14:18 / 12.12.2020
4 434

2021 yil 1 apreldan boshlab fuqarolardan qator ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlanishi mumkin

2021 yil 1 apreldan boshlab fuqarolardan qator ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlanishi mumkin
Adliya vazirligi «Aholi va tadbirkorlarga yengilliklar yaratish hamda byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Farmon loyihasiga ko‘ra, 2021 yil 1 apreldan boshlab davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, davlat muassasalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jismoniy shaxslardan:

a) quyidagi faktlarni tasdiqlovchi:
- ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
- narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
- sudlanganlik;
- manzil-ma’lumot axboroti;
- fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy borligi yoki yo‘qligi;
- turar joyning maydoni;
- soliq qarzi bor yoki yo‘qligi;
- soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi;
- pensiya va nafaqa miqdori;
- pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
- nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi to‘g‘risidagi;

b) quyidagi hujjatlarni:
- shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
- shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;
- tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma’lumotnomalari;
- kadastr hujjatlari va ularning nusxalari;
- mehnat daftarchalari va ularning nusxalari;
- ish haqi va ish stajini, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomalarini talab qilish bekor qilinadi.

Bunda, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, davlat muassasalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish va boshqa ma’muriy tartib-taomillardan o‘tish, shuningdek, ishga qabul qilish jarayonida mazkur bandda belgilangan hujjat yoki ma’lumotlarni olish zarurati mavjud bo‘lganda, ularni ma’lumotlarni berish uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan, «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.

Ko‘rsatilgan hujjat yoki ma’lumotlarning davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, davlat muassasalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jismoniy shaxslardan talab qilinishi davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish deb hisoblanadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » 2021 yil 1 apreldan boshlab fuqarolardan qator ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlanishi mumkin