"Kema kapitani" uyg‘onishi kerak. Chempionlik qo‘ldan ketmoqda...
11 turda 20 ochko to‘plagan amaldagi chempion 1-davrani oxiriga yetkazib qo‘yish uchun "Metallurg" va "So‘g‘diyona" sinovidan o‘tishi kerak. Oldingi yillar bilan solishtirsak, "sherlar" yomon mavsum o‘tkazishmoqda. Bu nimalarda ko‘rinadi?
1. Natija
Jamoa ayni paytda Superligada 5-bo‘lib turibdi. Qoldirilgan o‘yinlarni yutsa, medallar zonasiga ko‘tariladi. Yoki aksincha...
Qoldirilgan uchrashuvlar tufayli yuzaga kelgan jadvaldagi chigallik mavjud holatni tushunishni qiyinlashtiryapti. Shuning uchun "Paxtakor"ning dastlabki 11 o‘yinini avvalgi yillar bilan solishtiramiz.
Piter Xyuistra davrida "sherlar" 11 turning to‘qqizini 3 ochko bilan yakunlab, 2 marta durangga rozi bo‘lishgan. Hozir esa poytaxt grandining aktivida 5 tadan g‘alaba va durang, 1 mag‘lubiyat bor (Shota davrida butun mavsum bo‘yi buncha ochko yo‘qotilmagan).
2. Himoyadagi tartibsizlik
Qishda tajribali Krimes va Anzur Ismoilovning o‘rni legionerlar bilan to‘ldirildi. Garchi "sherlar" Superligada eng kam to‘p o‘tkazib yuborgan bo‘lsa ham, ularning aksari mudofaa chizig‘i vakillarining aybi bilan paydo bo‘ldi va ochko yo‘qtolishiga olib keldi. "Paxtakor" himoyasiga asl bahoni xalqaro maydon qo‘yib berdi — 6 o‘yinda 15 gol.
Bu muvaffaqiyatsizlikda asosiy gunohkor sifatida Oleksey Larin va Kamen Hadjiyev ko‘rsatilmoqda. Darhaqiqat, markazda risoladagidek sherik topolmayotgan Sherzod A’zamov ancha qiynalib qoldi. Shuningdek, o‘z pozitsiyasida haqiqiy monopolga aylantirilgan Sayfiyev va Alijonovda shasht ancha pasayganini ham unutmaslik kerak. Bunda to‘g‘ri futbolchilarni transfer qilolmagan, Hojiakbarga bittagina raqobatchi topib berolmagan rahbariyat aybdor.
3. Oldingi chiziqda parokandalik
2 yildirki, jamoa Sergeyevning o‘rnini to‘ldira olmayapti. Hujumlarni yakunlash bo‘yicha muammolar ortgandan ortyapti. "Paxtakor" sermahsullik borasida "Bunyodkor" va "Qizilqum"dan ham yomonroq natija qayd etyapti (Superligada 7-ko‘rsatkich). Buni mavsum avvalida taklif qilingan forvardlar o‘zini ko‘rsata olmayotgani bilan izohlash mumkin.
Fakt: "Paxtakor" tarixda 3 marta chempionatning dastlabki 11 turida 15 tadan kamroq gol urgan. Va har gal chempionlikni raqiblari ("Navbahor" va "Bunyodkor")ga boy bergan.
4. Bir kishiga bog‘lanish
Masharipov bilan Sergeyev ketganidan keyin hujumdagi mas’uliyatning katta qismi Cheranning gardanida qolib ketdi. Gollarning asosiy qismini serbiyalik futbolchi urayotganini qo‘ya turing, jamoa u maydonga tushmagan o‘yinlarni yutolmayapti. Ya’ni, Dragansiz "Paxtakor" Superligada autsayderga aylanib qoladi.
Tarkibda chempionat tarixidagi eng kuchli legionerlardan biri bo‘lishi, o‘yin uning atrofiga qurilishi yaxshi, albatta. Lekin Cheranning yoshi (deyarli 35) inobatga olinsa, tezroq yangi lider topish zarurati anglashiladi.
5. Murabbiy faktori
"Sherlar" rahbariyati Xyuistrani ketkazib, yanglishgandi. Keyin xatoni xato bilan tuzatishga urinib ko‘rishdi. O‘zbekistonning eng kuchli futbolchilari yig‘ilgan "Paxtakor"ga bosh murabbiy sifatida Slovakiya chempionatidagi 21 o‘yindan tashqari hech qanday tajribasi bo‘lmagan, buning ustiga, 2 yildan beri ishsiz yurgan Slavche Voyneski olib kelindi.
Muxlislaru jurnalistlar bir yonga, futbolchilar orasida ham makedoniyalik mutaxassisga ishonmayotgan va uning almashtirilishini xohlayotganlar talaygina. Hattoki, buni Voyneskining yuziga aytganlar ham bo‘ldi.
Yechim
"Paxtakor"ni avvalgidek "yirtqich" jamoaga aylantirib, chempionatni yutish uchun bir nechta aqlli transferlar kerak bo‘ladi. Birinchi navbatda shogirdlarini ham qoyil qoldira bilmayotgan Voyneski bilan yo‘llar ayrilishi lozim. Uning o‘rnini klubdagi yulduzlardan kattaroq va tajribaliroq mutaxassis egallasa, ichkaridagi muhit ancha o‘zgaradi.
Shuningdek, ba’zi pozitsiyalar kuchaytirilishi kerak. Jamoani Sardor Rashidov bilan Hojimat Erkinov tark etdi. Abror Ismoilov va Dostonbek Hamdamov 2-davrada Toshkentda qolishsa, ajab emas. Eshitishimizga qaraganda, Ruslanbek Jiyanovni ham "Paxtakor"ga qaytarish bo‘yicha harakatlar boshlangan.
Bundan tashqari, chempionlik kurashida juda kuchli markaziy hujumchi va himoyachilar kerak bo‘ladi. O‘zbekistonda bundaylarni topish qiyin. Borlari ham arzon emas. Buyog‘iga Maksning mahoratiga bog‘liq.
Muallif: Faxriddin Ro'ziyev
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi