15:05 / 17.09.2022
1 918

Azim Ahmedov: "G‘alaba ta’timadi..."

Azim Ahmedov: "G‘alaba ta’timadi..."
Ijtimoiy tarmoqlarda "bomba"dek portlagan "Navbahor" - "Qizilqum" uchrashuvidan so‘ng voqeaning asosiy qahramonlaridan biri Azim Ahmedov bilan bog‘landik. "Navbahor" yetakchisi voqeaga izoh berib o‘tdi:

- "Qizilqum" futbolchisi sizga nisbatan qo‘pollik ishlatdimi?
- Men to‘pga sakraganimda, raqib yelkamdan orqaga tortdi. Men to‘p qo‘limga tekkanini inkor qilmayman. Uni hamma ko‘rdi, lekin bundan avvalroq menga nisbatan qo‘pollik ishlatilgan edi. Avvaliga referi menga nisbatan qo‘pollik ishlatilgani uchun hushtak chaldi. Keyin, VARdagilar bilan gaplashib, ekran oldiga bordi. Agar adashmasam, u to‘p qo‘lga tekkanini emas, menga nisbatan qo‘pollik ishlatilgani yoki ishlatilmaganini tekshirdi. Keyin qarorini to‘g‘ri ekanligini anglab, "Qizilqum" hujumda fol ishlatdi, deb hisobladi.

- Sizning nazdingizda hakam adolatli qaror qabul qildimi?
- Agar takroriy lavhani ko‘rsangiz, harakatlarim notabiiy ekanligini payqash mumkin. Yelkam ortga ketgan, belim ham nostandart holatda edi. Menimcha, o‘yinni shu epizodini ko‘pchilik o‘tkazib yubordi. Hakam to‘p qo‘limga tekkanini emas, unga qadar bo‘lgan voqealarni ko‘rish uchun VARga murojaat edi. Menimcha, hakamning qarori adolatli bo‘ldi.

- Nima deb o‘ylaysiz, bu voqea "Navbahor" bilan sodir bo‘lmaganida ham shunday reaksiya bo‘lgan bo‘larmidi?
- Yo‘q, aynan "Navbahor" bilan bo‘lganida shunday shov-shuv bo‘lib ketdi. Boshqa klub bo‘lganida, bir yo ikki postdan so‘ng barchaning e’tiboridan chetda qolar edi. Bilmadim, bizni yomon ko‘rishadimi yoki aynan kimnidir yomon ko‘rishadimi, bilmadim.

- Bu g‘alaba qay darajada "lochinlar" a’zolariga ta’tidi? Kiyinish xonasidagi atmosfera qanday edi?
- Bilasizmi, hamma bizga qarshi bo‘lgani uchun g‘alaba bizga ta’timadi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, deyarli hamma bolalar maydonni g‘alati tark etdi. Kayfiyat yo‘q edi hech kimda. "Navbahor" bilan bog‘liq hamma narsa doim omma e’tibor markazida turibdi. Nega bunday bo‘layotganini bilmadim. To‘g‘risi, biror narsa bo‘lib qolmasin deb qo‘rqib-qo‘rqib o‘ynayapmiz. Biz uchun bu o‘yinda 3 ochko suv va havodek zarur edi.

- Bugungi voqealardan so‘ng, "Navbahor" juda katta bosim ostida qolib ketgandek. Aytingchi, bu oldindagi boshqa o‘yinlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?
- Tan olish lozim, katta bosim yukladi. Qolgan o‘yinlarda nima bo‘lishini bilmayman. Hammasi yaratganning irodasi bilan sodir bo‘ladi. Omon bo‘lsak, ko‘raveramiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Azim Ahmedov: "G‘alaba ta’timadi..."