Xabaringiz bor, “Navbahor” klubi seleksiyada yana muxlislarini xursand qilyapti. Yaxshi saviyadagi ijrochilar taklif qilinyapti. Ko‘rinib turibdiki, bosh murabbiy Samvel Babayan tarkibda yana biroz o‘zgarishlarga qo‘l uryapti. Shularni inobatga olgan holda klub bazasida Samvel Vyacheslavovich bilan uchrashib, unga o‘zimizning ayrim savollarimiz bilan murojaat qildik.
- Samvel Vyacheslavovich, “Navbahor” ikkinchi davraga tayyorgarlikni asosan Namanganda o‘tkazyapti. Holbuki, aksariyat klublar poytaxtda yig‘in o‘tkazishadi. “Navbahor” o‘rtoqlik uchrashuvlarini ham o‘zida qabul qiladigan bo‘ldi. Yozgi yig‘in siz kutgandek o‘tyaptimi?
- “Olimpik”ka qarshi 5 iyul kuni o‘yin o‘tkazganimizdan so‘ng deyarli hech qancha dam olmay, 11 iyuldan tayyorgarlik ko‘rishni boshladik. Yig‘inlar Namanganda olib borilyapti. Biror joyga yo‘l olish niyatida emasmiz. Chunki bu yerda qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Boz ustiga barcha nazorat o‘yinlarini shu yerda, Namanganda o‘tkazmoqchimiz. Bu masalada barcha raqiblarimiz bilan kelishuvga erishib bo‘lganmiz. Ishchi rejimda ikkinchi davra bellashuvlariga hozirlik ko‘rmoqdamiz.
- Tarkibdagi o‘zgarishlar hammani qiziqtiradi. Jasur Yaxshiboyevga dastlab qachon taklif bilan chiqqandingiz? Uni olib kelish qiyinchilik tug‘dirmadimi?
- Men doim aytib kelganman: yaxshi jamoalarda seleksiya ishlari obdon o‘ylab olingan holda amalga oshiriladi. Bu masalada “Navbahor” ham mustasno emas. Chunki biz o‘zbek klublarining top-saviyasiga qaytishni maqsad qilganmiz. Yaxshi darajaga qaytish uchun shunga mos ravishdagi mutaxassislar jamoamizda jamlangan. O‘yinimiz sifatini inobatga olgan holda seleksiya borasidagi ishlarni ham shunga monand ravishda olib bormoqdamiz. Bu yo‘lda klub o‘yiniga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan bir qator futbolchilar bilan shartnomalar imzoladik. Vladimir Kozak, Diyor Turopov va Jasur Yaxshiboyev mana shunday ijrochilar sirasiga kirishadi. Uchala futbolchini yaxshi taniymiz. Hammasi “Paxtakor” akademiyasidan chiqqan. Boshqa jihatlardan tashqari men bu yigitlarni shaxsan taniyman. Ulardagi insoniylik fazilatlaridan xabarim bor. Bu uchala futbolchi klubga mos keladi, deb hisoblayman.
- Tarkibda yana yangi futbolchilarni ko‘ramizmi yoki shu bilan seleksiya tugadimi?
- Ayni chog‘da rejalarimizni oshkor qilmoqchi emasman. Men faqat shuni ta’kidlashim mumkinki, o‘zimiz taklif etgan futbolchilarning sifatidan qoniqish hosil qilmoqdamiz. Qolaversa, “zayavka” berish masalasida muayyan cheklov ham yo‘q emas. Shundan kelib chiqqan holda transfer masalasida qabul qilgan qarorlarimizdan to‘la qoniqish hosil qilyapmiz, deya olishim mumkin.
- Qirg‘izistonlik hujumchi Mirlan Murzoyev ko‘rikdan o‘tyapti. U sizni qoniqtiryaptimi?
- Men shu kungacha o‘zimiz amalga oshirgan transferlar haqidagina gapirishni istayman. Hozircha siz aytib o‘tgan futbolchi bilan rasman kelishuvga erishmaganmiz. Shu bois bu masalada bir narsa deyishim to‘g‘ri bo‘lmasdi.
