22:03 / 08.09.2022
6 359

Afrikadagi «rezina» orol — nega ko‘pchilik bu yerda yashashni istaydi?

Afrikadagi «rezina» orol — nega ko‘pchilik bu yerda yashashni istaydi?
Orolning maydoni 2 ming kvadrat metr.
Foto: Onedio

Afrika mamlakatlari qarama-qarshi jihatlari bilan ko‘pchilikka hamma vaqt qiziq tuyulgan. Masalan, Viktoriya ko‘lidagi chog‘roqqina bir orolda odamlar bunchalik tiqilinch yashashi ajablanarli.

Dunyoda aholi bunchalik zich yashaydigan boshqa bir orol yo‘q. Orol 20 yilki, Ugandagami yoki Keniyagami tegishli degan munozaralar orasida qolgan. Shu sababli orolda yashovchilar ikki qo‘shni mamlakatga ham soliq to‘laydi. Ikki hissa to‘lov to‘lab ham mahalliy aholi orolni tark etmaydi. Chunki, bu yerda yashash ularga yetarlicha foyda keltiradi.

Orol ko‘lning eng chuqur yerida joylashgani sabab, suvda ancha xavfli jonivorlar — timsohlar va begemotlar yashaydi. Garchi cho‘milish uchun suvga tushishga hamma ham jur’at qilolmasa-da, yirtqichlar ham mahalliy aholini oroldan uzoqlashtirolmaydi.

Orolning maydoni 2 ming kvadrat metr, boshqacha aytganda, taxminan o‘rtamiyona futbol maydonining yarmicha keladi. Ana shu hududda 500 mingdan ortiq aholi yashaydi. Endi ana shuncha aholini yarim futbol maydonicha yerda, ular yashaydigan uylar, cherkov va xo‘jalik binolari bilan birgalikda tasavvur qiling.

Migingo oroli qirg‘oqlari qoyalardan iborat. Ya’ni, bu yerda hosildor yer yo‘q. Orolda daraxt ham anchadan buyon o‘smaydi, bu yerga o‘rnashish jarayonida kesib tashlangan. Aholining yagona tirikchilik manbasi bu baliqchilikdir. Ko‘lda esa baliq keragidan ortiq.

Xatarli bo‘lsa ham, baliq ovi bu yerlik aholining bor-budi. Har gal soliq to‘langanda, hamyonlari bo‘shab qolsa ham odamlar materikka ketishni istashmaydi. Aksincha, yangi kelgan baliqchilar hisobidan bu yerlik aholi so‘nggi vaqtda 4 barobarga ko‘paydi.

Baliqchilar materikdan ko‘ra, shu orolda bo‘lganlari tufayli ovlari baroridan keladi deb hisoblashadi. Ayrim hollarda bir baliqning o‘zi 100 kilo tosh bosgani kuzatiladi. Shundan oroldagi baliqchining haftalik daromadi 300 dollargacha yetishi mumkin. Bu tabiiyki, Afrika fuqarosi uchun juda katta mablag‘. Ovlangan baliq darrov ulgunji xaridorlar tomonidan talashib olinadi va baliqchilarga naqd pul beriladi. Elektron to‘lov hali orolda mavjud emas.

Qizig‘i, Migingo oroli bilan yonma-yon yana bir Usingo oroli ham joylashgan. Uning maydoni ancha katta va bu orolda hech kim yashamaydi. Aholining ishonishicha, Usingo — ruhlar makoni va ularni bezovta qilish mumkin emas. Odamlar qo‘shni orolga ahyon-ahyonda, faqat qurbonlik qilish va marosimlarni ado etish uchun, o‘tishadi.


Agar Siz baliqchilar orolida bo‘lishni istasangiz, Uganda va Keniya davlatlari vakolatxonasidan ruxsat olishingiz, oroldagi politsiya bo‘limidan rasman qayddan o‘tishingiz va uncha qimmat bo‘lmagan badalni to‘lashingiz kerak bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Afrikadagi «rezina» orol — nega ko‘pchilik bu yerda yashashni istaydi?