date
views 1 472

Ulkan g‘alabaning kichik sababi nima?

Ulkan g‘alabaning kichik sababi nima?
Bugun "Paxtakor" arenasidagi 120 daqiqa futbolimizdagi bir narsani o‘zgartirib tashlagandek tuyuldi. Bilmadim, kim uchundir Iroqni taslim etish ulkan voqea bo‘lmasligi mumkin, biroq jarayon kishini xursand qildi. Turli yoshlardagi jamoalarining kuchli xarakteri bilan ajralib turuvchi iroqliklar bugun yigitlarimizning g‘alabaga chanqoqligi oldida o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.

To‘g‘ri, stadion atmosferasi bunga ko‘mak berdi, lekin asosiy omil bu emasdi. Abduvohid Ne’matov qizil kartochka olgan paytda Timur Hakimov, Abbos Maxstaliyev davridagi final yodimga tushib ketdi. O‘sha bahs "Paxtakor"da Shimoliy Koreyaga qarshi kechgan va ilk daqiqalardanoq yosh futbolchilarimiz bir kishi kam bo‘lib qolgandi. Arena xuddi kechagidek liq to‘la bo‘lganiga qaramay, Aleksey Yevstafeyev shogirdlari bahsni qutqarib qolishni uddalay olmagan edi. Bu safar Timur Kapadze shogirdlari juda og‘ir vaziyatdan g‘olib sifatida chiqishni uddaladi. 120 daqiqa, 10 ta penalti o‘z yo‘liga. Bugun og‘ir zarbadan so‘ng yana qaddimizni tiklaganimiz meni xursand qildi.

Bu o‘yin ta’siridan 2-3 kun ichida chiqib ketamiz, lekin bugun maydonda "jang qilgan" yigitlar butun umr uni xotirasida abadiy saqlaydi. Kelajakda, yana shunday holat bo‘lsa, endi ularning "sinib qolishi" imkonsiz. Endi ularda kurashuvchanlik immuniteti bor. Bu musobaqa Parij yo‘llanmasini bermaydi, ammo unga tayyorgarlik vazifasini a’lo darajada o‘tab bermoqda. Yurtimizda o‘tayotgan turnir yigitlarning asabi va xarakterini toblamoqda. Avvaliga Turkmaniston bilan og‘ir o‘yin, keyin chempionlik uchun asosiy da’vogar bo‘lgan Qatarni sochib tashlash, hech narsani hal qilmagan uchrashuvda Eron bilan jangovar durang!

Bugun esa, Iroq OTJ va uning murabbiyi uchun hal qiluvchi musobaqa oldidan yigitlar asosiy imtihonni muvaffaqiyatli topshirdi. Biz daraja jihatdan hech qachon qit’a grandlaridan bir qadam orqada bo‘lmaganmiz, lekin ruhiy holat ko‘p bor pand bergan. Aynan shu aspekt borasida o‘sa olsak, Parij sari asosiy kurash boshlanganda olimpiyachilarimizning tizzasi qaltirab qolmaydi. Nasib qilsa, bugun buning uchun bir qadam tashlandi. Men uchun qolgan barchasi ikkinchi darajada!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ulkan g‘alabaning kichik sababi nima?