21:27 / 04.09.2022
1 439

Oston O‘runovni yana yulduzga aylantirishmoqchi!

Oston O‘runovni yana yulduzga aylantirishmoqchi!
Rossiya matbuoti Oston O‘runov haqida yozishni yaxshi ko‘radi. 21 yoshli legionerimiz Rossiya premer-ligasiga qadam qo‘yganidan beri, ya’ni ikki yil davomida rus jurnalistlari, insayderlari nishonida turibdi.

Bu vaqt mobaynida Oston O‘runov haqida turli-tuman xabarlar aylandi. Uning kreativ o‘yin uslubi, premer-ligada bunaqa o‘yinchi yo‘qligi, Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida o‘ynay olish salohiyati, kelajagi porloqligi haqidagi ijobiy maqolalardan tortib, yoshi urilgani, narxi sun’iy oshirilgani, katta klublarda o‘ynashga qodir emasligi kabi salbiy mavzulardagi materiallargacha tarqatildi.

Oston O‘runovning “Spartak” bilan shartnoma bekor qilib, taqdirini premer-liga autsayderi “Ural” bilan bog‘lagani hamyurtimizni yana Rossiya matbuoti sahifalariga qaytardi.

Xususan, “Match TV” jurnalistlari “Ural” prezidenti Grigoriy Ivanov bilan bog‘lanib, Oston O‘runov transferiga munosabatini o‘rgandi. Klub rahbari o‘zbekistonlik futbolchi karerasini qayta tiklab olishi uchun unga barcha sharoitlar yaratib berilishini alohida ta’kidladi.

- Murabbiy Ostonni o‘rganib chiqdi. Yigitni yana avvalgi formaga qaytarishga ulgurishimiz mumkinligini aytdi. Oston ikki yil muqaddam qimmatbaho futbolchi bo‘lgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p tepadi.

Bu yigit yana yaxshi o‘ynab ketishi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz. O‘runov – sifatli futbolchi.

O‘runovning transferi murabbiylar qarori, men hech qachon murabbiyning qarorisiz yangi o‘yinchi olmayman. Bu transfer borasida shubhaga bordimmi? Yo‘q, albatta.

Bizga futbolchining vakillari murojaat qildi va unga o‘yin amaliyoti kerakligini ta’kidlashdi. Biz bu borada majlis qilib, bir qarorga keldik. Men bu futbolchini avval ko‘rmaganman.

Biz hozir markaziy himoyachi ham qidiryapmiz. Bu pozitsiyada o‘ynaydigan uch nafar futbolchimiz bor va ulardan biri jarohat olgan. O‘yinlar uch kunla bir o‘tkazilmoqda. Bu bizning o‘yinchilar uchun katta bosim, chunki ular ilgari hech qachon bunaqa bosim ostida to‘p surmagan
, - dedi Grigoriy Ivanov.

Rossiyaning Sport24 sayti jurnalisti Andrey Babich “Ural” prezidenti Grigoriy Ivanovdan jamoa Oston O‘runovni qachongacha o‘ynatmoqchi ekani haqida so‘radi.

- O‘runovni qancha muddatga oldinglar?
- Hali buni ko‘rib chiqamiz. Hozir, kamida ikki mavsum “Ural”da o‘ynashi aniq, - deb javob qaytardi Grigoriy Ivanov.

Oston O‘runov “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Professional futbolchi sifatida “Navbahor”da shakllangan. Keyinchalik Toshkentning “Lokomotiv” klubida to‘p tepdi va aynan “temiryo‘lchilar” safida Rossiya premer-ligasiga yo‘l oldi. Legioner sifatida “Ufa” va “Spartak” jamoalarida o‘ynadi.

O‘runov klublar maqyosida jami 111 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga beshta gol va beshta assist rasmiylashtirgan. Bu futbolchi maydon markazi, har ikki qanot va hujumchi ortida o‘ynay oladigan universal ijrochi hisoblanadi.

Oston 2019 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasidan joy olib kelmoqda. Hozircha, 21 yoshli futbolchimiz yettita uchrashuvda bitta to‘p kiritgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oston O‘runovni yana yulduzga aylantirishmoqchi!