18:13 / 19.08.2022
1 305

“Beshiktosh”dan taklif, “Nijniy Novgorod”ga nega o‘tmagani va “Nasaf”ning chempionlik uchun imkoniyatlari - Sherzod Nasrullayev

“Beshiktosh”dan taklif, “Nijniy Novgorod”ga nega o‘tmagani va “Nasaf”ning chempionlik uchun imkoniyatlari - Sherzod Nasrullayev
Hozirda Sherzod Nasrullayev nomi barcha futbol ihlosmatlari uchun tanish. U milliy terma jamoa va “Nasaf”dagi o‘zining yorqin o‘yinlari bilan muxlislar e’tiborini qozongan. Bir necha oy ilgari Yevropaning ko‘plab klublari himoyachiga qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqaldi. Shu bois, Sports.uz nashri Sherzod Nasrullayev bilan intervyu uyushtirib, barcha savollarga javob topishga harakat qildi.

- Avvalambor, assalom-u alaykum. Sherzod, taklifimizga yo‘q demay, intervyuga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat.
- Assalom-u alaykum. Sizlarga ham taklif uchun rahmat.

- Dastlabki savolni yaqinda bo‘lgan AGMKga qarshi o‘yindagi holat bilan boshlamoqchiman. Bosh hakam avval penalti belgiladi, biroq keyinchalik VARni ko‘rib, qarorini o‘zgartirdi. Bu haqda sizning fikringiz qanday?
- Ha, albatta. Ushbu vaziyat ko‘pchilik singari bizni ham hayron qoldirdi. Menimcha, bu yaqqol penalti edi. Ammo negadir referi 11 metrlik jarima belgilamadi. Vaziyatga e’tibor bergan bo‘lsangiz, to‘p Anzur Ismoilovning qo‘liga tekkan. Biroq hakam VARni ko‘rib, fikridan qaytdi. Ammo hali oldinda ko‘plab o‘yinlar bor. Biz o‘zimiz uchun kerakli ochoklarni to‘plab, chempionlik uchun harakatni davom ettiramiz.

- Oxirgi paytlarda VARga hakamlar ko‘p vaqt sarflab yuboryapti. Bu o‘yin tempiga ta’sir qilmayaptimi?
- O‘yin tempini tushirib yuborishi rost. Misol uchun AGMKga qarshi o‘yinda ham hakam 5-6 daqiqa sarfladi. Tabiiyki, bu o‘yin haroratiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Bosh murabbiyimiz Ro‘ziqul aka Berdiyev aytgani kabi VARni chempionatimizga olib kelganimiz bilan daraja o‘sib qolmaydi.

- Yaqinda jiddiy jarohat olib, ko‘p vaqtga safdan chiqdingiz. Lekin jarohatdan tiklanib, qaytganingizdan keyin o‘yiningizda biroz pasayish bordek ko‘rinmoqda.
- Albatta, sportchi jarohat olganidan keyin uning tiklanishiga ko‘p vaqt ketadi. Hozirgi paytda men bilan ham shunday davr kechmoqda. 3 oyga yaqin futbol o‘ynamadim, bu esa o‘yinimga salbiy ta’sir o‘tkazgani rost. Oldingi holatimga qaytish uchun biroz vaqt kerak. O‘ylaymanki, o‘yindan-o‘yinga formam yaxshilanib boraveradi. Hozirda hammasi yaxshi ketmoqda. Murabbiylardan kerakli ko‘rsatmalarni olib, o‘z o‘yinimizni tiklashda davom etaman.

- Bir necha oy oldin sizga Turkiya chempionatidan taklif bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqalgan edi.
- Juda ko‘p jamoalardan taklif bo‘ldi. Ushbu klublar “Nasaf” rahbariyati va agentim bilan muzokara olib borishdi. Lekin yakunda muzokaralar to‘xtab qoldi. Bunga asosiy sabab esa “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinda olgan jarohatim sabab bo‘ldi. Shu bois, legionerga aylanishim kechikdi.

