13:39 / 31.05.2022
1 166

To‘purar legionerimiz kuchli jamoaga o‘tadimi?

To‘purar legionerimiz kuchli jamoaga o‘tadimi?
Belarus chempionati oliy ligasida ikkinchi o‘rinda borayotgan “Energetik-BGU” muvaffaqiyatlarida o‘zbek futboli tarbiyalanuvchilarining hissasi katta bo‘lmoqda. Hujumchi Bobur Abduxoliqov, yarim himoyachi Shohruhbek Abdurahmonov va Abdulqodir Husanov chempionat boshidan beri muntazam maydonga tushayotgan bo‘lsa, endi ular safiga yarim himoyachi Abbosbek Jumaqulov ham qo‘shildi.

To‘rt nafar legionerimiz o‘ynagan uchrashuvda minsklik “talabalar” raqib jamoa “Slaviya” darvozasiga beshta to‘p kiritganidan xabaringiz bor. O‘sha bahsda har bir o‘yinchimiz golli vaziyatda ishtirok etdi. Bobur Abduxoliqov gol va assist, Shohruhbek Abdurahmonov va Abdulqodir Husanov bittadan aniq zarba muallifi bo‘ldi. Debyutini nishonlagan Abbosbeke Jumaqudov penalti ishladi.

Belarus chempionati to‘purarlari bahsida yetakchilik qilayotgan Bobur Abduxoliqov intervyu berib, joriy mavsumdagi maqsadlari bilan o‘rtoqlashdi.

- “Slaviya”ga qarshi o‘yin qanday taassurot qoldirdi?
- Uchrashuv avvalida o‘ynash qiyinchilik tug‘dirdi. Dastlabki ikki golni urganimizdan keyin ishlarimiz yurishib ketdi.

- O‘yingacha raqibdan nimalar kutgandingiz?
- Biz “Slaviya” standan vaziyatlardan ko‘p gol urishini bilardik. Ayniqsa, aut va burchak to‘plari xavfli edi. Shu bois, ana shunday vaziyatlarda raqib o‘yinchilarini yopishga harakat qildik.

- Sizningcha o‘yin qahramoni kim bo‘ldi?
- Agar gap bizning jamoamiz haqida ketayotgan bo‘lsa, hamma 100 foiz mehnat qildi va shuning uchun ham biz g‘alaba qozondik.

- Jamoangiz chempionatni yaxshi boshladi. “Energetik-BGU” oldiga qanday vazifalar qo‘yilgan?
- Ha shunday bo‘ldi. Oldimizda chempionat oxirida sovrindorlar safida bo‘lish vazifasi turibdi.

- Bobur, siz hozir oliy liganing eng zo‘r to‘purari bo‘lib turibsiz. Yozgi transferlar vaqtida boshqa klublar taklifini ko‘rib chiqasizmi yoki “Energetik-BGU”da qolishni tanlaysizmi?
- Bu haqida hali o‘ylab ko‘rmadim. Birinchi davra yakunlanishiga beshta tur bor. Hozir bor e’tiborimizni oldindagi o‘yinlarga qaratganmiz.

O‘tgan yili yozdan beri “Energetik-BGU” sharafini himoya qilayotgan “Nasaf” tarbiyalanuvchisi Bobur Abduxoliqov legioner sifatida o‘zini har tomonlama ko‘rsatib kelmoqda. Hamyurtimiz bu mavsumda dastlabki o‘nta uchrashuvda raqiblar darvozasiga o‘n bitta to‘p kiritdi va jamoadoshlariga to‘rtta golli pas uzatdi.

Statistika bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislarning ta’kidlashicha, shu paytga qadar Belaru oliy ligasida faqat uch nafar futbolchi dastlabki o‘nta turda 10 tadan ko‘p to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ishni 1995 yilda Pyotr Kachuro (12 ta gol) va Sergey Yaromko (11 ta gol), 2007 yilda Gennadiy Bliznyuk (11 ta gol) uddalagan.

Bobur Abduxoliqov ular qatoriga to‘rtinchi bo‘lib qo‘shildi.

Shuningdek, to‘purarlik qobiliyatini namoyish etib kelayotgan Bobur Abduxoliqovga bir necha kuchli klublar, xusasan, Turkiya chempionati vakilidan jiddiy qiziqish borligi aytilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » To‘purar legionerimiz kuchli jamoaga o‘tadimi?