14:37 / 01.05.2022
1 139

"Nasaf" sardori Umar Eshmurodovning OCHLda ko‘rgan-kechirganlari

"Nasaf" sardori Umar Eshmurodovning OCHLda ko‘rgan-kechirganlari
“Nasaf” klubi Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli qatnashib ilk bor guruhdan keyingi bosqichga chiqish vazifasini uddalay oldi va bu borada barchamizni quvontirdi. Shu bois qarshiliklarni har qancha tabriklasak bo‘laveradi.

Jamoaning har bir a’zosi buning uchun munosib kurash olib bordi. “Nasaf” sardori Umar Eshmurodov o‘ziga bildirilgan vazifani a’lo darajada bajardi. Ayni chog‘da Superliga doirasida “Qo‘qon-1912” jamoasiga qarshi o‘yin uchun tayyorlanayotgan Eshmurodov OCHLdagi ko‘rgan-kechirganlari xususida gapirdi.

“Barchasi jiddiy raqiblar edi”
- O‘ylaymanki, guruhda yaxshi o‘yinlarni o‘tkaza oldik. Ko‘rganingizdek, barchasi kuchli va jiddiy raqiblar edi. Biz ham puxta tayyorlangandik, chunki oson uchrashuvlar bo‘lmasligini yaxshi tushunib turgandik. Xudoga shukr, guruhdan eson-omon o‘tib oldik. Keyingi bosqich uchrashuvlari kelasi yilning fevral oyida o‘tkaziladi. Endi bu yog‘iga o‘zimizni chempionat va Kubok o‘yinlariga e’tiborimizni qaratamiz. Dastlabki vazifamiz guruhdan chiqish edi, bu niyatimizga erishdik.

“Al-Sadd”ga qarshi bahs og‘ir bo‘ldi”
- Guruhdagi barcha bellashuvlar qiyin bo‘ldi. Nega deganda, o‘rtada faqat 2-3 kun vaqt bo‘ldi xolos. O‘yinlar mana shunday tig‘iz grafik asosida o‘tkazildi. Mening fikrimcha, uchrashuvlar orasida eng qiyini “Al-Sadd”ga qarshi bahs bo‘ldi. Ayniqsa, 3:1 hisobida yutgan bo‘lishimizga qaramay, mazkur bellashuv ancha og‘ir kechdi. Chunki yutishimiz uchun juda ko‘p yugurdik. Buni o‘zimda ham sezdim. Boshqa o‘yinlarga qaraganda, shu kuni ancha yugurganimiz bilindi. Bu uchrashuvda yutqazsak yoki durang o‘ynasak imkoniyatimiz pasayib ketardi. “Al-Sadd”ni mag‘lub etganimizdan keyin shuni sezdimki, o‘zimda ham, boshqalarda ham charchoq alomatlari ko‘proq edi.

“Butun jamoa bilan hamjihatlikda o‘ynadik”
- Guruhdan chiqishimiz uchun 100 foiz deya olmasam-da, baribir ishonchimiz bor edi. Lekin musobaqadan oldin o‘zimga-o‘zim ham aniq chiqamiz deb aytmaganman. Shunga qaramay, oxirigacha maqsadimiz yo‘lida jiddiy kurashishimizni bilardim. Guruhdan chiqsak bo‘ladi, deya jamoadoshlarimga ham aytganman. Shuning uchun butun jamoa bilan hamjihatlikda o‘ynadik.

“Bizni qoniqtirmayotgan natija bo‘lganida o‘yinimizga qo‘shardik”
- “Al-Sadd”ni mag‘lubiyatga uchratganimizdan keyin guruhdan chiqishimizga to‘liq ishona boshladik. Guruhdagi so‘nggi turda oxirgi qadamni qo‘yish kerak edi. Durang qayd etgan bo‘lsak ham oxirgi qadamni qo‘ya oldik. Agarda o‘shanda yutishimiz shart bo‘lganida o‘yinimizga yana qo‘shardik. Ruhiy tarafdan vaziyat shunaqa bo‘lib qoldi. Biz yirik hisobda yutqazmasak keyingi bosqichga chiqishimizni bilib turgandik. Shu bois bu holat tabiiyki, ruhiy tomondan ta’sir qilishi mumkin edi. Mabodo, bizni qoniqtirmayotgan natija qayd etilayotganida charchagan bo‘lishimizga qaramasdan o‘yinimizni yanada kuchaytirgan bo‘lardik.

“Qayergacha borishimiz taqdirdan”
- Hech qachon o‘yindan oldin bu raqibni yutamiz, deb katta gapirmaganmiz. Bu yog‘iga ham 100 foiz kuchimizni berib harakat qilamiz. Qayergacha borishimiz taqdirdan. Ammo shuni aniq ayta olamanki, jamoamiz bilan oxirigacha kurashamiz va borimizni beramiz.

“Al-Shabab” ham “Al-Sadd” saviyasidagi jamoa”
- To‘g‘risi, hali “Al-Shabab”ning o‘yinini ko‘rganim yo‘q. Chunki bu bahs fevralda bo‘lib o‘tadi. Hali vaqtimiz ko‘p. Ungacha transfer oynasida ularning tarkibi ham o‘zgarishi mumkin. Moliyaviy tomondan jamoasi yaxshi holatda. Shu bois hozir ko‘rgan narsamiz keyinchalik o‘zgarib ketishi hech gap emas. “Al-Shabab”ni ham yaxshi jamoa deb eshitdim, saviyali legionerlari bor ekan. Guruhda ham ular yaxshi qatnashishdi. O‘ylashimcha, “Al-Sadd” saviyasidagi jamoa bo‘lsa kerak.

“Tarkibni kuchaytiraverish kerak”
- Tarkibimizni baribir kuchaytiraverish kerak. OCHLda jiddiy raqiblar bor. Klubimiz qo‘ldan kelganicha harakat qiladi. O‘zimizdan ham iqtidorli yoshlar yetishib chiqyapti. Agar tarkibni kuchaytirish imkoni bo‘lsa, biznikilar qarab turishmaydi. Lekin 5-6 nafar futbolchi olish kerak demayman, nari borsa, 1-2 ta tajribali o‘yinchilarni qo‘shib olsa yetadi va barchasi tayyorgarlikka yarasha bo‘ladi.

“Endi Superligaga jiddiy qaraymiz”
- Superliga o‘yinlariga xuddi Osiyo Chempionlar ligasi bahslariga ko‘rgan tayyorgarligimiz kabi tayyorlanyapmiz. Safardan qaytgach, bir kun dam oldik. Oldimizda endi chempionat bilan Kubok o‘yinlari bor va jiddiy hozirlik ko‘raveramiz. Hozirgi holatda ham jismoniy tomondan juda toliqib ketdik deya olmayman, barchasi joyida.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" sardori Umar Eshmurodovning OCHLda ko‘rgan-kechirganlari