15:35 / 28.03.2019
4 270

Elektr energiyasi sohasida uzoq kutilgan islohot boshlandi

Elektr energiyasi sohasida uzoq kutilgan islohot boshlandi
27 mart kuni Oʻzbekiston prezidenti energetika sohasida uzoq kutilgan islohotlarga huquqiy asos yaratadigan qarorni imzoladi.

Hujjatga koʻra elektr energiyasi sohasida yakka monopolist boʻlgan “Oʻzbekenergo” AJ uch qismga ajratiladi:

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati. Elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari elektrmarkazlarini boshqaradi.
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati. Mamlakatdagi magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish va boshqarish, ushbu tarmoqlar orqali elektr energiyasini yetkazib berish, elektr energiyasini eksport va import qilish, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilardan olib, hududiy elektr tarmoqlariga sotilishini taʼminlaydi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati. Elektr energiyasini “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”dan olib, oxirgi isteʼmolchi – aholiga sotadi. Aholida elektr bilan bogʻliq muammo boʻlsa, mana shu jamiyat hal qilishi kerak.

Bu islohotlar nega muhim?
Monopolist “Oʻzbekenergo” ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi va aholiga sotuvchi uchta alohida-alohida jamiyatga boʻlindi.

Avvalgi tizimda raqobat va xususiy biznes yoʻq edi. Ishlab chiqarish, yetkazib berish, aholiga sotish faqat bitta tizimda edi. “Oʻzbekenergo”ning oʻzi elektr energiyasini ishlab chiqarardi, oʻzi yetkazardi, oʻzi sotardi. Raqobat muhiti mavjud emasdi.

Oqibatda: choʻntak bitta boʻlgani uchun oʻzi xohlagan narxni qoʻyardi, raqobat boʻlmagani uchun sohani rivojlantirishga kuchli stimul yoʻq edi, ishlab chiqaruvchi ham, yetkazib beruvchi ham, ijrochi ham, nazoratchi ham bitta boʻlgani bois elektr energiyasini oʻgʻirlash oson edi, nazorat esa samarali emasdi.

Bu sohadagi samarasiz boshqaruv natijasida “Oʻzbekenergo”ning oʻzi achinarli ahvolga kelgan. Kompaniyaning qarzi 2 mlrd dollarga yetdi. Issiqlik elektr stansiyalarining 84 foizi 50 yil avval ishga tushirilgan. Bu stansiyalar zamonaviy jihozlangan stansiyalarga nisbatan ikki barobar koʻp issiqlik energiyasi sarflaydi. 20 foizdan ortiq elektr energiyasi eskirgan elektr tarmoqlarida yoʻq boʻlib ketadi. Yoʻqotilgan energiya esa yo kompaniya qarziga qarz qoʻshadi, yo oxirgi isteʼmolchining yelkasiga tushadi.

Yangi yoʻlga qoʻyilgan tizimda uchta choʻntak boʻladi. Har bir choʻntak egasi oʻzinikini boyitishga urinadi va ular oʻrtasida oʻzaro nazorat va raqobat paydo boʻladi. Masalan, oxirgi taqsimlovchi elektrni oʻgʻirlasa, oʻzining choʻntagiga zarar, uning uchun elektr ishlab chiqaruvchi korxona toʻlamaydi. Elektr ishlab chiqaruvchi korxona oʻz-oʻzini rivojlantirmasa, ishini samarali tashkil qilib, arzon va sifatli energiya yetkazib bermasa, choʻntagiga zarar, isteʼmolchi toʻlamaydi.

Elektr energiyasi sohasida davlat-xususiy hamkorligini yoʻlga qoʻyish mumkin. Elektr ishlab chiqarish va isteʼmolchiga taqsimlashni xususiy sektorga berish imkoni vujudga keladi. Bu esa turli distribyuterlar yoki ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida, ular xoh davlatniki, xoh xususiy boʻlsin, raqobatni paydo qiladi. Masalan, yetkazib beruvchi elektr energiyasini samarali va arzon sotuvchi korxona bilan hamkorlik qiladi. Oxirgi isteʼmolchi ham arzonroq va sifatliroq energiya yetkazib beradigan distribyuterga boradi.

Uch choʻntak bir-birini nazorat qiladi. Masalan, yetkazib beruvchi toʻlovni oxirgi isteʼmolchidan emas, distribyuterdan talab qiladi. Distribyuter esa yetkazib beruvchi oldidagi qarzini toʻlashi kerak. Elektr energiyasini shunchaki oʻgʻirlab, kimningdir hisoblagichini orqaga aylantirib berishning iloji boʻlmaydi. Chunki pul tushumi kamayadi. Tushum kamaysa, qarzini toʻlolmaydi. Qarzini toʻlolmasa, yetkazib beruvchi boshqa distribyuter qidiradi.

Islohot avvalambor energotariflarga taʼsir qilishi kutilmoqda, yaʼni oddiy isteʼmolchi uchun elektr narxlari pasayishi kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Elektr energiyasi sohasida uzoq kutilgan islohot boshlandi