- Aynan qaysi jamoalar ekanligini ochiqroq ayta olasizmi?
- Qiziqish bildirgan jamoalar orasida eng nomdori “Beshiktosh” edi. Bilishimcha, ushbu klub faqatgina menga emas, balki bir necha jamoadoshlarimga ham taklif bilan chiqishgan. Agentim Xorvatiya chempionatidan ham qiziqish borligi haqida aytgan edi. Qolaversa, Rossiyaning “Nijniy Novgorod” va “Alaniya” kabi klublari ham o‘z safiga qo‘shib olmoqchi edi. Biroq yakunda jarohatim sabab bu transfer amalga oshmay qoldi. Hozirda o‘z o‘yinimni tiklab bormoqdaman. O‘ylaymanki, hali Yevropaga ketishga ulguraman.

- “Beshiktosh” “Nasaf”ning yana qaysi futbolchilariga taklif bildirgan?
- Husayn Norchayevga ekanligi haqida eshitgan edim. Lekin bu haqda to‘liq ma’lumotga ega emasman.

- “Nasaf” OCHL pley-off masalasini hal qilgan. Biroq bu uchrashuvlar 2023 yilda o‘tkaziladi. O‘sha o‘yinlarda jamoaga yordam berish uchun qolasizmi yoki Yevropaga ketish haqida o‘ylayapsizmi?
- Hozircha ketish haqida o‘ylaganim yo‘q. Birinchi navbatda “Nasaf” bilan chempionlikni qo‘lga kiritmoqchiman. Keyin esa jamoa bilan Osiyo Chempionlar ligasida munosib qatnashishni rejalashtirganman. Agar bu musobaqalarda o‘zimiz uchun kerakli natijalarni ko‘rsata olsak, keyin ketish haqida o‘ylab ko‘raman. Hozirda bor e’tiborimni ichki chempionat bahslariga qaratganman.

- “Nasaf”ning chempionlikdagi imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Hammaga ma’lumki, hozirda O‘zbekiston Superligasida ham intriga oshib, yildan-yilga chempionlikka da’vogarlar soni ko‘payib bormoqda. “Nasaf” ham o‘z oldiga chempionlikni maqsad qilgan. Buning uchun butun jamoa qo‘lidan kelgancha harakat qilmoqda. O‘ylaymanki, o‘zimiz uchun kerakli ochkolarni qo‘lga kiritib, oltin medallarga ega chiqamiz.

- Yaqinda O‘zbekiston terma jamoasi 2023 yilgi Osiyo kubogiga tayyorgarlikni boshlaydi. Umuman olganda qit’a birinchiligidagi imkoniyatlarimiz qanday. Srechko Katanes jamoaga nimalar bera oldi va bera oladi?
- Hozirda O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruviga tajribali murabbiy kelgan. Srechko Katanes o‘z g‘oyalarini futbolchilarga oson yetkaza oladi. Ushbu mutaxassis bilan ko‘plab narsalarga erishishimizga ishonaman. Osiyo kubogi oldidan bir qancha o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazilishi belgilangan. Bu nazorat bahslari bizga yaxshigina tajriba va jamoaviy o‘yinni shakllanishiga sabab bo‘ladi.

- Farrux Sayfiyev va Ibrohimxalil Yo‘ldoshev O‘zbekiston terma jamoasidagi asosiy raqobatchilaringiz hisoblanadi. Hozirgi darajangiz bilan terma jamoaning asosiy futbolchisiman deya ayta olasizmi?
- Ha, albatta. O‘zimni terma jamoamizning asosiy futbolchisiman deya ayta olaman. Bunga yetarlicha sabablar bor. Sayfiyev ham, Yo‘ldoshev ham zo‘r futbolchilar, lekin ular bilan raqobatlashishdan qo‘rqmayman.

Jamshidbek Mahmudov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Beshiktosh”dan taklif, “Nijniy Novgorod”ga nega o‘tmagani va “Nasaf”ning chempionlik uchun imkoniyatlari - Sherzod Nasrullayev