20:05 / 12.05.2022
4 983

Xayrulla Hamidov: “Navbahor” milliy chempionatning “Real”iga aylanib bormoqda

Xayrulla Hamidov: “Navbahor” milliy chempionatning “Real”iga aylanib bormoqda
Superliga 8-tur bahslarining 11 may kungi o‘yinlarida oxirgi daqiqalarda gollar urildi. Bu kiritilgan gollar ayrim jamoalarga g‘alaba, mag‘lubiyat va yirik hisobni ta’minladi. Ushbu holatga taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov o‘z munosabatini bildirdi.

- O‘zbekiston chempionatining 3 ta o‘yinini ko‘rdim. Barchasida so‘nggi daqiqalarida gol kiritildi. Nimadir bo‘ldi dunyo jamoalariga. O‘zbekiston jamoalariga ham bu yaxshi ma’noda ta’sir o‘tkazyapti. Hamkasbim Eldor Mustafoyev aytib o‘tdi: "Dinamo" futbolchilari uzoqdan kuchli zarba yo‘llanganda va u gol bo‘lganda, "Navbahor" alamli mag‘lubiyatni ta’tib ko‘rardi. Ikki jamoa mag‘lubiyatga loyiq o‘yin ko‘rsatmadi, degan fikrni ilgari surdi. Men uchrashuvni boshidan ko‘rmaganim uchun bellashuvni kuzatgan hamkasbimning gapimga qo‘shilaman.

So‘nggi soniyalarda kim gol uradi? Jamoasining g‘alabasini ko‘proq xohlagan, mas’uliyatni his qilgan jamoa uradi. "Navbahor" ana shu ishni qildi. Yaqinda "Andijon" bilan bo‘lgan voqea bu safar "Navbahor" bilan takror sodir etilayotgani xursand qilyapti. Chunki so‘nggi daqiqalarda gol kiritilyapti. "Dinamo" uzoq masofadan gol urib, bir futbolchining mahorati evaziga zafar quchishi mumkin edi. "Lochinlar" esa standart vaziyatdan foydalandi. Bir tur avval Rustam Ashurmatov 90+2-daqiqada gol urdi. "Navbahor" milliy chempionatimizning "Real"iga aylanib boryapti, kambeklar qilyapti. Muxlislar, Babayan majbur qilyapti shekilli.

Rostdan ham milliy chempionatimizning har bir uchrashuvi jangga aylanib ketyapti. Bundan qolishamanmi deb, Javohir Sidiqov "Qo‘qon-1912"ning g‘alaba golini kiritdi. Hamkasbimiz Otabek Jo‘rayevning ovoz pardasi yirtilib ketdi. Sidiqov jamoasiga 90+4-daqiqada g‘alaba keltirdi.

AGMK o‘zi yutib turgan bahsda durangga qarab ketayotgan raqibini hisobga olgan shekilli 90+9-daqiqada 4-golni kiritdi va g‘alabani mustahkamladi. To‘rtinchi golni kiritishga sabab yirik hisobli natija qayd etish va bosh murabbiy Mirjalol Qosimovning raqamini tabloda porlatish.

Milliy chempionatimiz qiziyapti. Nafaqat Pro liga, balki Superliga o‘yinlari ham. Yutgan jamoaning muxlislariga tabrigimiz. Mag‘lub bo‘lgan jamoalar muxlislari keyingi turlarda o‘z suyuklilarini so‘nggi daqiqalar, soniyalargacha oldinga borishga chorlashlari zarur, - dedi Xayrulla Hamidov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xayrulla Hamidov: “Navbahor” milliy chempionatning “Real”iga aylanib bormoqda