Jizzaxning "Sug‘diyona" klubi xalqaro maydondagi birinchi uchrashuvida ishtirok etdi. Qirg‘izistonning "Neftchi"si bilan bo‘lgan o‘yin barchada ikki xil taassurot qoldirdi. To‘g‘ri, bir qarashda 2:0 hisobidagi g‘alaba ishonchli ko‘rinishi mumkin, ammo kishini o‘ylantirib qo‘ygan voqealar guvoh bo‘lganimiz rost.
Maqola adolatli bo‘lishi uchun uni ikki qismga bo‘lishimiz shart. Ortda qolgan 90 daqiqa davomida jamoamizning kuchli va kuchsiz tomonlarini qisman bilib oldik. Xo‘sh, jizzaxliklar qaysi aspektlarda kuchliroq? Katta o‘yinlarda qaysi omillar pand berishi mumkin?
Hammasi joyida: Tartibli himoya chizig‘i
Qo‘chqor-Ota jamoasi birinchi bo‘limning ilk 30 daqiqasida Ulug‘bek Baqoyev shogirdlaridan faolroq bo‘lishga urindi va buni qaysidir ma’noda uddaladi ham. Qanotlar va markaz to‘liqligicha raqib tomoniga o‘tdi. Natijada, ilk xavfli vaziyatni qirg‘izistonliklar yaratdi. E’tiborlisi shundaki, xalqaro maydondagi debyuti bo‘lishiga qaramay, "So‘g‘diyona" sochilib ketgani yo‘q. Markaziy himoyachilarning pozitsiya tanlashdagi mahorati, qanot himoyachilarining o‘z zonasini yaxshi qo‘riqlagani uchun gol o‘tkazib yubormadik. Oldindagilarning ishi yurishmagan bir paytda mudofaadagilar muammoni yopib ketdi. Natijada, jamoa o‘yinni o‘nglab olguniga qadar katta talafot ko‘rilmadi. Taym so‘ngiga yaqinlashgach, birinchi gol kiritildi. Keyin barchasi o‘z o‘rniga tushib ketdi. Bunga qadar voqealar rivoji umuman boshqacha ko‘rinish olishi mumkin edi.
Ishlash kerak: Hujumdagi kreativlik
E’tibor bergan bo‘lsangiz, "Sug‘diyona" hujum uyushtirish borasida ko‘plab muammolarga duch keldi. O‘yin davomida urilgan ikkita gol ham standart vaziyatdan kiritilganini inobatga olsak, Baqoyev shogirdlari o‘yinning o‘zida raqib darvozasini ishg‘ol etishni uddalay olgani yo‘q. Boz ustiga, markaziy yarim himoyachilarning birortasi kreativ qarorlar qabul qilish borasida darajada (raqib jamoani ranjitmagan holatda) bizdan pastroq bo‘lgan jamoaga qarshi uchrashuvda juda oqsadi. Noilojlikdan uzun paslarga murojaat etildi. Zamonaviy futbol allaqachon kombinatsion o‘yinga o‘tgan bir paytda, bu qadar sodda hujum uyushtirilishi sal qolsa raqibga qo‘l kelishi mumkin edi.
O‘sha ikkita standartni inobatga olmasa, boshqa biror bir epizodda "bo‘rilar" toza hujum bilan raqib darvozasi oldida xafv tug‘dirishni uddalay olmadi. Asosan qanot yarim himoyachilarining faolligi evaziga hujumlar tashkil etildi. Norxonov va uning o‘rniga keyinroq o‘yinga qo‘shilgan Nasimov birorta birga-bir imkoniyatga chiqib bora olmadi. Asosan ikkinchi qavatdan keladigan uzatmalarni qabul qilish bilan ovora bo‘lib qoldi.
Hammasi joyida: Yaxshi darvozabon - yarim jamoa!
