14:37 / 17.09.2022
1 279

Nikola Lazarevich: "O‘zbek futboli haqidagi fikrim ancha o‘zgardi, bu yil "Qizilqum" chempion bo‘ladi!"

Nikola Lazarevich: "O‘zbek futboli haqidagi fikrim ancha o‘zgardi, bu yil "Qizilqum" chempion bo‘ladi!"
“Navbahor” – “Qizilqum” o‘rtasidagi o‘yin ancha tortishuvlarga sabab bo‘lyapti. Barchasi to‘p Azim Ahmedovning qo‘liga tekkan vaziyatda hakam penalti qo‘ymagani bilan bog‘liq. O‘yindan keyin “Qizilqum” bosh murabbiyi Nikola Lazarevich matbuot anjumanida ichidagi bor gapni aytib yubordi.

Yutqazgan jamoa ustozi sifatida o‘sha holat unga ham alam qilishi aniq edi. Lazarevich matbuot anjumaniga kirib chiqqanidan keyin baribir o‘zi bilan gaplashmasak bo‘lmasdi.

Chunki uning gaplari va penalti qo‘yilmagan vaziyat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda bosh mavzuga aylandi. Lazarevich yarim tunda bizning so‘rovimizga javob qaytardi.

- Keling, hammasini boshidan boshlaylik. Namangandagi o‘yin, belgilanmagan penalti va matbuot anjumanidagi gaplaringiz...Hammasi internetda, ijtimoiy tarmoqlarda rosa “aylanyapti”. Endi barchasi tugadi. Hozir nima haqida o‘ylayapsiz?
- Ha, o‘sha vaziyatda hammasi tushunarli edi. Butun O‘zbekiston o‘sha holatni ko‘rdi. Hakam yaqqol qoida buzilishini ko‘rib turganiga qaramay, penalti belgilashga jazm etmadi. O‘zingiz ham mening bu fikrimga qo‘shilsangiz kerak. Endi nima ham qilish mumkin? Hammasi tugadi. Endi voqealar rivojini ortga qaytarishning aslo iloji yo‘q.

Bundan keyin boshni tik tutgan holda yo‘limizda davom etmog‘imiz kerak. Albatta, bugungi o‘yinni obdon tahlil qilib chiqmoqchimiz. Hali oldinda talaygina uchrashuvlar bor. Oxirigacha kurash olib borgan holda oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishga harakat qilamiz. Mening ishtirokimdagi matbuot anjumaniga kelsak, doim, har qanday vaziyatda hammasini ochiq-oydin, rost gapirishga harakat qilaman. O‘ylaymanki, o‘zingiz ham aytgan gaplarimda jon borligiga ishongan ko‘rinasiz. Men bu gapni faqat bugungi o‘yin tafsiloti haqida emas, balki umumiy ma’noda aytmoqdaman.

- O‘yindagi holatlar bo‘yicha sizda qandaydir shubha paydo bo‘ldimi?
- Albatta, har qanday mojaroli holat yuzasidan kishida shubha paydo bo‘lishi tayin. Ammo uchrashuv haqidagi tahlillar obdon o‘tkazilmasdan turib bir narsa deyish qiyin. Chunki mojaroli vaziyatni har kim o‘z nazari bilan ko‘radi, qarichi bilan o‘lchaydi. Murabbiy o‘z qarashiga, muxlislar va o‘yinchilar esa o‘zlariga xos qarashlarga ega. Shukrki, atrofimda menga ishonadigan, tushunadigan odamlar bor. Shubha bilan isbot talab qilmaydigan holat o‘rtasida farq bor, albatta. Agar qo‘limda aniq isbot dalil bo‘lmasa, shunchaki, gapirishga odatlanmaganman.

- Bu yil “Qizilqum” “Navbahor”ga qarshi uch marta o‘ynadi va barchasida mag‘lub bo‘ldi. Sizningcha, “Navbahor” kuchlimi?
- Ha, “Navbahor” bilan joriy yilda uch bor uchrashdik va har safar mag‘lub bo‘ldik. Birinchi o‘yinni yodga oladigan bo‘lsak, o‘shanda yo‘l qo‘ygan xatolarimiz evaziga mag‘lubiyat alamini totishga majbur bo‘lgandik. Darvozamizdan o‘tkazib yuborilgan ikkita gol yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xatolarimiz tufayli amalga oshgandi. O‘shanda ham o‘yinni boshqargan hakamlar o‘z ishlarini halol olib borishgan edi, deya olmayman. Umuman olganda, hakamlar bilan bog‘liq mojaroli holatlar haqida gapirish unchalik to‘g‘ri ham bo‘lmasa kerak.

