08:16 / 12.06.2022
2 229

"Haqiqiy o‘zbekcha futbol Toshkentda namoyish etilmoqda. Namangandagi o‘yinni qo‘rqoqcha futbol deyishadi..."

"Haqiqiy o‘zbekcha futbol Toshkentda namoyish etilmoqda. Namangandagi o‘yinni qo‘rqoqcha futbol deyishadi..."
Taniqli insayder Shahboz Beg‘amov o‘z telegram kanalida terma jamoalarimizga atalgan navbatdagi xabarni chop etdi.

Dastlab chetlatish haqida
Ne’matov tezkorlik bilan to‘pni o‘yinga kiritib, qarshi hujumni boshlamoqchi edi. Biroq futbolda bo‘lganidek raqib uning bu rejasiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldi. Negadir Abduvohid oddiy vaziyatda asablarini jilovlay olmay, yosh bolalarcha qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Ya’ni tirsagi bilan raqibga zarba berdi. Futbolchi VAR ishlayotganini bila turib bunday qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Uning xatosi yakunda juda qimmatga tushishi mumkin edi. O‘yin boshidayoq jamoasini 1 kishi kam va penalti orqali o‘tkazilgan gol bilan juda noqulay holatga tushirdi. Ne’matov uchun endi musobaqa tugadi, chunki chetlatish kamida 2 o‘yinga o‘tadi. Kapadze esa Ne’matov bilan kelajak uchun ham jiddiy gaplashib, tartibga solishi kerak. Umuman rejalashtirilmagan va xayolga kelmagan xato bo‘ldi.

Nazarov o‘tkazgan ikkinchi gol haqida
Raqib futbolchisi qanotdan kelib odatda to‘pni jarima maydonchasiga oshiradi. Nazarov ham buni albatta bildi va vaziyatdan ilgarilab ketishga urindi. Ya’ni raqibning rejasini o‘qiyman deb ikki qadam oldinga qadam tashlab, xayolan oshiriladigan to‘pni ushlab olmoqchi bo‘ldi. Nazarov juda aqlli o‘yladi, to‘g‘ri. Lekin raqib futbolchisi undanda aqlli chiqib, Nazarovning bu uslubini o‘qiy oldi. Chunki Nazarov bundan avvalgi 1-2ta vaziyatda aynan shunday vaziyatni oldindan o‘qiy olish qobiliyatini ishga solib xavfni bartaraf etgandi. Natijada Nazarovning bu uslubini raqiblar ikkinchi bo‘limda tezda o‘qiy olishdi va bu biz uchun gol bilan tugadi. Nazarovning vaziyatni oldindan o‘qiy olishi futbol tushunchasi, intellekti yuqoriligini anglatadi, to‘g‘ri. Lekin Nazarov raqiblarni esdan chiqarmagani va ma’lum standart bo‘yicha pozitsion to‘g‘ri harakatlanishi yetarli. Ortiqcha tavakkal qiladigan darajadagi raqiblar yo‘q buyog‘iga.

Ko‘pchilik e’tiroz qilgan (ko‘proq sharhda eshitdim e’tirozlarni) hakam haqida
Ochig‘i, hakamning hech bir qarori bizning zararimizga atay qilingani yo‘q. Qizil shubhasiz, penalti tepganimizni ham unutmang va Jiyanovga berilmagan toza qizilda esa hakam bizga "domashnyaya simpatiya" qildi, deb hisoblasak bo‘ladi. Ya’ni, hakamga biz tarafdan zarracha e’tirozga o‘rin yo‘q. E’tiroz bo‘ladigan bo‘lsa, unda bu o‘sha odamlarning futbol tushunchasining darajasi pastligi yoki o‘ta noxolisligi bilan bog‘liq!

Kapadze faktori!
Kapadzening jamoasi va g‘alaba toza murabbiyniki. Nega? Albatta maydonda javlon urgan barcha futbolchilarning mehnatini unutmaymiz. Ular hammasini a’lo darajada bajarishdi, 1 kishi kam bo‘lib qolgan kemtikni ham ortig‘i bilan yopib, o‘yinda deyarli to‘liq ustunlik bilan o‘ynashdi. Ammo ularning bunday jozibador va chiroyli o‘yinini tashkillashtirgan kim? Albatta murabbiyda! Kapadzega tasanno!

Kapadze 7 uxlab ham uchrashuvning 10-daqiqasidayoq to‘p o‘zimizda bo‘lgan vaziyatdan yosh bolalarcha harakat va penaltining bonusiga darvozabon chetlatilishini kutmagani aniq. Bunday pallada jamoani o‘yinda saqlab qolish bilan birgalikda ustunlikni ham ta’minlab, vaziyatni xotirjam o‘z tomoniga og‘dira olgan murabbiyning taktik rang-barangligi, asosiy futbol falsafasidan chekinmay qiyin vaziyatlardan oqilona chiqib ketishi va jamoa ruhiyatini bir maromda ushlab qolishi katta murabbiy ulg‘ayayotganidan darak.

Namanganda Maldiv bilan uzun paslarga asoslangan, raqibning texnik xatolari va futbolchilarimizning individual yuqori malakasi tufayli g‘alaba qozonatgan milliy jamoamiz fonida Kapadze Iroqqa qarshi o‘yinda sodir etgan ish ikki karra qadrli.

Yana bir jihatni unutmaylik, Osiyo chempionati oldidan Ibrohimhalil, guruh bosqichida esa Ibragimov jarohati tufayli safdan chiqdi. Ikkalasi asosiy tarkib futbolchilari. Lekin Kapadze jamoasining o‘yin sifatiga bu jihat hech qanday putur yetkazgani yo‘q. Chunki murabbiy ijrochilar kim bo‘lishidan qat’iy nazar o‘yin falsafasini o‘zgartirmayapti va ularga qaysi uslubda o‘ynash kerakligini tushuntiryapti xolos. Naryog‘da esa malakasi yanada kuchli ijrochilarni yiqqan murabbiy Maldiv bilan o‘yinda raqibni o‘z hududida kutib olish bilan band. Maldiv bilan o‘yinda men ko‘rgan daqiqalarda milliy jamoamiz biror marta pressing ham qilmadi...

Qaysi jamoa milliy ekanligini ham tushunmay qolasan kishi. Raqib o‘rtasidagi farqni esa aytmang... Hamma gap murabbiyda!

Ajoyib jamoa uchun Kapadzega tasanno! Haqiqiy o‘zbekcha futbol biz Toshkentda ko‘rayotgan o‘yinlarda namoyish etilmoqda. Namangandagi o‘yinni qo‘rqoqcha futbol deyishadi...

Olg‘a, O‘zbekiston! Chempionlik sari olg‘a!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Haqiqiy o‘zbekcha futbol Toshkentda namoyish etilmoqda. Namangandagi o‘yinni qo‘rqoqcha futbol deyishadi..."