- Islom Kenjaboyev bilan Andrey Sidorov klubdan ketishdi. Nima, ular ishonchingizni qozona olishmadimi?
- Kenjaboyev oilaviy sharoiti tufayli ketdi. Uni to‘g‘ri tushundik. Islom – juda yaxshi yigit. Inson sifatida ham u bizda faqat iliq taassurot qoldira olgan. Agar jamoada qolganidami, bu futbolchi “Navbahor”ga asqotgan bo‘lardi. Bunga shubha qilmayman. Ammo insoniylik tomonidan olib qaraganda, Islomni to‘g‘ri tushunishga harakat qilishimizni vaziyat taqozo etardi. U uyiga yaqinroq joyda – nazarimda Navoiyning “Qizilqum” klubida to‘p sursa kerak. Andrey Sidorovda o‘yin amaliyoti yetarli emasdi. Shu sababdan ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun boshqa klubga ketishiga ruxsat berdik.
- Mutaxassis sifatida birinchi davradan qanday xulosa chiqardingiz?
- Bugungi kunga kelib birinchi davrani barqaror darajada o‘tkaza olmaganimiz shundoq ko‘zga tashlanib qolmoqda. Buning boisi tarkib 70 foiz o‘zgarib ketgandi. Shuning uchun ham futbolchilardan ko‘p narsa talab qilish mantiqan to‘g‘ri bo‘lmasdi. Umuman olganda, shunday o‘zgarishlarga qaramasdan o‘z darajamizda – menimcha, 70 foizga teng o‘yin ko‘rsatdik. Endi ikkinchi davraga hozirlik ko‘ryapmiz va mavsumning qolgan qismini dastlabkisiga nisbatan munosibroq darajada o‘tkazish niyatidamiz.
- Exsoni Panshanbeni ketishiga munosabatingiz qanday bo‘ldi?
- Panshanbe – sifatli futbolchi. Men uning klubda qolishini istagan bo‘lardim. Ammo u terma jamoa o‘yinchisi. Boshqa istalgan klubning asosiy tarkibida o‘ynay oladi. Biroq seleksiya borasida olib borgan ishlarimiz tufayli Exsoni har doim ham boshlang‘ich tarkibda maydonga tusha olgani yo‘q. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yigit oldimga keldi. Biz hammasini ochiq-oydin gaplashib oldik. Panshanbening yangi ish joyida doim maydonga tushishini, yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini istardim.
Aytishim joizki, u bilan o‘rtamizdagi aloqa a’lo darajada bo‘lgan. Agar o‘yinchi yangi klubida o‘zidan yaxshi taassurot qoldira olsa, unga bo‘lgan qiziqishimizni inobatga olgancha “Navbahor”ga qaytarishga urinishimiz aniq. U yaxshi chempionatga yo‘l oldi. Murabbiy qo‘l ostidagi har bir futbolchiga kasbiy majburiyatdan tashqari, insoniylik fazilatlarini inobatga olgan holda ham samimiy munosabatda bo‘lmog‘i darkor. Uning milliy terma jamoa o‘yinchisi ekanligini anglaganini yana eslagan holda aytishim kerakki, Panshanbe mamlakat bosh jamoasida yetakchilaridan biri sanaladi. U shu sababdan ham klub darajasida doim o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmog‘i darkor.
Uning jamoadan ketishini atroflicha muhokama qilgan holda barchasiga rozi bo‘ldik. Ta’kidlash kerakki, Panshanbening ketishi ancha og‘riqli bo‘ldi. Klubdagi raqobatni e’tiborga olsak, harqalay o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. Boz ustiga Exsoni bizning barcha talablarimizni bajarishi ham mumkin edi. Nima bo‘lgan taqdirda ham bu yigitga omad tilab qolamiz. Sababi, Panshanbe yaxshi o‘yinchi, haqiqiy professional. Uning uchun Namangan – “Navbahor” sari yo‘llar doim ochiq. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar