15:30 / 25.05.2022
1 206

"Meni nega iste’foga chiqarishganini rahbariyatdan so‘rang" yoxud "Dinamo"ni tark etgan Predrag Rogan Samarqandda yuribdi...

"Meni nega iste’foga chiqarishganini rahbariyatdan so‘rang" yoxud "Dinamo"ni tark etgan Predrag Rogan Samarqandda yuribdi...
Xabaringiz bor, yaqinda “Dinamo” klubida bosh murabbiy o‘zgardi. Mavsum boshida samarqandliklar jamoada ish boshlagan serbiyalik Predrag Rogan chempionatning 9-turida “Metallurg”ga boy berilgan alamli o‘yindan keyin rahbariyat tomonidan iste’foga chiqarib yuborildi.

“Dinamo” Rogan boshchiligida 1 g‘alaba, 3 durang va 5 mag‘lubiyat qayd etdi. Lekin “Dinamo” Rogansiz ham 10-turda mag‘lub bo‘lganini bilasiz. Uning o‘rnini egallagan Andrey Shipilovning samarqandliklar ustozi sifatida ilk o‘yini muvaffaqiyatsiz chiqdi. Serbiyalik mutaxassis “Dinamo”ni tark etgach, Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Janob Rogan, Bekoboddagi mag‘lubiyatdan keyin "Dinamo"dan iste’foga chiqarilishingiz mumkinligini sira kutmagandik...
- Sportda, jumladan futbolda yuz berishi mumkin bo‘lgan kutilmagan voqealarni hech kim oldindan aytib bera olmaydi. Mana, futbol sportning eng kutilmagan va umid qilib bo‘lmaydigan turlaridan biri hisoblanadi. Negaki, o‘yin qanday nihoyasiga yetishi mumkinligini sira bilib bo‘lmasligi uchun ham futbol juda ommabop sport turidir. Iste’foga chiqarib yuborilishim sababi haqida esa yaxshisi, rahbariyatga murojaat qilganingiz ma’qul.

- Ayting-chi, xayolingizdan iste’foga chiqarilishim uchun munosib emasdim-ku, degan fikr ham o‘tyaptimi?
- Albatta, men ham o‘yinda qayd etilgan natijadan ko‘nglim to‘lgani yo‘q. Ayniqsa, ikkita o‘yinning undagi yo‘qotilgan vaqtlarni qoplab berish uchun qo‘shib berilgan daqiqalarda boy berish (90+4, 90+5) kishiga juda alam qiladi. Mening tabiatimda boshlagan ishni og‘ir vaziyat yuzaga kelganda tashlab ketish holati bo‘lmagan. Men faqat vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartira olishimga aqlim yetmagan taqdirdagina ketishim mumkin xolos. Albatta, bo‘lib o‘tgan holatlarni obdon tahlil qilmasdan turib ishdan ketish kishiga yoqmaydi. Yuqorida aytganimdek, ishdan bo‘shatilishim haqidagi qarorni rahbariyat qabul qilgan. Shu sabab bu xususida yuqoridagilardan so‘raganingiz ma’qulroq.

- Jamoa ichidagi muhit qanday holatda edi?
- Professional maqomdagi futbolchilarimiz bilan ahil bir oiladek bo‘lgandik. Shuning uchun menga ham professional tarkib va barcha o‘yinchilar bilan birgalikda ishlash yoqimli bo‘ldi. Jamoadagilar meni hurmat qilishdi. Shunga yarasha muomalada bo‘lganlari uchun barchalariga minnatdorchilik bildirib qolaman. Kezi kelganda, jamoamizning haqiqiy, jonkuyar muxlislarini eslab o‘tishim joiz. Ular qanday muammolar bilan kurashayotganimizga qaramay, charchoq bilmagan holda muntazam ravishda bizni qo‘llab-quvvatlab turdilar. Klubda ish boshlagan ilk kunlarimizdan to ketgunimizga qadar muxlislarimiz bizni yolg‘izlatib qo‘ymay, chin qalbidan qo‘lladilar. Bunday munosabatni unutib bo‘lmaydi.

- Nima deb o‘ylaysiz, tarkib to‘g‘ri tanlab olinganmidi?
- Oldingi davrda bir qancha muammolar bo‘lgandi. Bu holat mashg‘ulot jarayonidan boshlab to haqiqiy jamoani tashkil etish uchun davom etib keldi. O‘ylaymanki, barcha sportchilar, o‘zbekistonlik muxlislar bugungi “Dinamo”ning butunlay boshqacha jamoaga aylanganini ko‘rib turishibdi. Istardimki, klubni Superligaga olib chiqqan tarkib o‘zagi bundan keyin ham saqlanib qolsa ayni muddao bo‘lardi. Ammo...(endi bu mening vakolatimga kiradigan masala hisoblanmaydi). “Dinamo”ga ayni ko‘ngildagidek futbolchilar olib kelinganini aytib o‘tishim kerak bo‘ladi. 4 nafar legionerdan faqat 2 tasigina o‘z holatlaridan ko‘ngillari to‘lgandi.

Albatta, uy o‘yinchilari haqida menda yetarli ma’lumot bo‘lmay, ularni klub mutasaddilari tarkibga jalb etgandilar. Shu sabab ularning qanday saviyadagi ijrochilar ekanligini avval boshidan bilmagandim. O‘sha futbolchilarning ko‘plab qismi oldingi jamoalarida qanday to‘p surishganini bilmayman-u, ularda Superliga maqomidagi uchrashuvlarda to‘plangan tajriba yetarli bo‘lmagani sezilib turardi. Meni va shtabimdagi professional yordamchilarimni o‘ta mas’uliyatli ish kutib turardi. O‘tgan vaqt davomida bizni atrofdagilar qo‘ldan kelgancha quvvatlab turishga harakat qilishganini aytib o‘tishim darkor.

- Hozircha Samarqanddasiz. Serbiyaga qaytib borganingizdan keyin rejangiz qanday bo‘ladi?
- Gapingiz rost, hozircha Samarqanddaman va hujjatlar bilan bog‘liq masalalarni hal etishim kerak. Umid qilamanki, joriy oy oxiriga borib Serbiyaga qaytaman va oila-a’zolarimni mehr ila bag‘rimga bosaman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Meni nega iste’foga chiqarishganini rahbariyatdan so‘rang" yoxud "Dinamo"ni tark etgan Predrag Rogan Samarqandda yuribdi...