Lekin hakam raqib foydasiga qarorlar qabul qilayotgan uchrashuvda kurash olib borish juda ham mushkul. Ikkinchi o‘zaro to‘qnashuvimizda mag‘lubiyatga uchramasligimiz ham mumkin edi. Biroq aksiga olib oxirgi pallalarda omad bizdan yuz o‘girgan. Vaholanki, durang natijani saqlab qolishimiz ham mumkin edi. Eng achinarlisi o‘yindagi to‘xtalishlar uchun qo‘shib berilgan daqiqalarda darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubordik. Holbuki, bahsning ikkinchi yarmida ko‘rsatgan o‘yinimiz bilan bunday mag‘lubiyatga loyiq emasdik.

- Xo‘sh, bu yil kim chempion bo‘ladi?
- Bu yil kim chempion bo‘ladi? Albatta, “Qizilqum”! Chunki bizda hali oxirigacha kurashish uchun imkoniyat saqlanib turibdi. Oxirida nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Bunga qadar esa maksimum darajada o‘yinlarni o‘tkazishga harakat qilamiz. Albatta, boshqa da’vogarlarni ham e’tibordan qochirmaslik kerak. Masalan, “Nasaf”ni. Shuningdek, “Paxtakor” bilan “Navbahor” ham chempionlik uchun yaxshi imkoniyat hosil qilib turgan klublar sanalishadi. Hali mavsum tugashiga yana 7 ta o‘yin bor. Shunday ekan, ko‘p narsa o‘zgarib ketishi tayin.

Yuqorida aytganimdek, nima bo‘lishini oxirida ko‘ramiz. Nazarimda, “Nasaf” va “Olimpik” ham juda yaxshi taassurot qoldiradigan o‘yinlar namoyish etishyapti. Men zamonaviy futbol tamoyillariga tayangan holda to‘p surayotgan va chempionlikka da’vogar klublar haqida gapiryapman. Yana takrorlayman: chempionlik uchun yaxshi imkoniyat “Nasaf”, “Paxtakor” va “Navbahor”da yuzaga kelgan.

- Demak, “Qizilqum”da chempionlik imkoniyati saqlanib turibdi...
- Yuqorida aytganimdek, hali “Qizilqum”ni chempionlik kurashidan chiqarib yuborishga erta. Ko‘rib turganingizdek bizda ham imkoniyat saqlanib turibdi. Imkoniyat bor ekan, kurashishda davom etish kerak. Nima bo‘lishini oxirida ko‘ramiz. Bir so‘z bilan aytganda, “Qizilqum” chempionlik uchun oxirigacha kurashishda davom etadi. Qolganini esa oliy hakam vaqt ko‘rsatib beradi.

- O‘zbek futboli haqidagi fikrlaringiz o‘zgardimi?
- O‘zbek futboli haqidagi qarashlarim o‘zgarganmi? Ha, oldingiga nisbatan ancha o‘zgargan. Bu yerga kelib ish boshlaganimdan beri o‘tgan 9 oy davomida ko‘p narsa o‘zgardi. Sizlarda iqtidorli futbolchilar juda ko‘p ekan. Shunday ekan, sizlarda hali katta imkoniyatlar yuzaga keladi. Eng asosiysi, O‘zbekistonda futbol darajasi ancha baland. Bir so‘z bilan aytganda, bu yerdagi futbol maqtashga arzigulik. O‘yinlar ancha rang-barang kechyapti, chempionlik uchun bir qator klublarda yaxshi imkoniyat yuzaga kelgan.

Shu bois 100 foiz ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekistonga kelib ishlash haqidagi qarorim juda to‘g‘ri bo‘lgan. Albatta, ba’zi hollarda futbolni bezamaydigan vaziyatlarga ham duch kelib turibmiz. Binobarin, xuddi bugungi o‘yindagi kabi hakamlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolarga o‘xshash. Bunday narsalar esa futbolni bezamaydi. Umuman, shunga o‘xshash holatlar faqat futbol rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, xolos.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nikola Lazarevich: "O‘zbek futboli haqidagi fikrim ancha o‘zgardi, bu yil "Qizilqum" chempion bo‘ladi!"