08:31 / 05.09.2022
1 464

O‘yindan o‘t, "Lokomotiv"da ... chiqdi. Yoxud Kaxi yolg‘iz emas

O‘yindan o‘t, "Lokomotiv"da ... chiqdi. Yoxud Kaxi yolg‘iz emas
Sarlavhani noto‘g‘ri tushunmang, Toshkent klubida katta muammo chiqqani nazarda tutilgan. Kecha o‘zbek futbolidagi barcha tashkilot va shaxslarning pochtasiga xat kelib tushdi. Unda "Lokomotiv" klubi va jamoa sardori Kaxi Maxaradze go‘yoki kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani iddao qilinyapti.

Aslini olganda bu mavzu o‘zimizda anchadan beri o‘rganilayotgan edi. Men "temiryo‘lchilar" atrofida shubhali ishlar bo‘layotganidan may oyida xabar topganman (pastroqda isbot ham bo‘ladi). Tabiiyki, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashuvchi organlar bizdan ham oldinroq holatni o‘rganishni boshlashgan. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: Nega ommaga oshkor qilinmadi yoki...

"LOKOMOTIV" A’ZOLARI JAZOLANMAYAPTI?
Hammasi oddiy. Shubha ostidagi 1 kishi (deylik, Kaxi) so‘roq qilinsa, uning boshqa sheriklari sergak tortishi mumkin edi. Bilasiz, ovga chiqqan sayyod o‘ljasini hurkitib yubormaslik uchun imkon qadar ovozsiz bo‘lishga harakat qiladi. Shu tufayli men ham manbadan kattaroq "baliq" kelishini kutayotgan edim. Aniqroq aytilsa, "Loko"da total bilan faqat 1 kishi shug‘ullanmayapti. Ularning barchasini ushlash uchun yana ozroq vaqt kerak edi. Bugun OAVga sizdirilgan xabar esa sukunatni buzib, "kiyiklar to‘dasini qochirib yubordi". Nachora, endi men ham "kartalarni" ochishga majburman.

MAXARADZЕNI ShЕRIKLARI SOTDI
Kaxi haqidagi xabarni tarqatgan kishi o‘zini bukmeykerlik kompaniyasi inspektori sifatida tanishtiryapti. Aslida unday emas. Buni xat yuborilgan elektron manzillar orasida SportRadar borligidan anglab olish qiyin emas (bu tashkilot barcha kantoralar bilan bevosita ishlaydi). Shuningdek, "188bet" singari legal kompaniyalar O‘zbekiston chempionatida qizil kartochkani "stavka" qilmasligini ham unutmaslik kerak (2016 yilda hakamlarimiz o‘z o‘yiniga pul tikaverganidan keyin yopilgan). Xatni "Lokomotiv" sardori bilan qaysidir nolegal bukmeyker o‘rtasida turgan shaxs (hamkor) yozgan. Voqea esa u yerda ko‘rsatilganidan farq qiladi:

Ma’lumotni sizdirgan kishi anchadan beri "temiryo‘lchilar" bilan ishlaydi. Oxirgi o‘yinlardan birida ular kelishgan "stavka" o‘xshamay qolgan. Ma’lumot uchun, bunaqa sxemada o‘xshamagan "stavka"dan ko‘rilgan zararni keyingi o‘yinda o‘sha futbolchilar qoplab berishi kerak.

Kuyib ketgan pul munosabatlarga sovuqchilik solgan. Shundan keyin "Lokomotiv" sardori to‘g‘risidagi ma’lumotlarning bir qismi chiqarildi. Ular Maxaradze orqali boshqalarga tahdid qilayotgan bo‘lishi mumkin. Agar zarar qoplanmasa, barcha sharmanda bo‘ladi.

OAV xabar topgani...
Yomon bo‘ldi. Buni ishonch bilan ayta olaman. Tepada "Loko" atrofida shubhali ishlar bo‘layotganini may oyida sezganimni aytdim. Hozir sizga hech qayerda tarqalmagan, hech kimga yuborilmagan ma’lumotni aytaman:

23 may kuni o‘tkazilgan Toshkent derbisidan juda katta summa ko‘tarilgan edi (-1,5 "fora"ga ishlangan)...

Bilasizmi, totalizatorni aniq hisobga o‘ynashdan qiyini yo‘q va buni 1 kishi eplay olmaydi. Kimlarning qo‘li "kir" ekanini to‘liq bilib olish uchun esa yana biroz vaqt kerak edi. Hozirgi holatda Kaxi barcha aybni o‘z bo‘yniga olishi mumkin. Uning boshqa sheriklari suvdan quruq chiqib ketadi. Shuning uchun 3 oydan beri kutayotgan edik (kimdir hammasini rasvo qildi).

MAXARADZЕ YOLG‘IZ EMAS
Aniq hisobni chiqarish uchun maydondagi futbolchilarning 4-5 nafari "stavka"ga harakat qilishi kerak. Xullas, Kaxi gapiradigan bo‘lsa, ko‘pchilik ketadi. Men o‘rganishlarim natijasida yana bir futbolchidan jiddiy tarzda shubhalanib kelyapman. Bu "Oqtepa"dan "Lokomotiv"ga ko‘chib o‘tgan Samuel Opex.

Tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun ba’zi faktlarni keltiraman:

1. 10-tur: "Paxtakor" 2-golini urayotgan lahzada "aktyorlik" qildi.

2. 12-tur: Norxonov gol urayotgan pallada uni to‘liq yopmadi.

3. 15-tur: Mirahmadov AGMKning 4-golini urganda balki uni ayblash qiyindir. Lekin o‘sha kuni "temiryo‘lchilar" Olmaliq klubi qarshi hujumga qochib, gol urishi uchun barcha narsani qilishgan edi.

ENDI NIMA BO‘LADI?
Maxsus inspeksiyada yer tagida ilon qimirlashini oldindan biladigan odamlar o‘tiribdi. O‘ylashimcha, ular ham "baliqlarning hammasi suv yuziga chiqishini kutib", qarmoq tashlab o‘tirgandi. Yuqorida aytganimdek, bitta xabar barchasi rasvo qildi. Hozir bittagina yo‘l qoldi: Kaxini gapirtirish.

Maxaradzening aybi isbotlansa, barcha unvonlari bekor qilinadi va futboldan muayyan muddatga chetlatiladi. Agar bu ishda jamoa rahbariyatidan kimningdir qo‘li bo‘lsa, "Lokomotiv" ochkolardan mahrum qilinishi, quyi ligaga tushirib yuborilishi yoki musobaqadan chetlatishi mumkin. Voqealar rivojini kuzatamiz.

BONUS
Ayni kunlarda "Lokomotiv" o‘yiniga qilingan oxirgi "stavka"ni o‘rganayotgan edim. Bunaqa ishlarda shubha tasdiqlanishi juda ko‘p vaqtni oladi. Ammo gumonlarim to‘g‘ri bo‘lsa, tez orada futbolimiz afsonalaridan birining asl yuzini ko‘rasiz. Va’da beraman!

Muallif: Faxriddin Ro'ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘yindan o‘t, "Lokomotiv"da ... chiqdi. Yoxud Kaxi yolg‘iz emas