00:26 / 13.09.2022
2 896

"Shomurodov orqali futbolingiz yevropalik skautlar kuzatuvida, sizlarda "oltin avlod" shakllanyapti, o‘zbek madaniyatini eshitganman" - "Inter"ning sobiq ustozi

"Shomurodov orqali futbolingiz yevropalik skautlar kuzatuvida, sizlarda "oltin avlod" shakllanyapti, o‘zbek madaniyatini eshitganman" - "Inter"ning sobiq ustozi
Saytimiz jurnalisti Shuhratbek Jo‘rayev ayni paytda Qatarning “Al-Garafa” klubiga bosh murabbiylik qilayotgan italiyalik Andrea Stramachchoni bilan bog‘landi. 46 yoshli mutaxassis o‘z vaqtida Italiyada “Inter” klubini boshqargani bilan yaxshi tanilgan. Keyinchalik “Udineze”, “Panatinaikos” (Gretsiya), “Sparta” (Chexiya) singari jamoalarga ham ustozlik qildi. Oxirgi yillarda faoliyatini Osiyoda davom ettirmoqda. 2019 yildan 2021 yilgacha Eronning “Istiqlol” jamoasiga bosh murabbiylik qilgan bo‘lsa, o‘tgan yildan buyon Qatarning “Al-Garafa” jamoasida ishlab kelmoqda.

Stramachchoni bilan ilk bor aloqaga chiqib o‘zimizni tanishtirganimizdayoq u bizni mamnuniyat bilan qarshi oldi. Tabiiyki, o‘zbek matbuotiga intervyu berish uning uchun ham qiziq tuyuldi va bizning taklifimizga ijobiy javob qaytardi. Faqat orada suhbat biroz cho‘zildi. Bunga jiddiy sabab bor edi. Boisi, Andrea Stramachchoni qiz farzandli bo‘lgandi. Biz uni yangi chaqaloq bilan tabrikladik. O‘z yumushidan ortgan murabbiy savollarimizga javob berdi.

- Janob Stramachchoni, sizni nomingizni eshitishimiz bilanoq “Inter” klubi yodimizga tushadi. Sababi, bizdagi muxlislar ham sizni “Inter”ni boshqarganingiz orqali yaxshi eslab qolganlar. Ayting-chi, “Inter” sizning tashrif qog‘ozingizga aylanganmi?
- “Inter”da ikki unutilmas mavsumni o‘tkazganman. Albatta, barcha xotiralar va muxlislarning menga bo‘lgan muhabbati doim mening qalbimda qoladi.

- Bilamizki, o‘sha paytda murabbiy sifatida ancha yosh edingiz. “Inter”dagi faoliyatingiz o‘zingizga ham yoqqanmi? Hozir 46 yoshdasiz. Masalan, endi “Inter” boshqaruvini o‘z qo‘lingizga olsangiz, bunga oldingidan-da tayyordirsiz-a? Ya’ni, o‘sha paytdagidan ko‘ra tajribaliroqman, deya olasizmi?
- Futbolda hech qachon oldindan nima bo‘lishini ayta olmaysiz. Men doim o‘z ishimni yurakdan, bor kuchimni sarflab bajarganman. Har bir sinov boshqacha, har bir klubning o‘z tarixi bor va albatta “Inter” dunyoning eng e’tiborga sazovor klublaridan biri. Triplet davrida ushbu klubda ishlaganim, Joze Mourino, Rafa Benites, Gasperini va Raneri kabi buyuk murabbiylardan so‘ng “Inter”ni boshqarganim meni doim faxrlantiradi.

- “Inter” Italiyadagi eng sevimli jamoangizmi yoki...
- Men Rimdanman. Bolaligimdan “Roma” mening yuragimni zabt etgan. Albatta, “Inter”da ishlaganimdan buyon ushbu klub ham men uchun juda muhim bo‘lib qoldi. Bunga muxlislar va shahar bilan o‘rtamizda paydo bo‘lgan ajoyib aloqalar sabab bo‘ldi. Lekin men o‘z sevimli jamoamni hech qachon o‘zgartirmayman va “Roma” doim men uchun birinchi raqamli bo‘lib qolaveradi.

- Murabbiylikni ancha erta boshlagansiz. Bunga nima sabab bo‘lgan? Rosti, futbolchilik faoliyatingiz qanday kechganini yaxshi eslay olmaymiz.
- Men “Bolonya”da professional futbolchi sifatida faoliyat olib borganman. Ular meni 14 yoshligimda klubimdan sotib olgan. 15 yoshga to‘lganimda birinchi marta tizzmamdan jiddiy jarohat olgandim. Keyin 18 va 19 yoshimda ham xuddi o‘sha tizzamdan jarohat orttirib oldim. Men so‘nggi jarrohlik amaliyotimdan so‘ng futbol o‘ynashni to‘xtatdim. Bir necha yildan so‘ng, 23 yoshimda murabbiylik qilishni boshladim va 34 yoshimda A seriya tarixida eng yosh murabbiyga aylanganman.

- Yevropadagi murabbiylik faoliyatingizdan so‘ng 2019 yili Osiyoga keldingiz. Sizni bu qit’aga nima yetaklab keldi?
- “Sparta” Pragadagi faoliyatimdan keyin Tehronning “Istiqlol” klubidan taklif oldim. Ular Osiyoning eng mashhur jamoalaridan biri, millionlab muxlislariga ega edi. Ular men uchun Osiyodagi birinchi klub bo‘ldi va bu muvaffaqiyatli ish bo‘ldi deya olaman. Shundan so‘ng, Qatarning “Al-Garafa”si meni murabbiylikka chaqirdi.

- Hozirda “Al-Garafa”dagi ishingiz qanday? Odatda arab klublari shayxlari murabbiylarni tez-tez almashtirib turadilar. Bu holat ishingizga bosim o‘tkazmaydimi?
- Klubga ko‘p pul tikkach, jamoadan, futbolchilar va murabbiylardan natija kutishing normal holat. Bu doimiy sinov degani edi. Men bundan qo‘rqmasdim, bu ishimizning bir qismi. Shayx Jassim Erondagi faoliyatimdan keyin men bilan shaxsan suhbatlashdi va o‘zining muhim loyihasida imkoniyat berishga qaror qildi.

- Hamyurtimiz Islom To‘xtaxo‘jayev qo‘l ostingizda o‘ynayotganidan xursandmiz. O‘zbek futboliga qanchalik qiziqasiz va bu borada nimalarni bilasiz?
- O‘ylaymanki, O‘zbekiston Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri. Fikrimcha, so‘nggi yillarda ushbu mamlakatda futbol juda rivojlandi. Italiyada o‘ynayotgan Shomurodov bilan sizning futbolingiz yevropalik skautlar kuzatuvida bo‘lib turibdi. Menimcha, O‘zbekiston milliy terma jamoasida “oltin avlod” shakllanib bormoqda. Ayniqsa, Srechko Katanes bosh murabbiyga aylangach, ushbu jamoa o‘yinlarini yanada diqqat bilan kuzata boshladim.

- Sizning ro‘yxatingizda yana boshqa o‘zbek futbolchilari ham bormi?
- Ha, biz bir qator futbolchilarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Ammo ular shartnoma tuzgan klublar hurmati nuqtai nazaridan aniq nomlar haqida hech narsa deya olmayman.

- Rosti, biz sizni O‘zbekistonda ko‘rishdan juda xursand bo‘lardik. Yurtimizga tashrif buyurish rejangizdan o‘rin olganmi?
- Men hech qachon u yerda bo‘lmaganman. Lekin o‘zbek madaniyati haqida juda ko‘p yaxshi gaplarni eshitganman. Bir kun u yerga borish uchun imkon bo‘lishiga umid qilaman.

- Rimlik bo‘lganingiz uchun “Roma” klubiga befarq emasligingizni yuqorida aytdingiz. Shunday ekan, Shomurodov haqida ham so‘ramasdan ilojim yo‘q. Negadir Joze Mourino futbolchimizga unchalik ishonmayapti? Eldor klubdan ketishi kerakmidi?
- Shaxsan Eldorni juda ham yoqtiraman. U rostdan ham qiziqarli futbolchi va juda mehnatkash. “Roma” hujumida bir qator kuchli hujumchilar ham bo‘ldi va hozir Eldorga oson emas. U bilan ikki marta gaplashganman hamda milliy jamoa sardori sifatidagi ishlarini qadrlashimni aytganman. Uning kelajagi porloq, bunga aminman.

- Bu yil Qatarda jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Aslida ushbu mundial siz uchun qanchalik qiziqarli? Chunki Italiya jahon chempionatiga chiqa olmadi. Endi kimga muxlislik qilasiz yoki qaysi terma jamoa syurpriz ko‘rsatishi mumkin?
- Jahon chempionati mening Qatarga kelishimdagi asosiy sabablardan biri. Ayni paytda butun futbol olami bu yerga e’tiborini qaratmoqda. Qishda bo‘lib o‘tadigan ilk jahon chempionati tarixan juda katta voqea. Men Italiya so‘nggi pley-off bosqichida to‘xtaganidan juda afsusdaman. Ammo bu – futbol va biz buni qabul qilishga majburmiz.

- Agar sizdan 3 ta tilak so‘ralsa, nima deb javob bergan bo‘lardingiz?
- Men futbolni sevaman, u hayotimning bir qismi. Har tongda o‘zim faoliyat olib borayotgan jamoaga 100 foizlik kuchim bilan yordam berish maqsadi bilan uyg‘onaman. Ularga mashg‘ulotlarda ham, o‘yinda ham eng yaxshi tayyorgarlikni berishni xohlayman. Bolaligimdan orzu qilgan ishni qilishdan doimo baxtiyorman. Men faqatgina Yaratganga oilam va shu paytgacha uchratgan ajoyib insonlarim uchun rahmat degan bo‘lardim.

- Janob Stramachchoni suhbatimiz avvalida aytganimdek, sizni yurtimizda yaxshi bilishadi. O‘zbekistonlik muxlislarga nima demoqchisiz?
- Hozirgina aytganimdek, O‘zbekistonni oldinda porloq kelajak kutib turibdi. Bu – futbolni sevuvchi mamlakat va mavsumdan mavsumga rivojlanib boryapti. Bugun butun dunyo O‘zbekiston milliy terma jamoasini biladi va men faqat eng yaxshi tilaklarni tilayman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Shomurodov orqali futbolingiz yevropalik skautlar kuzatuvida, sizlarda "oltin avlod" shakllanyapti, o‘zbek madaniyatini eshitganman" - "Inter"ning sobiq ustozi