22:53 / 21.09.2022
1 485

O‘zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi: Asosiy maqsadimiz Saudiya Arabistonini mag‘lub etish edi

2023 yilning mart oyida O‘zbekiston yashil maydonlarida 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi final bosqichi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda Osiyoning eng kuchli jamoalari qit’a birinchiligi va Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
O‘zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi: Asosiy maqsadimiz Saudiya Arabistonini mag‘lub etish edi
O‘z o‘rnida, O‘zbekiston U-20 terma jamoasi ham mezbon sifatida mazkur musobaqaga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Jamoamiz, rejaga muvofiq, musobaqaga qadar bir nechta yig‘inlar o‘tkazishi, xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etishi, bir qancha futbolchilarni seleksiya qilib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot va media bo‘limi jamoa vakillaridan mazkur yig‘in, saralash bosqichidagi ishtirok va keyingi rejalar xususidagi fikrlari bilan qiziqdi.

O‘zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi Farhod Nishonov:

— Barchaga ma’lum, Saudiya Arabistonidagi Osiyo kubogi saralash bosqichida qanday natija qayd etishimizdan qat’iy nazar musobaqaning final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib bo‘lgan edik. Lekin bu musobaqa biz uchun juda katta ahamiyatga ega edi. Sababi, biz keyingi yilgi turnirda nafaqat mezbon, balki favoritlardan biri sifatida ishtirok etishni maqsad qilgandik. Shu sababli ham bu bosqichda bor imkoniyatlarimizni namoyish etdik.

— Futbolchilarning jismoniy va ruhiy holatidan qoniqish hosil qildingizmi? Oldinda qilinishi kerak bo‘lgan qanday ishlar bor?

— Futbolchilarimizning jismoniy holatiga keladigan bo‘lsam, ularning ham jismoniy, ham ruhiy holatidan qoniqish hosil qildim. Chunki bu yig‘inga jismoniy-ruhiy jihatdan tayyor futbolchilar jalb etilgan edi. Reja bo‘yicha ish olib bordik, lekin oldimizda qilinadigan ishlar ko‘p. Bu yoshlarimiz kelajakda professional futbolchi bo‘lishlari uchun biz ham ularning o‘zlari ham harakat qilishimiz lozim. Ular individual jihatdan o‘sishlari, o‘z ustida ishlab borishlari kerak.

— Qaysi o‘yinlar siz uchun qiyinroq kechdi? Xususan, Saudiya Arabistoniga qarshi tarixiy g‘alaba haqida nimalar deya olasiz?

— Shubhasiz, eng qiyin bahs Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin bo‘ldi. Sababi, raqibimiz juda kuchli edi. Tarkibida mahoratli o‘yinchilari ham ko‘p. Shuning uchun bu o‘yinda qiyinchilikka duch keldik, lekin shu o‘rinda futbolchilarga rahmat aytib qolaman. Ular maydonda borini berib harakat qilib, oxirigacha kurashdilar. Yig‘inning ilk kunidanoq asosiy maqsadimiz Saudiya Arabistonini mag‘lub etish edi, buni ustida ishladik. Shu ishtiyoq tufayli ham g‘alabaga erishdik, deb o‘ylayman.

Jamoa futbolchisi Mirkomil Abdurazzoqov:

— Yaponiyada bo‘lib o‘tgan yig‘indan so‘ng bizga yana bir yaxshi imkoniyat taqdim etildi. 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi saralash bahslarida ishtirok etishimiz aytildi. Biz bundan xursand bo‘ldik. Chunki bu nimalarga qodir ekanimiz, qaysi tomonlarda esa ko‘proq ishlashimiz kerakligini ko‘rsatib berardi.

— Murabbiylar asosan nimalar ustida ishlashdi?

— Murabbiylarimiz yig‘inning ilk kunidanoq taktik va jismoniy mashg‘ulotlarni olib borishdi. Oldimizda muhim turnir turgani, biz keyingi bosqich masalasiga chiqqanimizni unutishimiz shartligini uqtirib kelishdi. Shu tufayli bo‘lsa kerak, barcha uchrashuvlarda g‘alabaga tashna bo‘lib maydonga tushdik.

— Turnirdagi eng qiyin bahs qaysi bo‘ldi?

— Eng qiyin bahs, albatta, Saudiya Arabistoni bilan o‘tkazilgan o‘yin bo‘ldi. Bu jamoa har tomonlama kuchli ekanini, biroq ularni mag‘lub etish orqali o‘z imkoniyatlarimizni namoyish etishimiz kerakligini bizga aytishdi. O‘yin davomida har ikkala tarafda ham yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi. Biroq yakunda biz baribir o‘yinni o‘z foydamizga hal qildik. So‘nggi turda Xitoy bilan ham oson bo‘lmagan o‘yinni o‘tkazdik. Birinchi bo‘limning oxiriga kelib bir kishi kam qoldik. Lekin o‘yinning so‘nggigacha biz o‘z ustunligimizni namoyish qilib, g‘alaba qozondik.

Manba: O‘FA matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi: Asosiy maqsadimiz Saudiya Arabistonini mag‘lub etish edi