Darhaqiqat, ishonchli posboni bor klub istalgan vaziyatdan chiqib ketishi mumkin. "Neftchi"ga qarshi bahsda ham Milan Mitrovich o‘z statusiga mos harakat qildi va Superligadagi darajasini yana bir bor namoyish etib berdi. Yuqoriroqda himoyachilarni yaxshi o‘ynagani borasida fikr bildirilgani bois, kiperning mehnatini bir chetga surib qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Mitrovich shu qadar ishonchli posbonga aylandi-ki, hatto uning zo‘r o‘tkazgan o‘yinlarini tomoshabinlar odatiy qabul qilishni boshladi.
Qirg‘istonliklar tashkil etgan xujumlarning aksariyatida serbiyalik posbon yaxshi joy tanlagani, to‘pga chiqishda xatosiz ishlagani yakunda 3 ochko uchun zamin yaratdi. Hisob 2:0 ko‘rinishiga kelganidan so‘ng qo‘chqor-otaliklarda toza golga tortadigan 2-3 imkoniyat bo‘ldi. "Sug‘diyona" darvozaboni ko‘rsatgan ishonchli o‘yin futbolchilarga o‘zini maydonda "komfort"da his qilishi uchun kerakli atmosferani yaratib berdi.
Ishlash kerak: Jamoaviy o‘yindagi muammolar
G‘alaba doim yoqimli, ammo sovuq miya bilan o‘ylab ko‘rsa, uning turlari juda ko‘p. Yaqindagina OFK Kubogida ishtirok etgan "Nasaf" va "Sug‘diyona"ni solishtirishning o‘zi kifoya. Qarshiliklar juda zamonaviy o‘yin uslubidan foydalangani uchun qo‘shnilarimiz hech narsa qila olmagan, vakillarimiz Markaziy Osiyoda tengiz ekanligini isbotlagan edi. Afsuski, birinchi o‘yinni tomosha qilar ekanman, "Sug‘diyona" "ajdarlar" singari ikki bosh baland o‘yin ko‘rsata olmagani kishini biroz xafa qildi. Tan olish lozim, bunday uslubda futbol o‘ynash har doim ham naf beravermaydi. Bugun-ku, "Neftchi" a’zolari safida jizzaxliklarning kuchli pressingini individual mahorat evaziga yorib o‘tishga qodir futbolchi topilmadi, ammo pley-offda 2-3 Osiyo darajasida top sanalgan legionerlarga suyanadigan klublar bilan o‘yinda hammasi boshqacha tus olishi mumkin. Kuchli texnika yoki "pushka" zarbasi bor yigitlar "bo‘rilar"ning barcha rejalarini barbod qilib tashlashi hech gap emas.
Hammasi joyida: Hayajon va debyut
Nima bo‘lgan taqdirda ham "Sug‘diyona" safida birorta milliy terma jamoa a’zosi yo‘q ekanligini unutmaslik lozim. To‘g‘ri, bu "bo‘rilar" mahorat bobida kuchsiz degani emas. Shunchaki, xalqaro o‘yinlar tajribasi yo‘qligi pand berib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Har holda, o‘yinlarning orasi yaqin. Ulug‘bek Baqoyev barchasi 2-3 turda hal bo‘lishini his qilgan holda, jamoasining bor kuchini markaziy o‘yinlarga tashlashni reja qilgandek. Boz ustiga, kuchli hayajon sezilib turdi. Birinchi goldan so‘ng yigitlar biroz o‘ziga kelgan bo‘lsa, hisobdagi farq ikkitaga yetgach, ancha dadil harakatlar guvohiga aylandik.
Quvonarlisi shundaki, "Sug‘diyona" o‘yin kartinasini zaxiradagi yigitlar buzib qo‘ymaydi. Ular o‘yinga qo‘shilgach, jamoaning qo‘shimcha kuchlari tempni tushirib yubormayapti. Barcha jamoaning o‘z uslubi bor. Shunchaki, "Nasaf" ajdardek bir nafasda raqibini hovurini bosib qo‘yishiga o‘rganib qolgandekmiz. "Sug‘diyona" bo‘g‘ma ilondek hamla qilyapti. Ular raqibiga o‘ynash imkonini berib, tipirchilashini xotirjam tomosha qilayotgandek.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi