Ortda qolgan 6 turdan so‘ng do‘ppini qo‘lga olib, o‘ylab ko‘rish imkoni paydo bo‘ldi. Xo‘sh, chempionat starti, jamoaviy o‘yin, zaxiradagilar darajasi va muxlislar armiyasidan kelib chiqib fikrlasak, Superliga oltin medallarini qaysi klub qo‘lga kiritishi mumkin? O‘rinli savol-a? Bugun, shu mavzuga atroflicha to‘xtalamiz. Fikri ojizimcha joriy mavsumda chempionlik uchun 6 jamoa kurash olib borishi mumkin. Hozir ularning 3 tasi bilan tanishamiz! Maqola juda katta bo‘lib ketmasligi uchun ikki qismga bo‘lgan holda e’tiboringizga havola qilindi.
1-qism
"Navbahor" - parvozga shaylangan lochin;
Chempionlik imkoniyati: 15 foiz;
Asosiy quroli: Keng zaxira o‘rindig‘i.
Samvel Babayan kelgach, klub muxlislari katta voqealar sodir bo‘lishini taxmin qila boshladi. Chempionat starti ham "lochinlar" uchun qulay keldi, ammo Toshkentda "Paxtakor"dan uchralgan mag‘lubiyat barchani biroz sergaklantirdi. Keyin, "Sug‘diyona" Namanganda xarakter ko‘rsatib, 3 ochko bilan ortga qaytdi. Oqibatda, jamoaga bo‘lgan norozilik ortdi. Shundan so‘ng, chempionat peshqadami "Qizulqum"dan mehmonda 3 ochko tortib olindi. Anchagina nostabil natijalar, lekin bugungi "Navbahor"ning bunga haqqi bor. Asosiy tarkibdagi yigitlarning deyarli 90 foizi yangi jamoa safida to‘p tepmoqda.
Yangi iqlim, yangi uslub va yangi klub. Har qanday yangi tuzilgan jamoani startdayoq super o‘yin ko‘rsatmaslikka haqqi bor. Har holda, ilk 6 turda jamg‘arilgan ochkolardan kelib chiqsak, namanganliklar o‘zining minimum vazifasini yaxshi uddalayotgani ma’lum bo‘ladi. Aslida, klub rahbarlari Samvel Babayanni jamoaga "Navbahor" DNKsini rivojlantirish maqsadida taklif qilgan. Buni amalga oshirish oson emas. Klopp, Gvardiola singari top darajadagi mutaxassislar ham 4-5 yil sarflabgina yaxlit mexanizmga aylangan jamoani shakllantirdi. Shota Arveladzega ham kuchsizroq chempionatda barqaror "Paxtakor"ni shakllantirishiga 3 yil ketganini ko‘rdik. Shunday ekan, 3 oyda "lochinlar"dan 100 foizlik natija talab qilish noo‘rin. Hozirgi "Navbahor" tarkib va moliyaviy holatdan kelib chiqsak, O‘zbekistondagi eng barqaror klub. U bu qulayliklardan to‘liq foydalanishi uchun biroz vaqt kerak.
Asosiy savol ham shu, aslida. Bu vaqtni Babayanga rahbariyat taqdim eta oladimi? Agar imkon berilsa, ikkinchi davrada "Navbahor" ancha yaxlitlashgan holda, ochko jamg‘arishda oldinlab ketishi mumkin. Turnir startidagi boy berilgan ochkolar esa, hal qiluvchi turdagi g‘alabalar sababli yopilib ketishi mumkin.
AGMK - nishonga tegmagan o‘q;
Chempionlik uchun imkoniyati: 10 foiz;
Kuchli tomoni: Jismoniy tayyorgarlik.
Mirjalol Qosimovning AGMKsi o‘z uslubidan chekinmagan holda, joriy mavsumni ham ehtiyotkorlikka asoslangan "ekonom" futbol namoyish etmoqda. Ilk turlarda kutilmaganda, boy berilgan ochkolar sababli jamoa hozir kuchli to‘rtlikda yo‘q, ammo ularni hisobdan chiqarishga hali erta. "Konchilar" tarkib jihatdan qolganlardan qolishmaydi. So‘nggi yillarda olmaliqliklar daraja jihatidan o‘sishga erisha oldi. OCHLda ishtirok etdi, O‘zbekiston Kubogida zafar quchdi. Umuman olganda, yurtimizda "Paxtakor"dan keyingi kuchga aylanishni uddaladi. Ammo hozir hammasi o‘zgargan. "Navbahor", "Qizilqum", "Sug‘diyona" grandlarga ochiqchasiga kurash taklif etmoqda.
Katta ehtimol bilan, Qosimov uchun ichki birinchilikdagi chinakam bahs endi boshlanmoqda. Hozir AGMKda muammolar yo‘q, shunchaki omadsiz start fonida jamoa kuchsizlashgandek ko‘rinyapti. Agar qoldirilgan o‘yinda "konchilar" 3 ochkoni qo‘lga kiritsa, avtomatik ravishda 4-pog‘onaga ko‘tarilishi mumkin. Shu o‘rinda, bu mavsum oldidan jamoa tomonidan tarkibga qo‘shib olingan futbolchilar kutilgan effektni bermaganini alohida e’tirof etish lozim. Alisher Jalilov va Siyavush Haqnazariy transferi ko‘plab savollarni ochiq qoldirishga majbur qildi.
Qosimov jamoalarida maydon markazini boshqaradigan futbolchilar katta hajmdagi ishni bajaradi. Birgina Jokichning yo‘qligi hozirgi AGMK o‘yinida katta muammolarni paydo qilmoqda. Uning o‘rnini to‘ldirishi kerak bo‘lgan fors yigitlar barchasini uddalayapti, deb bo‘lmaydi. Alisher Jalilov Superligamiz darajasidagi ijrochi bo‘lsa, Haqnazariy moslashuv jarayonini boshidan o‘tkazmoqda. Aynan ularning markaziy "zona"dagi xatolari sababli jamoa "Lokomotiv"ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatga uchraganini tahliliy maqola yordamida "isbotlab bergan edik".
Ularni Mirjalol Qo‘shoqovich o‘z uslubiga to‘liq moslab olgach, natijalar o‘zgarishi aniq. To‘g‘ri, chempionlik uchun imkoniyat qolganlarnikidan biroz kamroq bo‘lishi mumkin, ammo AGMK istalgan jamoasidan ochko tortib oladigan darajada havfli raqib. Yakunda, qanday "kartina" guvohi bo‘lishimiz esa, jamoaning o‘ziga bog‘liq. Olmaliqliklar futbolimizdagi asosiy kuch - "Paxtakor"ning ancha zaiflashganidan unumli foydalanishi mumkin. Buning uchun avvalgi AGMKni ozgina kuchliroq "versiya"sini namoyish etish kifoya. Asosiysi, jamoada potensial bor. Undan qanday foydalanish "konchilar"ning o‘ziga bog‘liq.
"Paxtakor" - yaralangan sher
Chempionlik uchun imkoniyat: 20 foiz;
Asosiy quroli: Tayyor o‘yin mexanizmi.
Osiyo Chempionlar ligasi bugungi "Paxtakor"ga ko‘zgu tutib berdi. Xadjiyev-Larin tandemiyu, Slavche Voyneski "effekti"gacha! To‘g‘ri, ichki birinchilikda bu kamchiliklar ko‘zga tashlangani yo‘q, ammo xalqaro maydondagi raqiblar "sherlar"ni xatolari uchun kechirib o‘tirmadi. Faqat, so‘nggi o‘yindagi yoshlar biroz xursand qildi. Qolgan barcha jihatlarda poytaxt klubi maqtana olmaydi. Shunga qaramay, ichki birinchilikda aynan ular g‘oliblik uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. "Paxtakor" boshqa raqiblaridan farqli o‘laroq, yaxshi start oldi, "Neftchi" va "Navbahor"ni yengdi, bir kishi kam bo‘lib qolishiga qaramay, "Olimpik" bilan durang o‘ynadi. Umuman olgada, Voyneski turnir startida kerakli ochkolarni jamg‘arishni uddaladi.
Bugungi "Paxtakor" avvalgilaridan kuchsizroq bo‘lishi mumkin, ammo tarkibning asosi hali baquvvat. Bog‘lamlar, qanotlardagi reaktiv tezlikka ega yigitlar va zaxiradagi o‘yinga chanqoq yoshlar hozir ham Superliga oltin medallari uchun "Paxtakor"ni asosiy da’vogarga aylantirib turibdi. Ko‘plab muxlislar "sherlar"ning xalqaro maydondagi omadsiz ishtirokidan kelib chiqib, ichki birinchilik o‘yinlarida bo‘shroq ishtirok etishini taxmin qildi va menimcha, ular adashadi. Shota Arveladze davrida qurilgan jamoaviy o‘yinning asosi hali-hamon "tirik" va natija keltirishda davom etmoqda. Ichki birinchiligimizda bemaqsad kezib yuruvchi klublar sonini inobatga olsak, bu mavsumda "Paxtakor" 70 foiz o‘yinda keskin qarshilikka uchramasligi aniq.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas