15:27 / 02.08.2022
1 331

"Qovun" tushirib qo‘ydi, "Olimpik" klubiga esa syurpriz. Lopes bunaqasini tushida ham ko‘rmagan!

"Qovun" tushirib qo‘ydi, "Olimpik" klubiga esa syurpriz. Lopes bunaqasini tushida ham ko‘rmagan!
1 avgustdan Superliganing ikkinchi davra uchrashuvlari boshlanib ketdi. Oldin aytganimizdek, endi hal qiluvchi palla keldi. Jamoalar birinchi davradagi yutuq va kamchiliklaridan hamda qayd etgan natijalaridan kelib chiqib ikkinchi davraga tayyorlanishdi, seleksiya ishlarini olib bordilar.

Gapni cho‘zmasdan asosiy mavzuga o‘tib qo‘ya qolaylik-a? Siz uchun ikkinchi davraning boshlanishidagi eng kutilmagan natija qaysi? O‘ylashimizcha, hamma baralla “Surxon” – “Olimpik” o‘yinidagi 0:5 hisobini aytishi turgan gap. Agar tashqaridan qaragan odamga bu natija mutlaqo ajablanarli bo‘lib tuyulishi aniq. 0:5 hisobi qayd etilishi uchun bunga arzirli, jiddiy sabab bo‘lishi kerak. Axir “Surxon” birinchi davrada Anxel Lopes boshchiligida yomon taassurot qoldirmagani shubhasiz. Jangovar kayfiyatdagi “Surxon” qanday qilib debyutant, yosh jamoadan bunday qattiq “tarsaki” qabul qilishi mumkin? Lekin amalda shunday bo‘ldi: “Olimpik” maqtalayotgan “Surxon” darvozasiga javobsiz beshta gol urdi. Lekin buning uchun raqib jamoa maydonda 9 futbolchi bilan o‘ynashi kerak bo‘ldi!

Hammasi nimadan boshlandi? “Surxon” posboni Davron Merganovni qilgan ishi ushbu mag‘lubiyat zamiridagi muhim faktorga aylandi. O‘yin boshi, 3-daqiqa o‘tib borayotganidayoq Merganov katta “qovun” tushirdi. U to‘pni tepib yuborish uchun o‘zining “doirasidan” tashqariga chiqib ketdi va bu ishni eplolmagach, raqibini o‘tkazib yubordi va bo‘sh qolgan darvozaga to‘p yo‘llashi mumkin bo‘lgan vaziyatda darvozabon maydonga yiqilganicha to‘pni ushlab oldi! Ammo u hali o‘zining hududida emasdi. Ayb 100 foiz Merganovning o‘zida edi. Bu holatda bosh hakam unga qizil kartochka ko‘rsatmasdan yana nima qilsin?!

Ta’bir joiz bo‘lsa, ikki martalik qizil kartochkaga loyiq ish qildi. Mana shunday qilib, Davron Merganov o‘zining xatosi tufayli ilk daqiqalardanoq jamoasini qiyin ahvolga tushirib qo‘ydi. Bu esa Lopesning rejalarini ham buzib yubordi. O‘yinning bunday boshlanishini hech kim kutmagandi. Har qanday hakam ham dastlabki daqiqalardayoq biror-bir futbolchini maydondan chetlatib yuborishi uchun bunga 100 foizli aniq sabab kerak. Agar jiddiy qo‘pollik qilinganida ham bunday vaziyatda ilk daqiqalar o‘tayotganini hisobga olib, istisno tariqasida biroz kechirishi mumkin. Lekin Merganovdagi vaziyat bunday emas-da!

“Surxon” maydonda 10 kishi qolgach ham kurashishda davom etdi. “Olimpik”ka shunchaki taslim bo‘lish niyatida emasdi. 5 ta gol urilgan o‘yindagi ilk gol 35-daqiqada kiritildi. Ruslan Jiyanov hisobni ochganidan keyin bo‘lim oxirlarida “Surxon” ikkinchi “zarba”ni qabul qilib oldi. Merganovning qizil kartochka olgani yetmaganidek, bu safar Kamron Saydazimov maydondan chetlatildi. U ikkinchi sariq kartochkadan so‘ng “haydaldi”. Bu esa endi o‘yindagi burilish nuqtasiga aylandi va raqibga syurpriz edi. Son jihatdan o‘ta sezilarli ustunlikka ega bo‘lib olgan “Olimpik” bo‘lim oxirigacha ikkinchi golni ham urishga erishdi.

Qolgani ikkinchi bo‘limda davom etdi. Har jihatdan raqibdan ojiz qolgan “Surxon” yana uchta golni o‘z darvozasidan olib chiqishga majbur bo‘ldi. Ha, bu majburiy holat edi. Har qanday jamoaga bir emas, ikkita o‘yinchisi maydondan chetlatilgan holda to‘liq ikkinchi bo‘limni o‘tkazish “dahshat”ning o‘zginasi. Buning ustiga raqib ko‘zi yonib turgan, kuchga to‘la, shijoatli “Olimpik” edi. Lopesni esa rejalari endi butunlay izdan chiqib ketgandi. Jamoasidan 2 ta chetlatish va darvozasi tomon 2 ta penalti... Bunaqasini murabbiy tushida ham ko‘rmagan.

“Olimpik” Superligada uchinchi g‘alabasiga erishdi. Qizig‘i, shundan ikkitasini o‘ta yirik hisobdagi g‘alaba sifatida qo‘lga kiritdi. “Bunyodkor” maydonida mezbonlarni 1:5 hisobida qaqshatgan Temur Kapadze jamoasi endi Olmaliqda rasmiy jihatdan mezbon sanalgan “Surxon”ni ayab o‘tirmadi. Ya’ni, ikkala 5 tadan gol urgan o‘yindagi g‘alabalarini safardagi bellashuvlarda qo‘lga kiritdi.

“Surxon” 7-mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Hali termizliklar yirik hisobda hech kimga yutqazmagandi. Joriy mavsumda ilk bor o‘z darvozasidan 5 ta gol olib chiqdi. To‘g‘ri, 9-turda “So‘g‘diyona”dan 4 ta gol qabul qilib olgan, ammo o‘shanda “Surxon” 2 ta gol bilan javob qaytargan. Bu safar esa nima bo‘lganini o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Darvoqe, ma’lumot uchun: “Olimpik”da faqat 3 ta mag‘lubiyat bor. Birinchi davrada ushbu jamoalar o‘rtasidagi bahsda 0:0 hisobida qayd etilgan. Demak, “Surxon” chempionat doirasida “Olimpik” darvozasiga yo‘l topa olmadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Qovun" tushirib qo‘ydi, "Olimpik" klubiga esa syurpriz. Lopes bunaqasini tushida ham ko‘rmagan!