23:00 / 09.08.2021
3 215

Ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha jarimalar miqdori kamaytirilmoqda


Adliya vazirligi tomonidan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning beshta moddasidagi ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarimalarni keskin kamaytirish nazarda tutilmoqda.
Xususan:
— muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi uchun jarima miqdori ikki baravarga kamaytirilmoqda (amalda 245 ming so‘m, endilikda 122,5 ming so‘m etib taklif etilmoqda);

— transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik uchun jarima fuqarolar uchun ikki baravarga (amalda 245 ming so‘m, endilikda 122,5 ming so‘m etib taklif etilmoqda), mansabdor shaxslarga esa uchdan bir qismga (amalda 735 ming so‘m, endilikda 490 ming so‘m etib taklif etilmoqda) kamaytirilmoqda;

— fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazish uchun jarima miqdori BHMning o‘n baravaridan (2 mln 450 ming so‘m) yigirma baravarigacha (4 mln 900 ming so‘m) bo‘lgan miqdor oralig‘ida belgilanmoqda (amalda qat’iy miqdorda – 4 mln 900 ming so‘m etib belgilangan);

— buxgalteriya hisobi va hisoboti tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan jarimalar miqdori deyarli ikki baravarga kamaytirilmoqda (amalda 1 mln 200 ming so‘mdan 2 mln 400 ming so‘mgacha, endilikda 735 ming so‘mdan 1 mln 700 ming so‘mgacha, bir yil ichida qayta sodir etilganda amalda 2 mln 400 ming so‘mdan 4 mln 900 ming so‘mgacha, endilikda 1 mln 700 ming so‘mdan 2 mln 400 ming so‘mgacha etib belgilash taklif etilmoqda);

— yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganlik uchun jarima miqdori uch baravarga kamaytirilmoqda (amalda fuqarolar uchun 4 mln 900 ming co‘mdan 24 mln 500 ming so‘mgacha, endilikda 1 mln 700 ming so‘m etib, mansabdor shaxslar uchun 12 mln 200 ming so‘mdan 36 mln 700 ming so‘mgacha bo‘lsa, endilikda 7 mln 300 ming so‘m etib belgilash taklif etilmoqda);

— pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori ikki baravardan ham ko‘proqqa kamaytirilmoqda (223-modda);

— O‘zbekiston fuqarosi pasport olmaganligi yoki uning shikastlanishi, yo‘qolganligi, shuningdek, chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekistonda yashash guvohnomasi bo‘lmaganligi, yashash guvohnomasining shikastlangani yoki yo‘qolganligi uchun amaldagi 122 ming so‘mdan 735 ming so‘mgacha bo‘lgan jarima miqdori 81,6 ming so‘mdan 245 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorgacha etib belgilash taklif qilinmoqda;

— Fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan, vaqtincha yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolarni turar-joy binolarida yashashga ruxsat berganlik uchun amaldagi 2 mln 400 ming so‘mdan 735 ming so‘mgacha etib belgilash taklif qilinmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha jarimalar miqdori kamaytirilmoqda