21:57 / 20.09.2022
1 943

Superliga. "Navbahor" o‘z uyida, "Nasaf" mehmonda eng zo‘ri

Superliga. "Navbahor" o‘z uyida, "Nasaf" mehmonda eng zo‘ri
Superligada 19-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. Hozirga qadar muxlis va mutaxassislar bir-biridan qiziq uchrashuvlar guvohi bo‘lmoqda.

20-tur oldidan biz ayrim qiziqarli statistikalarni ma’lum qilamiz. Demak, eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoalar "Nasaf" va "Navbahor" jamoalari bo‘lib turibdi. Bu klublar o‘z darvozasidan 10 tadan gol o‘tkazib yuborgan. Shuningdek, "Nasaf" jamoasi ayni payt chempionatimizda eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘lib turibdi. Klub hisobida 31 gol mavjud. Bu ikki jamoa hozirda chempionlik uchun 3 davogarlar qatorida bo‘lib turibdi. Yakunda kim chempion bo‘lishi hammaga qiziq. Ammo faktlar shuni ko‘rsatmoqdaki, "ajdarlar" va "lochinlar" raqamlar borasida bu yil yuqori pog‘onalarda band etgan.

"Olimpik" jamoasi shu paytga qadar 11 ta bahsda raqiblari bilan 1 ochkodan bo‘lishib olgan. Bu Superliga joriy mavsumi uchun eng yuqori natija sanaladi. E’tiborlisi, Kapadze shogirdlari grandlarga qarshi o‘yinda juda ajoyib harakatlanmoqda va ular uchun "chaqilmas yong‘oq"qa aylanishga ulgurdi. "Grandlar kushandasi" deyilayotgani ham bejizga emas.

Samarqandning "Dinamo"si bu mavsum yomon natijalari bilan ko‘proq yodda qolmoqda. Klub eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgan va eng ko‘p mag‘lub bo‘lgan jamoa bo‘lib turibdi. Oxirgi marotaba klub 5-turda "Lokomotiv"ni taslim etgan. Ushbu g‘alaba hozircha yagonaligicha qolmoqda. "Arslonlar" katta ehtimol bilan Pro-ligaga yo‘l oladi. Har holda, hozirgi natijalaridan kelib chiqib, Vadim Abramovdan mo‘jiza kutish xato bo‘lsa kerak. Yana bilmadik?!

Uy o‘yinlarida eng yaxshi natija Namanganning "Navbahor" klubiga tegishli. "Lochinlar" o‘z maydonida o‘tkazilgan 10 ta bellashuvda 5 g‘alaba, 4 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etib, 19 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Mehmonda "Nasaf" eng ko‘p 24 ochko to‘plagan. "Ajdarlar" o‘tkazilgan 10 ta bahsda 7 g‘alaba va 3 durang qayd etgan. Berdiyev shogirdlarini hali hech bir jamoa safarda mag‘lub eta olmagan.

Ahamiyatlisi, eng yaxshi to‘purar va assistent bir klub vakili hisoblanadi. "Qizilqum" hujumchisi Temurxo‘ja Abduholiqov 11 gol urib, to‘purarlikda yetakchilik qilmoqda. Navoiyliklarning yarim himoyachisi Aleksandar Stanislavlevich 7 ta golli uzatma bilan assistentlar ro‘yxatida peshqadam bo‘lib turibdi.

Kartochka ishlab olishda AGMK vakili Sardor Rahmonovga teng keladigani topilmayapti. U shu vaqtga qadar 2 sariq va 3 marta qizil kartochka olishga ulgurdi.

Superliga bu mavsumi rostan ajoyib voqealar va shiddatli raqobati bilan e’tiborni jalb etmoqda. Har turda muxlis va mutaxassislar o‘zi uchun alohida voqelik ko‘ra olmoqda. Daraja borasida o‘sdikmi yoki yo‘q, bunisini bilmadik. Ammo shiddatli raqobat yuzaga kelgani ayni haqiqat. Oldingidek bir jamoaning yaqqol ustunligi yo‘q hozir. Har bir jamoa boshqa bir raqibga qarshi "bosh og‘riq" bo‘la olmoqda va bu chempionatimiz uchun yaxshi holat. Raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi. Faqat buni janob Srechko Katanes boshqacha tushunadi, xolos:)

Shohrux Zoirov tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliga. "Navbahor" o‘z uyida, "Nasaf" mehmonda eng zo‘ri