10:06 / 09.08.2022
1 687

“Roma” Shomurodov bo‘yicha zo‘r taklifni qabul qilmayapti

“Roma” Shomurodov bo‘yicha zo‘r taklifni qabul qilmayapti
“Bolonya” o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov uchun eng ko‘p kurashayotgan jamoa hisoblanadi. Bolonyaliklar bosh murabbiyi Sinisha Mixaylovich hujum chizig‘ini “Roma” hujumchisi yordamida kuchaytirishga intilmoqda.

La Gazzetta dello Sport nashrining ma’lum qilishicha, poytaxtliklar xaridor bilan ijara shartnomasidagi bir band bo‘yicha kelisha olmayapti. “Bolonya” Shomurodovni bir mavsum ijarada o‘ynatib, agar uning harakatlari ma’qul kelsa, legionerni 11 million yevroga xarid qilmoqchi. Bolonyaliklar shu bois ijara shartnomasiga keyinchalik transfer qilish huquqini kiritishga urinyapti.

“Roma” esa Shomurodovning jamoadagi kelajagiga shubha bilan qarayapti shekilli “Bolonya”ga kelasi yozda hujumchini sotib olish huquqi o‘rniga xarid qilish majburiyatini yuklamoqchi.

Ayni paytda tomonlar aynan mana shu masala bo‘yicha kelisha olmay turibdi.

Bundan tashqari, “Roma” Shomurodov transferi bo‘yicha boshqa klublar bilan ham muzokara olib borayotgani haqida xabarlar bor.

Anchadan beri “Sassuolo” va “Torino” o‘zbekistonlik forvard atrofidagi vaziyatni kuzatib borayotgan bo‘lsa, Turkiya chempioni “Trabzonspor” Chempionlar ligasi saralash turniri oldidan hujum chizig‘ini Eldor Shomurodov yordamida kuchaytirib olmoqchi.

“Trabzonspor” jamoasi Eldor Shomurodovning imkoniyatlarini yaxshi biladi. Hamyurtimiz “Roma” tarkibidagi ilk rasmiy uchrashuvini bir yil muqaddam aynan mana shu jamoaga qarshi o‘tkazib, debyut golini ham urgan. O‘shanda tomonlar UYEFA Konferenetsiyalar ligasining saralash bosqichida o‘zaro duch kelgan va Turkiyadagi birinchi uchrashuvda rimliklar Shomurodovning goli evaziga 2:1 hisobida zafar quchgandi.

Mavsum oxiriga borib, Joze Mourino shogirdlari Konferensiyalar ligasining finalida “Feyenoord”ni 1:0 hisobida dog‘da qoldirib, bosh sovrin sohibi bo‘lgan. Eldor Shomurodov esa UYEFA turnirlari finalida maydonga tushgan birinchi o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarix sahifalaridan joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, 27 yoshli Eldor Shomurodov “Mash’al” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2014 yili O‘zbekiston chempionatida muborakliklar safida o‘n marta uchrashuv o‘tkazgan iste’dodli hujumchi kelasi mavsumdan “Bunyodkor”ga o‘tgan edi.

Poytaxt jamoasidagi ikki uch yillik faoliyati davomida Eldor 66 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 18 marotaba ishg‘ol qildi.

Keyinchalik Shomurodov Rossiya premer-ligasining “Rostov” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Rostovliklar safida premer-ligada jami 80 ta uchrashuvda 16 ta, Rossiya kubogi va Yevropa Ligasida bittadan to‘p kiritgan hujumchimiz 2020 yilning oktabrida Italiya chempionatiga yo‘l oldi.

“Jenoa” hujumchimiz uchun “Rostov”ga jami 9 million yevro miqdorida badal puli to‘ladi. Kuchli beshlik chempionatlaridagi debyut mavsumida Shomurodov sakkizta to‘p kiritdi va bir necha grand klublar e’tiborini tortdi.

Oxir-oqibat legionerimiz “Roma”ni tanladi. Shomurodov Joze Mourino qo‘l ostidagi mavsumni qirqta uchrashuv, beshta gol va oltita assist bilan yakunladi. Shuningdek, Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqib, Yevropadagi ilk nufuzli sovrinini qo‘lga kiritdi.

Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchisi va sardori hisoblanadi. Hujumchimiz mamlakatimiz bosh jamoasida 56 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga 30 ta gol yozdirib qo‘ygan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma” Shomurodov bo‘yicha zo‘r taklifni qabul qilmayapti