08:23 / 20.05.2022
1 832

Temmi Abraxam: Men final uchun o‘chimni oldim!

Temmi Abraxam: Men final uchun o‘chimni oldim!
“Roma” hujumchisi Temmi Abraxam uchun mavsum juda omadli davom etmoqda. "Chelsi"dagi faoliyatida pasayish kuzatilgan o‘yinchi, Rim klubini tanlab, to‘g‘ri qaror qilganini vaqt ko‘rsatdi. Ayni paytda angliyalik hujumchi "Roma"ning talabchan muxlislari hurmatini qozonib bo‘ldi.

Temmi Abraxam ketma-ket ikkinchi yil UYEFA tasnifidagi xalqaro musobaqalar finalida o‘ynaydi. O‘tgan mavsumda Temmi "Chelsi" safida Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan edi. Endi qahramonimizda Konferensiyalar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritib, tarixda o‘z nomini qoldirish imkoni bor.

Jurnalistlar ham Abraxam bilan intervyuni aynan Chempionlar ligasidagi g‘alabani yodga olish bilan boshlagani ham bejiz emas, albatta.

- O‘tgan mavsum “Chelsi” bilan Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan eding. Bu galgi finalning sen uchun ahamiyati qanday?
- Final har doim finaldir. Bu Chempionlar ligasi bo‘ladimi yoki Konferensiyalar ligasimi, farqi yo‘q. Futbolchi doim finalda qatnashib, o‘zi, jamoasi, shahri uchun g‘olib chiqishni istaydi. Hozir oldimizda ikkita final bor. Birinchisi, chempionatning oxirgi Turindagi bahsi, keyingisi Konferensiyalar ligasining hal qiluvchi bellashuvi.

- Bosh bilan urgan goling nafaqat butun “Olimpiko”ni, balki Rimni larzaga soldi. Qaysi gol ekanini esladingmi?
- To‘g‘risini aytsam, hamon o‘sha gol videosini takror-takror ko‘ryapman. Men “Lester” bizga nimalar tayyorlab qo‘yganini bilardim. Men ularni yaxshi bilaman-ku. Men Angliya kubogi finalidagi mag‘lubiyatim uchun “tulkilardan” o‘chimni olmoqchi edim va buni ajoyib tarzda uddaladim.

- Italiyada ko‘p chempionlar ham muammolarga duch keladi. Lekin sen doim yuqori samaradorlikni ushlab turibsan, qanday uddalayapsan?
- Bunda mening jamoadoshlarim, murabbiylar shtabi va muxlislar xizmati bor. Boshqa mamlakatga kelib, moslashib olish oson emas. Kelgan ilk kunimdan o‘zimni uyimdagidek his qildim va o‘zimga bu jamoa uchun borimni beraman, deb va’da qildim. Ishonch va muhabbatga eng yaxshi va munosib javob biror sovrinni boshimiz uzra ko‘tarish bo‘ladi.

- Italiyada o‘ynash juda katta tajriba va bu mening hayotimdagi eng to‘g‘ri qarorlarimdan biri hisoblanadi.

- “Feyenoord” haqida nimalarni o‘ylayapsan?
- Zo‘r jamoa, ular hujumkor va chiroyli futbol namoyish qiladi. Ularning hujumchisi Dessers Konferensiyalar ligasida mendan bitta golga o‘zib ketgan, shu hisob-kitobni to‘g‘rilab qo‘yishimiz kerak. Rik Karsdorp menga ular haqida gapirib berdi. Ular tez o‘ynashni yaxshi ko‘radi, doimo gol urishga intiladi, xuddi biz kabi. Biz ularni yengishim shart.

- “Roma”dagi gollandiyalik o‘yinchi – Karsdorp sizlarga yordam bera oladimi?
- Bo‘lajak o‘yin uning uchun muhim ahamiyatga ega ekani ochiq haqiqat. Chunki u “Feyenoord”da ulg‘aygan. Men ham yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda ularga duch kelganman. Oldindagi bahs har ikki klub uchun ham o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Chunki bu yangi turnirning ilk finalidir.

“Roma” va “ Feyenoord” o‘rtasidagi Konferensiyalar ligasi finali 25 may kuni Albaniyaning Tirana shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnir g‘olibiga bosh sovrindan tashqari kelasi mavsum Yevropa ligasida qatnashish huquqi beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Temmi Abraxam “Chelsi” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. “Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino talabiga ko‘ra, rimliklar o‘tgan yili yozda angliyalik futbolchini 40 million yevro evaziga transfer qildi.

“Roma” Abraxamning faoliyatini yangi bosqichga ko‘tardi. “Chelsi”da asosiy tarkibga kira olmayotgan iste’dodli o‘yinchi Rimdagi faoliyati tufayli yana Angliya terma jamoasidan taklif ola boshladi.

Temmi mavsum davomida 50 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 24 marotaba ishg‘ol qildi.

Ayni paytda angliyalik hujumchiga “Manchester Yunayted”, “Arsenal”, “Tottenxem” va “Chelsi”ning o‘zidan jiddiy takliflar bo‘lyapti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Temmi Abraxam: Men final uchun o‘chimni oldim!