12:08 / 29.07.2021
1 161

AQSH O‘zbekistondagi bog‘chalar uchun 21 mln dollar ajratadi

AQSH O‘zbekistondagi bog‘chalar uchun 21 mln dollar ajratadi

Foto: AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi
27 iyul kuni O‘zbekiston—Mercy Corps tashkiloti AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA) mablag‘ bilan ta’minlovchi «O‘zbekistonda ta’lim va bolalar uchun oziq-ovqat Makgovern-Doul xalqaro dasturi» doirasida Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasiga tayanib «Gazeta.uz» xabar berdi.

«Budjeti 21,5 million dollarga teng ushbu dastur 400 dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasasini oziq-ovqat bilan ta’minlaydi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 245 ta qishloq va kam ta’minlangan maktabgacha ta’lim muassasasidagi 90 ming nafar bola uchun ovqatlanish va ta’lim olishni takomillashtirish uchun qo‘shimcha infratuzilmani rivojlantirishni ko‘zda tutadi», — deyiladi elchixona xabarida.

Mazkur mablag‘ maktabgacha ta’lim muassasalarini kundalik oziq-ovqat bilan ta’minlash, savodxonlik darajasini oshirish, o‘qituvchilar va tibbiyot hamshiralarini o‘qitish, maktabgacha ta’lim muassasalari, jumladan, sinf xonalari, oshxona va jamoat hojatxonalarini ta’mirlash uchun yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Dastur 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun sifatli ta’lim olishni kengaytirish bo‘yicha hukumatning ta’lim sektoriga oid rejasini (2019—2023 yillar uchun) qo‘llab-quvvatlaydi.

To‘liq maktabgacha ta’limni olish maqsadida bolalar jismoniy va aqliy rivojlanishini ta’minlash uchun bu dastur, shuningdek, ovqatlanish, salomatlik va gigiyenaning ilg‘or usullari haqida hamda maktabgacha ta’lim muassasalarida taomlarni xavfsiz tayyorlash haqida xabardorlikni oshirishni ham o‘z ichiga oladi.

«Bu, ayniqsa, COVID-19 O‘zbekiston va butun dunyoda bolalarning ta’lim olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir paytda juda muhimdir. Maktabgacha ta’lim muassasalarida yuqumli kasalliklar tarqalishini bartaraf etish uchun ushbu dastur sanitariya va gigiyena holatlarini yaxshilash hamda tegishli andaza va amaliyotlarni qo‘llash bo‘yicha o‘qituvchilar, tibbiyot hamshiralari va oshpazlarni o‘qitishni ko‘zda tutadi», — deyiladi xabarda.

AQSH elchixonasi vakillarining ta’kidlashicha, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning to‘laqonli ovqatlanishi ota-onalar uchun o‘z bolalarini maktabgacha ta’lim muassasalariga qayta yuborish uchun eng samarali rag‘batlantiruvchi omillardan biri hisoblanadi.

«Dunyodagi barcha bolalar qatorida O‘zbekistondagi bolajonlarga ham davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi salbiy ta’sir qilmoqda. Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligining bu boradagi hamkorlikka qo‘shilishi salomatlik va sanitariya holatini yanada yaxshilashga imkon beradi. Birgalikda harakat qilib, biz maktabgacha yoshdagi bolalarning sog‘lom va xavfsiz bo‘lishlarini ta’minlashimiz mumkin», — deya qayd etadi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum.

«Kichik yoshdan savodxonlik asoslarini o‘rganish kelajakda akademik va kasbiy muvaffaqiyatga erishish ehtimolini oshiradi. Bolalarni uyda va maktabgacha ta’lim dasturlari doirasida erta rivojlantirish bo‘yicha kompleks tadbirlar umrbod ularni o‘qishdagi muvaffaqiyatga tayyorlashi mumkin», — deyiladi AQSH elchixonasi bayonotida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » O‘zbekiston » AQSH O‘zbekistondagi bog‘chalar uchun 21 mln dollar ajratadi
[/banner_pushhouse