18:25 / 31.07.2022
1 396

Timur Kapadze "Olimpik"dagi o‘zgarishlar, Ruslan Jiyanov taqdiri va terma jamoa haqida

Timur Kapadze "Olimpik"dagi o‘zgarishlar, Ruslan Jiyanov taqdiri va terma jamoa haqida
“Olimpik” va Timur Kapadze birinchi davrada o‘zlaridan yaxshi taassurot qoldirdi. Yosh murabbiy va yosh tarkib! Ikkinchi davrada ham uning jamoasi yana ko‘p klublarga “bosh og‘rig‘i” bo‘lishiga shubha yo‘q. Kapadze aniq loyiha asosida qo‘l ostidagi yigitlarni bir maqsad yo‘lida qanday jipslashtirayotganini hamma ko‘ryapti.

“Olimpik”ning ikkinchi davraga tayyorgarligi

- Tayyorgarligimiz yaxshi ketyapti. 1 avgustdan ikkinchi davra start oladi. Deyarli barcha futbolchilar shu yerda. Ketadigani ketib bo‘ldi, o‘rniga boshqa yigitlarni oldik. Ketganlar bizda kamroq o‘yin amaliyotiga ega edi. Ularni ham variantlari bor edi. Ketgan futbolchilarga omad tilayman. Hozir jamoamizdagi o‘yinchilar yaxshi sport formasida.

Tarkibdagi o‘zgarishlar

- O‘zimiz tanigan, bilgan yigitlar kelgan. “Bunyodkor”, “Lokomotiv” kabi klublardan oldik. Asosiy tarkibda o‘ynamayotgan futbolchilarni chaqirdik. Ularni ijaraga olyapmiz. Qani ko‘ramiz, jamoamiz o‘yinini qanchalik kuchaytirisharkin? Umuman olganda, menga kimlar kerak bo‘lsa, barchasi oldimda. Reja bo‘yicha tayyorlanyapmiz. O‘zimizni kamchiliklarimizni ham bilamiz va qaysi tomonga qarab harakatlanayotganimizni yaxshi ko‘rib turibmiz. Yana ishlashda davom etyapmiz.

Ruslan Jiyanov masalasi

- Jiyanov to‘g‘risida men ham u yer – bu yerdan eshitdim. Lekin aniq ma’lumot ayta olmayman. Chunki bu haqida hech nima bilmayman. Agar unga yaxshi jamoalardan taklif bo‘layotgan bo‘lsa, bu yaxshi. Ammo hali Ruslanni o‘z ustida ishlaydigan joylari bor. Chunki oldimizda chempionat o‘yinlari bilan birga Osiyo chempionatiga tayyorgarlik kutib turibdi. Olimpiada yo‘llanmasi uchun ham kurashishimiz kerak. Shu bois Jiyanov biz bilan. U ham har taraflama biz bilan kuchli bo‘lish uchun harakat qilyapti. Uning hozirgi sport formasi balki ayni paytdagi vaziyat uchun yaxshidir. Lekin biz bugungi kun bilan emas, ertangi kun bilan yashashimiz kerak. Bu davr mobaynida jamoalar ham o‘sishga harakat qiladi.

Osiyo chempionati nima berdi?

- Osiyo chempionati orqali yanada katta tajribaga ega bo‘ldim. Bunday turnirda birinchi marta ishtirok etdim. Undan avval U-19 Osiyo chempionati kovid sababli bo‘lmagandi. Osiyo chempionatida har 3 kunda o‘yin, har xil raqiblarni o‘rganish, futbolchilarni tiklash jarayoni va ularni tayyorlash, mana shunday holatlardan o‘tish katta tajriba beradi. Bunday musobaqa nafaqat menga, balki futbolchilarga ham katta tajriba bag‘ishlaydi. Albatta, eng muhimi natija edi. Har bir uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Har bir raqibga alohida yondashdik. Finalgacha borib, unda qatnashish katta yutug‘imiz.

