11:00 / 11.07.2022
3 469

Mourino Shomurodovni nega Rimda olib qoldi?

Mourino Shomurodovni nega Rimda olib qoldi?
Italiya futbolini yoritishga ixtisoslashgan Footballnews24 nashri eksperti Yakopo Mirabella “Roma” jamoasi amalga oshirayotgan transferlar, kelasi mavsum uchun shakllantirilayotgan tarkib haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

- “Roma”ning transferlar bozoridagi ishlari juda yaxshi ketyapi, deb o‘ylayman. Joze Mourino tajribali darvozabon Ruy Patrisiuga o‘rinbosar sifatida yosh va iste’dodli Mile Svilarni oldi.

“Lill”dan taklif qilingan Mehmet Chelik Zeki jamoa himoyasining o‘ng qanotini mustahkamlashga qodir. Himoyaning maydon markaziga yaqin ikkinchi chizig‘i hozircha bo‘sh. Marash Kumbulla hali yosh. Jamoaga qo‘shilgan Nemanya Matich xalqaro darajadagi o‘yinchi va u maydonda hamon ko‘p narsaga qodir.

Eldor Shomurodovning boshqa klublarga o‘tishi haqida turli tuman xabarlar ko‘p. Lekin o‘zbek hujumchisi “Roma”da qolishi kerak. Chunki bu o‘yinchi Joze Mourino uchun juda muhim ekanini ta’kidlash lozim
, - dedi Yakopo Mirabella.

Yaqingacha Eldor Shomurodovning “Roma”dagi kelajagi mavhum edi. Rim klubining asosiy tarkibiga kirishga qiynalayotgan futbolchimizga Italiya, Germaniya, Ispaniya va Fransiya vakillaridan qiziqish bo‘layotgani haqida xabarlar tarqatildi.

Hatto, Turkiyaning eng mashhur klublaridan “G‘alatasaroy” legionerimiz transferini so‘rab, “Roma” rahbariyatiga murojaat qildi. Biroq, Joze Mourino bir yil muqaddam Rimga o‘zi taklif qilgan Shomurodovga kelasi mavsum ham imkon berishini ta’kidladi.

Ayni paytda Eldor “Roma” bilan yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hujumchimiz mavsumoldi yig‘inlarining birinchi o‘rtoqlik uchrashuvida o‘zining samaradorligini ko‘rsata oldi. “Trastevere” bilan bo‘lgan bahsda Shomurodov bittadan gol va assist bilan jamoasining 5:0 hisobidagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.

Endi O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori mavsumga tayyorgarlikning navbatdagi bosqichini Portugaliyada o‘taydi. Bosh murabbiy Joze Mourino o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘z yurtida tashkil etishi odat tusiga aylangan.

“Roma” futbolchilari Portugaliyadagi yig‘inda asosiy e’tiborni o‘yin amaliyotini shakllantirish uchun o‘rtoqlik o‘yinlariga qaratadi. Klub mutasaddilari Portugaliya, Fransiya va Angliya jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘yicha kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra, rimlik “bo‘rilar” navbatdagi bahsni 13 iyul kuni Angliyaning “Sanderlend” klubiga qarshi o‘tkazadi.

Joze Mourino shogirdlari uch kundan keyin Portugaliyaning “Portimonense” klubiga qarshi saf tortadi. 20 iyul kuni “bo‘rilar” jahon futboliga Krishtianu Ronaldudek yulduzni tarbiyalab bergan “Sporting” bilan bellashadi.

Portugaliyadagi yig‘in davomida tashkil etiladigan so‘nggi o‘rtoqlik bahsi Fransiya chempionatida kuchli beshlikdan joy olgan “Nitsa”ga qarshi bo‘ladi. Bu bellashuv 23 iyulga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, “Roma” A Seriya o‘yinlari boshlanishidan oldin 30 iyul kuni Isroilda Angliyaning eng kuchli jamoalaridan biri “Tottenxem” bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishi belgilangan.

Italiya chempionatiga 13 avgustdan start beriladi. “Roma” A Seriyadagi ilk turni 14 avgust kuni o‘tkazadi. Ushbu sanada Joze Mourino shogirdlari safarda “Salernitana” jamoasi mehmoni bo‘ladi.

“Roma” o‘z uyidagi birinchi uchrashuvni 21 avgustda “Kremoneze” futbolchilariga qarshi o‘tkazishi belgilangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourino Shomurodovni nega Rimda olib qoldi?