07:25 / 19.06.2022
3 183

O‘zbek legionerini to‘xtatib bo‘lmayapti. Uning narxi ham oshmoqda!

O‘zbek legionerini to‘xtatib bo‘lmayapti. Uning narxi ham oshmoqda!
Belarus oliy ligasining 11-turida “Energetik-BGU” safar uchrashuvida “Belshina”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi haqida xabar bergan edik.

Ushbu mamlakat chempionatini tahlil qilib borayotgan mutaxassislar minsklik “talabalar”ga so‘nggi daqiqalarda g‘alaba keltirgan yagona gol muallifi Bobur Abduxoliqov to‘purarlik bo‘yicha ajoyib seriyani davom ettirayotganiga e’tibor qaratdi.

25 yoshli hujumchimiz jami 11 marta maydonga tushib, raqiblar darvozasini 12 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga to‘rtta golli pas oshirgan. Bobur to‘purarlar bahsida yetakchilik qilish barobarida, gol+pas tizimi bo‘yicha 16 ochko jamg‘arib, chempionatning eng foydali o‘yinchisi bo‘lib turibdi.

Bundan tashqari, tahlilchilar o‘zbek futbolchisi ketma-ket to‘rtta uchrashuvdan beri golli seriya namoyish qilayotganini alohida ta’kidlamoqda.

“Belshina”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin “Energetik-BGU” bosh murabbiyi Pavel Rodnenok ham 94-daqiqada gol urib, jamoasini musobaqa jadvalida birinchi o‘ringa olib chiqqan Bobur Abduxoliqovni maqtadi.

- Juda og‘ir va ko‘p kuch sarflangan uchrashuv bo‘ldi. Juda ko‘p yakkakurashlarni ko‘rdik. 90 daqiqada mashaqqatli kurashlardan iborat bo‘ldi. Hech kim yutqazishni istamadi. Ochkolar uchun haqiqiy to‘qnashuv yuz berdi.

Birinchi bo‘limda ob-havo va maydonga moslashish, tanaffusdan keyin o‘z o‘yinimizni topib olishga ancha vaqt sarfladik. Taymlar orasida kerakli o‘zgarishlar kiritildi, yigitlarni xotirjam qilib, o‘yin uslubini o‘zgartirdik.

Safida chempionatning eng yaxshi to‘purari haqiqiy qutqaruvchimiz va “omadli tayoqchamiz” borligini Bobur yana bir karra isbotlab qo‘ydi. G‘alabadan mamnunmiz va keyingi uchrashuvlarga tayyorlanishga e’tibor qaratamiz
, - dedi Pavel Rodnenok.

Bobur Abduxoliqov “Nasaf” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Qarshi shahri jamoasi uchun futbolchi jami 112 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga 45 ta gol yozdirib qo‘ygan edi.

Shundan so‘ng, iste’dodli futbolchimiz 2021 yilning boshida Ukrainaning “Rux” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Birinchi xorijiy safar omadsiz bo‘ldi. Bobur o‘zini ko‘rsatganiga qaramay, “Rux” asosiy tarkibi murabbiylar shtabi unga ishonch bildirmadi.

Abduxoliqov o‘z ixtiyori bilan shartnomani bekor qilib, Lvovni tark etdi va yarim mavsum jamoasiz yurdi. Nihoyat, iste’dodli hujumchi o‘tgan yilning yozida “Energetik-BGU” bilan erkin agent sifatida minskliklar bilan 2022 yilning 31 dekabriga qadar shartnoma imzoladi.

Dastlabki yarim yilni moslashishga sarflagan hamyurtimiz bu yilgi chempionatdan boshlab, to‘purarlik mahoratini namoyish qila boshladi. Belarus oliy ligasidagi muvaffaqiyatli o‘yini orqali Boburning transfer summasi yana ko‘tarila boshladi. “Energetik-BGU” bilan shartnoma imzolanganida uning transfer narxi 600 ming yevroni tashkil qilgandi.

Transferlarga ixtisoslashgan www.transfermarkt.world portali 17 iyun kuni Belarus chempionatida to‘p tepayotgan futbolchilarning yangilangan transfer summalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Bobur Abduxoliqov endi 800 ming yevroga baholanmoqda.

Mutaxassislar “Energetik-BGU” rahbariyatiga asosiy to‘purarini ushlab qolish qiyin bo‘lishini aytishmoqda. Chunki Bobur Abduxoliqovga kuchli ligalardan hozirdan qiziqish bo‘lmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek legionerini to‘xtatib bo‘lmayapti. Uning narxi ham oshmoqda!