13:30 / 02.08.2022
1 146

Maksim Shatskix: "Hamma o‘yinda 5:0 hisobida yutishimizni kutmang"

Maksim Shatskix: "Hamma o‘yinda 5:0 hisobida yutishimizni kutmang"
Superliga 14-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" – "Dinamo" (3:2) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Maksim Shatskix matbuot anumanida qatnashdi va savollarga javob qaytardi.

"Biz muxlislar uchun o‘ynaymiz. O‘ylaymanki, ular bugun bizdan rozi bo‘lishdi. Ochiq futbol ko‘rdik va shunga yarasha 5 ta gol guvohiga aylandik. Bizda nuqsonlar kuzatildi. Eng muhimi, 3 ochkoni qo‘lga kiritdik. O‘yinimizni bazada batafsil ko‘rib chiqib, kamchiliklar ustida ish olib boramiz", – dedi Shatskix.

- "Dinamo" Kiyevda Aleksandr Xatskevich yordamchisi bo‘lib ishlagansiz. Undan o‘rganganlaringizni "Paxtakor"da qo‘llamoqchimisiz?
- Albatta, Xatskevichdan o‘rganganlarimni qo‘llashni xohlayman. Bu haqda o‘ylayapmiz, hamma narsani o‘z vaqti bor.

- Odil Hamrobekovni markaziy himoyada o‘ynatdingiz. Bu himoyadagi muammolar bilan bog‘liqmi yoki shu narsani sinab ko‘ryapsizmi?
- Biz bir futbolchimizni qaydnomaga kiritishga ulgurmadik. O‘ylaymanki, keyingi bahsgacha bu masalani yechamiz. Bugun Odil Hamrobekovni markaziy himoyada o‘ynatishga to‘g‘ri keldi. U bu chiziqda oldin ham o‘ynagan. Odil bugun ishonchni oqladi. U va boshqa futbolchilarga hech qanday e’tiroz yo‘q. Uzoq tanaffusdan keyin birinchi rasmiy uchrashuv bo‘lgani uchun hayajon sezilib turibdi.

- Banashakning o‘yini Sharkichnikidan kuchli ko‘rinmadi. Sharkichning statistikasi yaxshi edi. Banashak tanlovi to‘g‘ri bo‘ldimi? U o‘ynab keta olishi borasida ishonchingiz komilmi?
- U sizlarni emas, bizni lol qoldirishi kerak. O‘yinchi sifatida undan qoniqyapman. Uning transferi bo‘yicha shaxsan o‘zim shug‘ullandim. U – haqiqiy hujumchi, Sharkich markaziy hujumchi emasdi. U orqaroqda to‘p tepardi. U o‘ynaydigan chiziqda o‘zimizda ham talaygina futbolchilar topiladi. Men u bilan gaplashdim va uni kuzatib qo‘yish bo‘yicha qaror chiqardim. U qolganida, zaxirada qolib ketardi va o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasdi. Yana bir bor qaytaraman, Pshemislav Banashak – haqiqiy forvard, Sharkich orqaroqda o‘ynardi.

- Bugun ayrim futbolchilar o‘zlarini ayab o‘ynaganday tuyuldi...
- Yo‘q, hech kim o‘zini ayab to‘p tepgani yo‘q. Shunchaki uzoq muddatli tanaffus ta’sir qilib, ko‘pchilikni hayajon bosdi. Hamma futbolchilarimiz borini berib harakat qilishdi. O‘zingiz ko‘rdingiz. o‘yin oxirida ham juda qiyin bo‘ldi, Barchasini hayajonga bog‘lagan bo‘lardim.

- Hakamlikka qanday baho berasiz?
- Men hech qachon hakamlik haqida gapirishni xohlamayman. Ular bilan shug‘ullanadigan tashkilot bor. Yana VAR ham bor. Ko‘rmagan vaziyatlarimni muhokama qilishim qiyin. O‘yinchimizdan so‘rasak, boshqa fikrni aytdi. Ochig‘i, bilmadim.

