22:35 / 06.06.2022
1 372

Balki "Paxtakor"da yana qandaydir o‘zgarish bo‘lar yoxud Voyneski oldida endi ikkita yo‘l qoldi

Balki "Paxtakor"da yana qandaydir o‘zgarish bo‘lar yoxud Voyneski oldida endi ikkita yo‘l qoldi
Superligadagi tanaffusdan foydalanib klublarimizning shu paytgacha bosib o‘tgan yo‘li xususidagi fikr va mulohazalarimizni davom ettiramiz. Ro‘yxat bo‘yicha navbat “Paxtakor”ga keldi.

Musobaqa jadvalida chempionni o‘z joyidan topa olmayotganlar uning 6-o‘rinda ekanligidan kimdir hayron qolayotgandir, yana kimdir oddiy hol sifatida qarayotgandir. Hartugul siz bilan biz “Paxtakor”ni anchadan beri o‘rta pog‘onalarga tushib qolishini uchratmagandik-a? Lekin bunga sabab bor, albatta. “Sherlar” 2 ta kam o‘yin o‘tkazgan. Ularning hisobida 9 ta o‘yindan keyin 4 g‘alaba va 5 durang bor. “Nasaf” bilan birga “Paxtakor”ni mag‘lub etadigan klub hozircha “chiqmadi”.

Bu klubni “Metallurg” hamda “So‘g‘diyona” jamoalariga qarshi zaxira o‘yinlari bor. “Sherlar” ham Osiyo Chempionlar ligasi guruh o‘yinlarini Saudiya Arabistoni maydonlarida o‘tkazib qaytganidan xabaringiz bor. Afsuski, u yerda biz kutgan natijani ko‘rmadik. “Paxtakor” o‘ylaganlarimizni chippakka chiqardi va guruhda qolib ketdi. O‘zbekistonning chempioni va eng ko‘p sovrindor jamoasidan OCHLda bunday natijani kutmagandik. Undan ko‘ra, “Nasaf” qiziqarli va jozibali o‘yin ko‘rsatib, keyingi bosqichga chiqdi. Qaniydi, “Paxtakor” ham bu ishni uddalaganida edi...

Endi uni o‘ylashdan foyda yo‘q, hammasi tarixda qolib ketdi. Lekin tan olish kerak, “Paxtakor”ning Osiyo sahnasida muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng, bosh murabbiy Slavche Voyneskining tajribasiga shubha bilan qaraydiganlar ko‘payib qoldi. Makedoniyalik mutaxassis yurtimizda va xususan “Paxtakor”da debyut mavsumini o‘tkazyapti. Lekin klubda ish boshlashidan avval uning oldiga “konkret” vazifalar qo‘yilgan.

Demak, Voyneski oldidagi maqsadlardan biri – OCHLda yaxshi natija ko‘rsatish edi. Biroq muvaffaqiyatsizlikka uchrab vazifani bajara olmadi. Endi uning oldida ikkita yo‘l qoldi: O‘zbekiston chempionati va Kubogida g‘olib chiqish. Lekin hozircha Superligadagi ishlarini ham zo‘r deb bo‘lmaydi. “Paxtakor”da durang ko‘payib ketdi – 5 ta. Hali hech bir klubda bunchalik ko‘p durang yo‘q ("Olimpik"dan tashqari).

Nima uchun AGMK, “So‘g‘diyona”, “Navbahor” va “Qizilqum” 20 ochko bilan peshqadam bo‘lib turishibdi? Buning eng birinchi sababi – “Paxtakor”ning o‘z imkoniyati darajasida o‘ynay olmayotgani va ochkolarni yo‘qotayotgani bilan bog‘liq. Buning natijasida boshqa klublar “Sherlar”ning qoqilishidan foydalanib qolishga urinishmoqda va bu orqali chempionatda intriga kuchayib boryapti. Endi oldingidek sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan klublar safi ancha kengayib qoldi.

“Paxtakor”ning ichki va tashqi maydondagi natijalari kutilgan darajada kechmayotgani sababli klubda qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishining shamoli esib qolgandi. Bu borada turli variantlar aytildi. O‘zgarish shundan iborat bo‘ldiki, klub mutasaddilari – Ja’far Irismetov bilan Sobir Xodiyev “Paxtakor” bilan xayrlashishdi. O‘zbek futbolining yorqin afsonalaridan biri Maksim Shatskix esa Irismetovning o‘rnida sport direktori lavozimida ish boshladi. Maksning yurtimizga qaytishi juda ijobiy baholandi. Uning tajribasi “Paxtakor”ga asqotishi kutilyapti. Murabbiy sifatida uzoq yillar “Dinamo” Kiyevda ishladi va keyin “Rotor”da ham faoliyat ko‘rsatdi.

Voyneski endi qanday bo‘lmasin O‘zbekiston ichki chempionatida natija ko‘rsatishi shart. Shundoq ham OCHLdan keyin ayrimlarda murabbiyga nisbatan ishonch ancha kamaydi. Shuningdek, tarkibdagi legionerlar ham juda ko‘p tanqidlarga uchrayapti (Cherandan tashqari). Ayniqsa, Saudiya Arabistoni maydonlarida himoyachilarning saviyalari ko‘rindi. Bitta gapni aytish kerak: klubdagi legionerlar puliga yarasha! Dragan boshqa mavzu. U hamon to‘purarligini ko‘rsatyapti. Hozirgacha 5 ta gol urdi. O‘zbekiston chempionatida oxirgi yillarda Cherandan boshqa eng zo‘r to‘purar topilmayapti.

“Paxtakor” tarkib bo‘yicha hamon kuchli. Plyus ularda yangi iste’dodlar chiqyapti. Lekin jamoaning hozirgi natijalari rahbariyatni qoniqtiryapti, deb bo‘lmaydi. Yuqorida aytganimizdek, duranglar ketma-ketligi kuzatildi. Balki yozgi transfer oynasi ochilgan mahalda klubda yana qandaydir o‘zgarish bo‘lar...

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Balki "Paxtakor"da yana qandaydir o‘zgarish bo‘lar yoxud Voyneski oldida endi ikkita yo‘l qoldi