date
views 4 011

Oʻzbekiston Xitoyga yeryongʻoq eksportini yoʻlga qoʻyadi

Oʻzbekiston Xitoyga yeryongʻoq eksportini yoʻlga qoʻyadi
Oʻzbekiston Xitoyga yeryongʻoq eksport qilish boʻyicha kelishuvga erishdi. Kelishuv Xitoyning Shanxay shahrida oʻtkazilayotgan Xalqaro import mahsulotlari koʻrgazmasida imzolandi. Bu haqda “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur koʻrgazmada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda. Ushbu koʻrgazma doirasida oʻtkazilgan muzokaralar natijasida joriy yilning 5-noyabr kuni Oʻzbekiston va Xitoy karantin xizmatlari oʻrtasida Xitoyga yeryongʻoq eksport qilishga doir kelishuv imzolandi.

Mazkur kelishuvda yeryongʻoqni eksport qiluvchi tadbirkorlar uchun quyidagi asosiy talablar belgilangan:

- yeryongʻoq yetishtiriladigan dalalar, uni qadoqlash sexlari, saqlash omborxonalari Xitoy va Oʻzbekiston karantin xizmatlarining birgalikdagi roʻyxatidan oʻtkazilishi;

- yeryongʻoq noʻxat donxoʻri, omborxona zararli kuyasi, tegirmon parvonasi, omborxona uzunburuni, barg kanasi, qora mogʻor kasalligi kabi zararkunandalardan holi boʻlishi;

- mahsulot tuproqdan holi hamda begona oʻt, urugʻlar, oʻsimlik qoldiqlari va qum yoki shagʻal bilan aralashtirilmagan boʻlishi;

- yeryongʻoq yetishtiriladigan dala Oʻzbekistonning oʻsimliklar karantini inspektorining doimiy nazoratida boʻlishi, mahsulotni qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va tashish inspektor nazorati ostida amalga oshirilishi;

- mahsulot qadogʻi toza, gigiyenik, havo oʻtkazadigan va yangi materiallardan iborat boʻlishi;

- har bir qadoqda aniq qilib, xitoy yoki ingliz tilida “This consignment is exported to the Peopleʻs Republic of China” deb yozilib, mahsulot nomi, uni yetishtirgan, ishlab chiqargan, qayta ishlagan va saqlagan korxonaning nomi va roʻyxatga olish raqami kabi maʼlumotlar koʻrsatilish.

Belgilangan talablarga rioya etilmagan holda, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar chegara punktlaridan qaytarilishi mumkin.

Talablarga javob beruvchi dala, qadoqlash sexlari va saqlash omborlari egalari eksportchilar roʻyxatidan joy olish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasiga murojaat qilishi mumkin.

Joriy yilning 1—2-noyabr kunlari Xitoy respublikasi davlat kengashi bosh vaziri Li Ketsyanning Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida Oʻzbekistondan Xitoyga yangi uzilgan anorni eksport qilish hamda mahsulotlarni avtotransportda uchinchi mamlakat hududidan tranzit orqali Xitoyga eksport qilish boʻyicha kelishuvlar imzolangan edi.

Shu asosda, eksportyorlar endilikda yeryongʻoqni ham Qozogʻistondan “Xargos” va “Alashankou”, Qirgʻizistondan “Irkeshtam” va “Turgart” chegara oʻtkazish punktlari orqali Xitoyga avtotransportda olib oʻtish mumkin.

Maʼlumot uchun, hozirgi kunga qadar Oʻzbekistondan Xitoyga 13 turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotini eksport qilishga ruxsat olingan. Ayni paytda qoʻshimcha ravishda 11 turdagi mahsulot eksportiga ruxsat olish boʻyicha muzokaralar davom etmoqda.

Uzum, limon, olxoʻri, shaftoli, oʻrik, loviya, tariq, shuningdek, quritilgan mahsulotlardan achchiq qalampir, olcha, olxoʻri, qovun eksporti uchun ruxsat olinishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oʻzbekiston Xitoyga yeryongʻoq eksportini yoʻlga qoʻyadi