11:32 / 29.08.2020
3 192

Navoiyda yo‘qotilgan telefon sabab kelib chiqqan janjalda 20 yoshli fuqaro tanishini pichoqlab o‘ldirdi

Navoiyda yo‘qotilgan telefon sabab kelib chiqqan janjalda 20 yoshli fuqaro tanishini pichoqlab o‘ldirdi
Navoiy shahrida yo‘qotilgan telefon sabab kelib chiqqan janjalda 20 yoshli fuqaro 24 yoshli tanishining qotiliga aylandi. Bu haqda «Daryo»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari O‘ktam Usmonov xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yilning 15 avgust kuni Navoiy shahrida yashovchi Nodir, Rustam, Sherzod va Hasan 20 yoshli tanishi Zuhriddinning (barcha ismlar o‘zgartirilgan) ijaraga olingan uyida to‘planib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Bazm tugagach, ular tungi soat 02:30 da uyiga tarqalish uchun ko‘chaga chiqqan. Shunda Sherzod telefoni yo‘qolganini payqab, uni izlashga tushgan.

24 yoshli Sherzod qo‘l telefonini axlat qutisidan topishiga qaramasdan, bunda tanishi Zuhriddinni ayblab, u bilan tortishgan. Natijada mast tanishlar o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Spirtli ichimlik ta’sirida Zuhriddin yonida bo‘lgan oshxona pichog‘ini tanishi Sherzodning ko‘krak sohasiga sanchgan.

«Ularni kuzatishga chiqqanimda taksi kutishayotgan ekan. Men Sherzod o‘tirgan taksiga o‘tirganimda u meni ura boshladi. O‘zimni boshqarolmay qoldim. Cho‘ntagimda oshxona pichog‘i bor edi. Pichoqni qanday olib, uning ko‘kragiga sanchganimni sezmay qoldim. O‘zim otasiz o‘sganim yetmagandek yana bir norasidaning otasiz o‘sishiga sababchi bo‘ldim», — deydi 20 yoshli Zuhriddin tergov jarayonida.

Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Navoiy filiali shifokorlariga ko‘ra, 24 yoshli Sherzod ko‘krak qafasi o‘ng yarmiga pichoq sanchilishi oqibatida kesilgan jarohati, pastki kovak venasi va yurak o‘ng qorinchasi jarohatlanishi, yurak tamponadasi, o‘ng o‘pka o‘rta bo‘lagi jarohatlanishi oqibatida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 20 yoshli Zuhriddinga Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Navoiy shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Navoiyda yo‘qotilgan telefon sabab kelib chiqqan janjalda 20 yoshli fuqaro tanishini pichoqlab o‘ldirdi