Ammo bu bizning musobaqamiz emasdi. Negaki, jamoamiz yoshroq edi. Shunga qaramasdan yaxshi natijaga erishdik. Quvonarli tomoni hammamiz birlasha oldik. Rahbariyat, muxlislar, jurnalistlar – barchamiz bir tanu, bir jon bo‘ldik. Shunga yarasha ishqibozlarimizning yuzini yerga qaratmasdan harakat qildik. Bunda siz jurnalistlar ham katta hissa qo‘shdinglar. Bizga har taraflama ruhiy kuch va motivatsiya berdinglar. Bu raqib jamoasiga qanchalik bosim qilganini ko‘rdik. Bundan faqat xursand bo‘ldik.

Finaldagi mag‘lubiyat

- Finalga kelsak, balki qayerdadir tajriba yetishmadi. Birinchi marta finalda o‘ynashdi. Men yigitlarimizning potensialini bilardim va bundan ham yaxshi o‘ynay olardik. To‘g‘ri, Saudiyaning bizdan ustun jihatlari bor edi. Shunga qaramasdan finalda yutsak bo‘lardi. Hammasini tahlil qilyapman. Lekin futbol shunaqa. Ikkinchi marta shunday holatga tushsak, boshqa faktorlarni ham kuzatamiz va yanada aqlliroq bo‘lamiz. Tabiiyki, yutganimizda qoyilmaqom bo‘lardi. Osiyo chempionatida o‘tkazgan har bir o‘yinimizning zamirida o‘zining tarixi bor. Tarixni yaxshi tugatishga harakat qildik.

Bizning yosh toifamizdagi turnir bo‘lmasdan o‘zimizdan katta yoshdagi turnirda qatnashib finalgacha bordikmi, bu biz uchun yutuq. Futbolchilarimiz terma jamoadagi bosimni yengib o‘tishdi. Birgina g‘alabamiz odamlarni qanchalik xursand qilishini va birlashtirishini ham yigitlar ko‘rishdi. Vatan tuyg‘usi umuman boshqacha. Yurtga bo‘lgan muhabbat hammada yanada oshdi. Futbolchilar keyingi safar terma jamoaga shu tuyg‘uni yanada his qilib kelishadi. Chunki ortimizda hamma bizdan natija kutyapti, ularning yuzini yorug‘ qilishimiz kerak.

Hojimat Erkinovning “Torpedo”ga ketishi haqida

- O‘tgan yili ham unda varianlar bor edi. Kutilgan narsa bo‘ldi. Ketgani to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi, buni vaqt ko‘rsatadi. Men uchun o‘ynashi kerak. Qancha ko‘p o‘ynasa tajribasi shuncha ko‘payaveradi. O‘ylaymanki, u yerda murabbiy ham imkon beradi va futbolchi har taraflama sport formasida bo‘ladi. Bu uning uchun yangi chaqiruv edi. Shuning uchun ketdi. Bizga muhimi FIFA kunlaridan ham tashqari yordam bera olsa yanada yaxshi.

Qaysi futbolchilarga chetdan taklif bo‘ldi?

- Terma jamoamizda yana kimlarga chetdan taklif bo‘lganini eshitmadim. Agar bo‘lgan bo‘lsa ham hozir bu xususida o‘ylashmayapti, muhokama qilinmayapti. Chunki oldimizda aniq vazifa turibdi. Buni bajarmagunimizcha jiddiy tayyorgarlik ko‘raveramiz. Hamma o‘yinchi ko‘zim oldida bo‘lgani yaxshi. Taktik va jismoniy tomondan o‘zimiz ishlab chiqqan reja asosida tayyorlab boramiz. O‘zimizda bo‘lsa, barchasi ko‘zimiz ostida o‘sib borishadi va doim kuzatuvimizda bo‘ladilar. Chetda esa murabbiyni boshqacha qarashlari bor. Har xil vaziyatlarga duch kelishi mumkin. Shu bois futbolchilarni mening oldimda bo‘lishgani o‘zlari uchun, o‘zim uchun va terma jamoa uchun ham plyus. Yana seleksiya davom etyapti. Kechagi o‘yinchi vaqt o‘tib boshqacha formada bo‘lishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze "Olimpik"dagi o‘zgarishlar, Ruslan Jiyanov taqdiri va terma jamoa haqida