22:35 / 13.09.2022
1 633

Diyor Imomxo‘jayev: "Futbol birlamchi emas, insoniylik, insonlar xavfsizligi, ularning huquq va erkinliklari doim birlamchi"

Diyor Imomxo‘jayev: "Futbol birlamchi emas, insoniylik, insonlar xavfsizligi, ularning huquq va erkinliklari doim birlamchi"
O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev telegramdagi sahifasida so‘nggi kunlarda o‘zbek futbolida sodir bo‘lgan holatlar bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

"Futbol hissiyotlarga boy o‘yin. Biz o‘yin vaqtida mutaxassislar hissiyotini to‘g‘ri tushunamiz. Ular hakamni so‘kadi, futbolchilarni so‘kadi, VAR tizimini so‘kadi — barchasi tabiiy holat.

Muxlislar ham shunday. Aytaylik, bir necha ming kishining og‘ziga elak tutishning iloji yo‘q. Chunki muxlislar orasida albatta tarbiyasizlari, saviyasizlari ham bo‘ladi. Rasmiy shaxslar esa bunga e’tibor qilmaslikka majburlar. Har akillagan itga javob qaytargan tomon g‘olib hisoblanmaydi. Butun stadion jo‘r bo‘lib so‘ksa, har bir muxlis bilan hisob-kitob qilishning imkoniyati yo‘q. Bizni ham so‘kishadi, izohlarda, stadionlarda va hokazo. Ignor qilamiz, normal yechim shu.

Qandaydir Angliyada biror klub rasmiylari jurnalistga hujum qilsa, uning texnik vositalarini o‘zboshimchalik bilan tortib olsa, jamoatchilik uni tinch qo‘ymaydi, masala hatto iste’fogacha yetib boradi, holat shu klub va rasmiylarning keyingi faoliyatiga ham jiddiy ta’sir qiladi. Chunki hujumga uchragan inson o‘rnida ertaga siz bo‘lmasligingizga hech kim kafolat bermaydi.

Bizda har kim axborot olish va uni tarqatish huquqiga ega. Futbolimizda u kim bo‘lishidan qat’iy nazar Reglamentga amal qilishga majbur. Hech kimning shohi yo‘q. "Nasaf" murabbiyining ishi ham qo‘mitaga oshirildi, o‘z vaqtida "So‘g‘diyona" murabbiyining ishi ham oshirilgan. Ertaga "Paxtakor" murabbiyi ham shu kabi uyatli ishlar qilsa, unga nisbatan ham chora ko‘riladi. Biz musobaqalarimizda faoliyat olib borayotgan OAV vakillarini shu musobaqalar doirasida himoya qilamiz. Agar OAV biror murabbiyning shaxsiy hududiga ruxsatsiz, etika normalariga zid ravishda kirib borsa, biz albatta shu mutaxassis tomonida bo‘lamiz.

Samvel Babayanning Namanganda faoliyat olib borishida yutuqlar bo‘lyapti. Klub chempionlik uchun da’vogar, farm-jamoa Pro ligaga yaqin turibdi, U19 jamoa ham oltin medallar uchun asosiy kurashchi. Coca Cola Superligasida kuchli raqobat bo‘lishi uchun bizga Berdiyevlar, Qosimovlar, Babayanlar, Abramov-u Shatskixlar kerak. Biroq bunda hamma teng. Hech qaysi biri alohida vakolatlarga ega emas.

Va albatta muxlislar ham kengroq fikrlashlarini istardik. Maydonga tosh uloqtirayotgan ahmoqlar uchun bitta savolimiz bor: maydonda otangiz yoki farzandingiz bo‘lsa ham shu ishni qilarmidingiz? Savol hech bo‘lmasa o‘ylantirib qo‘ygan bo‘lsa, jilla qursa vijdoningiz bor. Shu ham ta’sir qilmasa, manqurtdan farqingiz yo‘q. Futbol birlamchi emas, insoniylik, insonlar xavfsizligi, ularning huquq va erkinliklari doim birlamchi. Buni hurmat qilish shart!", – deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jayev: "Futbol birlamchi emas, insoniylik, insonlar xavfsizligi, ularning huquq va erkinliklari doim birlamchi"