VARga ko‘p vaqt sarflanishi o‘yin tempiga ta’sir qiladi. Hakam maydonda sezilmasligi kerak. Tezlik tushib ketmasligi lozim. Aks holda, muxlislar ham zerikib qolishadi.

- Raqib darvozangiz oldida juda ko‘p vaziyatlar yaratdi. "Paxtakor"ning aynan himoya chizig‘idagi o‘yini borasida qanday fikrdasiz? Iliya Martinovich chamasi 60-daqiqada juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, qandaydir sarosimiga tushib qoldi...
- Hamma futbolchi ham adashadi. Himoyadagi o‘yinimizga kelsak, 2 ta gol o‘tkazdikmi, demak, bizda muammolar bor. O‘yinni ko‘rib chiqib, xulosa chiqaramiz. O‘z maydonida gol o‘tkazishga "Paxtakor"ning haqqi yo‘q. Nafaqat uyda, balki mehmonda ham. Afsuski, "Nasaf" bilan o‘rtoqlik o‘yinidan to‘g‘ri xulosa chiqarmabmiz, standart holatda oqsadik. Bu muammoni bartaraf qilishga harakat qilamiz. Boshqa bunday xatolar takrorlanmasligi darkor.

- Diyor Xolmatov va Abbosbek Fayzullayev maydonga tushgach, keskin burilish yasaldi va "Paxtakor" o‘yini tezlashdi...
- Sardor Sobirxo‘jayev va Azizbek Turg‘unboyev charchab qolishgani ko‘rindi. Avval Dostonni almashtirmoqchi edik. Lekin qarasak, Sobirxo‘jayev ancha toliqib qolgan ekan. Ularni almashtirdik.

Diyor Xolmatov o‘z pozitsiyasida harakat qilmadi, desak bo‘ladi. Abbosbek Fayzullayev esa o‘z o‘rnida to‘p tepdi. Ular o‘yinni chinakamiga tezlashtirishdi, chap qanotdagi hamma hujumlarimiz yaxshi tashkil qilindi. Xolmatov va Fayzullayev o‘yin ritmiga qo‘shilib ketib, o‘yinimizni jonlantirishdi.

- Azizbek Turg‘unboyevning holati u qadar yaxshi emasdi. Bu nima bilan bog‘liq?
- Bilmadim, balki bu uning yaqinda to‘yi bo‘lgani bilan bog‘liqdir. Umuman olganda, uning mashg‘ulotlardagi faolligi va tezkorligi qoniqtirgandi. U jamoamizning eng tezkor futbolchilaridan biri, biroq u bu xislatidan kam foydalanadi. U tezligini ishga solganda, xavfli vaziyatlar hosil qildik. U bilan bu borada doimiy ravishda ishlaymiz hamda uning xislatini ijobiy tarafga o‘zgartiramiz.

"Birinchi o‘yindanoq xulosa chiqarmasligingizni so‘ragan bo‘lardim. Men yigitlarimizni yaxshi bilaman. Ular yig‘inda jiddiy ravishda mehnat qilishdi. Ular bunday og‘ir yuklamani oxirgi yarim yilda boshdan o‘tkazishmagan. Bu ham ta’sir qilishini unutmasligingiz kerak. Hamma o‘yinda 5:0 hisobida yutishimizni kutmang, bunaqasi ro‘y bermaydi. Hozirgi kundagi futbolda qaysidir raqibni shunchaki osonlik bilan mag‘lub eta olmaysiz.

Albatta, biz "Dinamo"dan kuchlimiz, bu aniq. Buni o‘yindan oldin futbolchilarga uqtirgandim, ammo barchasi maydonda hal qilinadi, o‘sha yerda hammasini isbotlash kerak bo‘ladi. Afsuski, ayrimlarga buni to‘liq tushuntirib bera olmaganga o‘xshayman. Men ham siz kabi o‘ziga yarasha xulosa chiqarib oldim va meni ham ko‘p narsa qoniqtirmadi, albatta", – deya so‘zlarini yakunladi "sherlar" ustozi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shatskix: "Hamma o‘yinda 5:0 hisobida yutishimizni kutmang"