10:30 / 01.10.2020
2 306

O‘zbekistonda oktabr oyida qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda oktabr oyida qanday ob-havo kutilmoqda?
Oktabr oyining dastlabki 5 kunida butun O‘zbekiston bo‘yicha ob-havo kam bulutli va yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda, deb yozmoqda «O‘zgidromet». Harorat kechasi 5-10 daraja, kunduzi 20-25 daraja bo‘ladi.

Qayd etilishicha, oktabr oyi ham harorat rejimi, ham yog‘inlar miqdori bo‘yicha o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda, biroq ayrim joylarda yog‘ingarchilik me’yordan ortiq bo‘lishi mumkin.

Iqlimiy me’yorlarga ko‘ra, oktabrda O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida 3 dan 5 gacha, qolgan hududlarda 5 dan 7 gacha yog‘ingarchilikli kunlar bo‘ladi. Yog‘inlar asosan yomg‘ir ko‘rinishida, harorat keskin soviganda yomg‘irning qorga qisqa muddatli aylanishi ehtimoli bor. Toshkentda so‘nggi marta 2018 yilda yomg‘irning qorga aylanishi qayd etilgan.

O‘rtacha ko‘p yillik tungi harorat 6-11 daraja iliqni tashkil qilsa-da, biroq ko‘pincha oktabrda, ayniqsa, uning ikkinchi yarmida ilk kuzgi ayoz kuzatiladi.

Oktabrda kunduzgi harorat 23-28 darajadan 10-15 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Biroq, sinoptiklarning ta’kidlashicha, tabiat «o‘zini ko‘rsatadi» va ba’zan amaldagi harorat va yog‘inlar miqdori ko‘p yillik davr uchun o‘rtachalashtirilgan qiymatlardan ancha farq qilishi mumkin.

Toshkentda, masalan, meteorologik kuzatuvlarning yuz yillik tarixida ayrim yillarda oktabrdagi eng yuqori harorat 33-36 daraja issiqni tashkil qilgani qayd etilgan. Oktabr haroratining absolyut maksimumi 37,5 daraja bo‘lib, bu rekord 1941 yilga tegishlidir.

Toshkent uchun oktabr oyidagi eng past harorat 11,2 daraja sovuqni tashkil qiladi va bu ko‘rsatkich ancha oldin — o‘tgan asrning boshida qayd etilgan. Oxirgi 20 yil ichida Toshkentdagi minimal harorat 1-2 daraja sovuqdan past bo‘lmagan.

2015 yil oktabrida poytaxtimizda eng ko‘p yog‘ingarchilik bo‘lgani qayd etilgan. O‘shanda yog‘gan yog‘inlar miqdori oktabr oyi me’yoridan 3,5 marta ko‘p bo‘lgan. 2002 yil oktabrida esa Toshkentda umuman yog‘ingarchilik kuzatilmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)