm);
- EKO dizel yonilgʻisi — 7047 soʻm/litr (1 tonnadan koʻrilgan zarar — 2,83 mln soʻm).

“Oʻzneftmahsulot” vakili Oʻzbekistonda avtomobil yonilgʻisi narxlari MDHning boshqa mamlakatlari, hattoki eksport qiluvchi davlatlardagidan (Rossiya va Qozogʻiston) ham pastroq ekanini qoʻshimcha qildi. Oʻzbekistonda bir litr dizel yonilgʻisi narxi 0,57, Rossiyada — 0,71, Qozogʻistonda — 0,5, Qirgʻizistonda — 0,63, Tojikistonda — 0,83 dollar etib belgilangan. Bir litr avtobenzin narxi 0,47, Rossiyada — 0,59, Qozogʻistonda — 0,4, Qirgʻizistonda — 0,59, Tojikistonda — 0,81 dollarni tashkil etadi.

“Oʻzbekneftgaz” kompaniyasi tarqatgan xabarda soʻnggi 10 yil ichida import hajmi sezilarli darajada oshgani koʻrsatilgan. Neft mahsulotlari isteʼmolida suyuq uglevodorodlar importi 2008 yilgi 16,8 foizdan 2018 yilda 64,3 foizga, bu boradagi xarajatlar hajmi esa 2,6 barobarga oʻsib, 362 mln dollardan 940 mln dollarga yetdi.

2007 yildan 2017 yilgacha davrda benzin, dizel yonilgʻisi, aviakerosin, mazut va boshqa neft mahsulotlari isteʼmoli 1,7 barobarga yoki yiliga 4,9 million tonnadan 2,9 million tonnaga kamaygan.

Maʼlumotlariga koʻra, uglevodorod xom ashyosi kelishi kamayishi bilan neftni qayta ishlovchi zavodlar 34,5 foizlik imkoniyat bilan ishlamoqda. Bu koʻrsatkich Buxoroda 62,2 foiz, Fargʻonada 23,8 foizni tashkil etmoqda.

Gaz

“Oʻzbekneftgaz” maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 10 yilda kompaniya korxonalarining gaz qazib olish hajmi 1,4 barobarga yoki 2007 yildagi 59 mlrd kub metrdan 2017 yilda 42,3 mlrd kub metrga kamaydi. Neft qazib olish hajmi esa 3,8 barobarga yoki 3 mln tonnadan 0,8 mln tonnaga, gaz kondensati — 28 foizga yoki 1,8 mln tonnadan 1,4 mln tonnaga kamaydi.

Qazib olish hajmlarining kamayishiga asosan “Oʻzbekneftgaz"ning 35−40 yildan buyon xom ashyo bazasi hisoblangan «Koʻkdumaloq”, “Gazli”, Shoʻrtan guruhi, “Dengizkoʻl” konlari zaxiralarining kamayib borayotgani sabab boʻlmoqda. Gaz qazib olish tannarxi 2000 yildagi 1000 kub metr uchun 3,16 dollardan 2018 yilda 20 dollargacha qimmatlashdi. Bu geologik razvedka, eski konlarda qazib olishni qoʻllab-quvvatlash va yangi zaxiralarni foydalanishga topshirishga mablagʻ kiritish bilan bogʻliq.

Elektr energiyasi

“Oʻzbekneftgaz” alohida maqolada elektr energiyasini ishlab chiqarishda xarajatlar tabiiy gazga asoslanishini koʻrsatib oʻtdi. 2017 yilda mamlakatda 61 mlrd kVt∙s elektr energiyasi ishlab chiqarilgan boʻlsa, uning 48,8 mlrd kVt∙s yoki 80 foizi tabiiy gaz asosida. Buning uchun qazib olingan gazning 24,3 foizi yoki 15,2 mlrd kub metri sarflangan.

1 yanvar holatiga koʻra, “Oʻzbekenergo“ning investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun olingan kredit va qarzlar boʻyicha jami qarzdorligi 2 mlrd dollar yoki oʻz mablagʻlarining 114 foizini tashkil etadi. ««Uzbekenergo”ning moliyaviy holatidan kelib chiqib, 2018 yilda qoplanishi lozim boʻlgan kreditlarni oʻz vaqtida qaytarmaslik xavfi mavjud. Texnologik yoʻqotishlar ham salbiy rol oʻynamoqda. Uning asosiy qismi elektrostansiyalar uskunalarining eskirgani bilan bogʻliq”, — deyiladi xabarda.

Respublikadagi elektr energiyasining qariyb 90 foizi “Oʻzbekenergo” AJning issiqlik elektrstansiyalari tomonidan ishlab chiqarilishi, ularning asosiy qismi (84%) bundan 50 yildan ortiq vaqt avval ishga tushirilgani bois uskunalarning yuqori darajada jismonan eskirgani elektr energiyasini ishlab chiqarishning pasayishiga va uning taqchilligiga olib kelmoqda, shuningdek yonilgʻining koʻp sarflanishiga (zamonaviy texnologiyalarga qaraganda ikki barobar koʻp) va buning oqibatida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi tannarxining ortishiga sabab boʻlmoqda.

“Oʻzbekenergo” kompaniyasi, oʻz navbatida yonilgʻi-energetika resurslari qiymati elektr energiyasini ishlab chiqarishdagi asosiy xarajatlarni tashkil etishini maʼlum qildi. Bugungi kunda bu koʻrsatkich 43 foizga yaqinroqni tashkil etadi.

“Oʻzbekenergo” Oʻzbekistonda elektr energiyasi tariflari yaqin va uzoq xorij mamlakatlaridagiga qaraganda pastroq ekanini maʼlum qildi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, 1 kVt∙s elektr energiyasi Qozogʻistonda 5,1 sentni, Rossiyada — 5,8, Hindistonda — 5, Xitoyda — 5,6, Yevroittifoq mamlakatlarida — 9−14 yevrotsent, Oʻzbekistonda — 2,8 sentni tashkil etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oʻzbekistonda energoresurslar narxi qimmatlashadi..(mi?)