00:00 / 17.07.2022
697

Jasur Yaxshiboyev nega Babayan jamoasida o‘ynashga rozi bo‘lganini bilasizmi?

Jasur Yaxshiboyev nega Babayan jamoasida o‘ynashga rozi bo‘lganini bilasizmi?
“Navbahor” klubi kuni kecha Jasur Yaxshiboyevning transferini e’lon qildi. Shu tariqa, bu jamoa yana seleksiyada faolligini ko‘rsatyapti.

Yaxshiboyevning Namangan jamoasiga o‘tishi chindan ham muhim voqeliklardan biri bo‘ldi. Biz ushbu transfer rasman e’lon qilinganidan keyin Namanganga bordik va klub bazasida Jasur bilan uchrashdik. Aytish mumkinki, Yaxshiboyev “Navbahor”ga o‘tgach, ilk intervyusini Sports.uz saytiga berdi.

- Jasurbek, avvalo “Navbahor” klubiga xush kelibsiz! Bu taklif siz uchun kutilmaganda bo‘ldimi yoki voqealar rivoji shunga qarab ketayotganmidi?
- Bu taklif kutilmaganda bo‘ldi. “Legiya” bilan shartnomamni buzganimdan keyin bir-ikkita variantlarni ko‘rib chiqayotgandik. Keyin Samvel aka Babayan “Navbahor”ga taklif qildi. Bu yil klub o‘z oldiga chempionatda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishni va Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasiga ega chiqishni maqsad qilganini aytdi. Shu narsalarni o‘ylab ham bu yerga keldim.

- Shunday qilib, yangi jamoangizga qo‘shildingiz, bu yerda hamma sizni juda iliq qarshi oldi. “Navbahor”ning birinchi davradagi uchrashuvlaridan xabardormidingiz? Yangi klubga kelib, bu yerda ko‘rgan-kechirayotganlaringizdan qanday taassurot olyapsiz?
- Jamoaning natijalarini ko‘rib turdimu, lekin o‘yinlarini to‘g‘risini aytsam, kuzatmagandim. Bu klubda o‘zimga tanish futbolchilar ko‘p. “Paxtakor”da oldin birga to‘p surgan Jamshid Iskanderov, Jamshid Boltaboyev, Davron Hoshimov singari o‘yinchilar bor. Ular bilan yangi jamoamga moslashishim osonroq bo‘ladi.

- Darhaqiqat, “Legiya”dan ketganingizdan so‘ng sizga yaxshi takliflar bo‘layotgani haqida eshitgandim. Sir bo‘lmasa, qaysi jamoalardan xizmatingizga qiziqish bildirishgandi?
- Bu to‘g‘risida ayta olmayman. Hozir aytsam, juda ko‘p gap-so‘zlarga sabab bo‘ladi. Sir bo‘lib qolaversin.

- “Legiya” bilan shartnomangizni bekor qilishingiz sababi nima bilan bog‘liq edi?
- U jamoada kelajagimni ko‘ra olmadim. Boisi, klubda juda ko‘p murabbiylar almashdi. Hamma murabbiyni o‘ziga yarasha talablari bor. Boya aytganimdek, “Legiya”da kelajagimni ko‘ra olmaganim uchun shartnomamni bekor qildik. Bu qarorimdan afsuslanmayman.

- “Navbahor” turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turgani uchun ham jamoada ishtiyoq boshqacha. Samvel Babayan ham qo‘l ostidagilarni qanday ruhlantirishni biladi. Yangi klubga qo‘shilgach, o‘zingizda qanaqa ishtiyoq paydo bo‘lyapti?
- Misol uchun bu yerdagi muxlislarni yaxshi bilaman. Yangi jamoam safidagi birinchi mashg‘ulotimdayoq muxlislar juda iliq kutib olishdi. Bu ham futbolchiga alohida motivatsiya beradi. Bunday muhitda futbolchi ishqibozlarning ishonchini oqlash uchun o‘zini yanada ko‘proq ko‘rsatgisi keladi.

- O‘zbekiston chempionatidan ketib, legioner bo‘lib o‘ynadingiz va yana qaytdingiz. Bu qaytishingizni qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?
- Hozir bir narsa deyish qiyin. Lekin bu qaytishim O‘zbekistonda butun umrga qoldi, degani emas. Bundan avval 2-3 oy jarohat sababli o‘ynay olmagandim. O‘yin amaliyotim kamligi uchun ko‘p jamoalar o‘z safiga qo‘shib olishda baribir ikkilanishadi. Chunki futbolchi uchun o‘yin amaliyotisiz 2-3 oy katta muddat. Sport formamni tiklab olishim uchun menga o‘yin amaliyoti va ishonch bildiradigan murabbiy kerak edi. Shu sababli “Navbahor”ni tanladim.

- Ilk legionerlikdagi faoliyatingiz AGMKdan ketganingizdan keyin boshlangandi. Oradan shuncha vaqt o‘tib, yana chempionatimizda o‘ynaysiz. Ayting-chi, o‘sha paytdagi Yaxshiboyev bilan bugungi Yaxshiboyev o‘rtasida qanchalik farq bor?
- Albatta, u paytdagi Yaxshiboyev bilan hozirgi Yaxshiboyevni ancha farqi bor. Masalan, ilgari Yevropa Chempionlar ligasi, Yevropa ligasidek katta turnirlarda o‘ynamagandim. Hatto Osiyo Chempionlar ligasida ham to‘liq o‘ynamagandim. Legioner bo‘lgach, katta-katta turnirlarni ko‘rdim va o‘ynadim. Albatta, bunday paytda o‘zingiz uchun ko‘p narsa o‘rganasiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jasur Yaxshiboyev nega Babayan jamoasida o‘ynashga rozi bo‘lganini bilasizmi?