11:23 / 30.09.2022
1 365

Voyneski: Yangi klubida "Sherlar" safidan kimlarni ko‘rmoqchiligi va "Nasaf"ga qarshi o‘yin haqida

Voyneski: Yangi klubida "Sherlar" safidan kimlarni ko‘rmoqchiligi va "Nasaf"ga qarshi o‘yin haqida
“Paxtakor” chempionat doirasida asosiy ta’qibchilaridan biri “Nasaf” bilan bo‘ladigan uchrashuvga jiddiy hozirlik ko‘ryapti. Bu shubhasiz markaziy uchrashuv.

“Paxtakor” Maksim Shatskix boshchiligida g‘alabali yo‘lga tushib olgandek, ammo “Nasaf”ga qarshi o‘yin ushbu murabbiy uchun ham o‘ziga xos sinov bo‘ladi. O‘yindan oldin turli taxminlar va fikrlar bor.

Jumladan, “Sherlar”ning sobiq bosh murabbiyi Slavche Voyneski ham jamoasini kuzatishda davom etyapti. Shu munosabat bilan Sports.uz muxbiri Shuhratbek Jo‘rayev Voyneskidan bo‘lajak o‘yin uchun munosabat bildirishini so‘radi.

- Bu qiyin o‘yin bo‘ladi, doimgidek. “Paxtakor”da kichik ustunlik bor, - deya gap boshladi, Slavche. - Chunki ular o‘z maydonida o‘ynashadi. Shunday o‘ylaymanki, individual mahorat jihatidan ko‘rsatiladigan o‘yin ushbu bahsda ikkala jamoa uchun natijani ta’minlab berishi mumkin. To‘g‘risi, ushbu uchrashuvda ko‘p gollarni kutmayman. Chunki oxirgi ikkita bellashuvda “Nasaf” jamoasini qay darajadaligini ko‘rgandik. “Paxtakor” tarkibida ko‘plab tajribali futbolchilar bor. Ayniqsa, yarim himoya va himoyada.

Shu jihatdan 1:0 hisobidagi “Paxtakor”ning g‘alabasini taxmin qilish mumkin. Katta ehtimol bilan ushbu uchrashuv 2022 yilgi mavsum chempionligi uchun muhim ahamiyat kasb etishi kutilyapti. Albatta, oldinda yana o‘yinlar bor. Lekin “Paxtakor” bu o‘yinni g‘alaba bilan yakunlay olsa, ularda chempionlik uchun qulay imkoniyat paydo bo‘ladi. Bu qadar katta imkoniyatdan o‘z maydonida foydalanib qolish maqsadga muvofiq bo‘lardi
, - deya fikr bildirdi, makedoniyalik murabbiy.

Ha, u sobiq jamoasining kichik hisobdagi g‘alabasini taxmin qilmoqda. Boshqalarda ham shunday fikr shakllanmoqda: ya’ni, “Paxtakor”ning Voyneski va Shatskix murabbiyligi ostida qanchalik farqi bor. Bunda albatta o‘yin uslubi nazarda tutilmoqda. Shuni hisobga olib, Slavchedan Maksim Shatskixning “Paxtakor”ida qancha o‘zgarishlarni ko‘rayotgani haqida ham so‘radik. Javob esa quyidagicha bo‘ldi:

- Ochig‘ini aytganda, ketganimdan so‘ng “Paxtakor”ning bir qator o‘yinlarini kuzatib chiqdim. Eng katta o‘zgarish deb shuni ayta olamanki, jamoada klassik hujumchi paydo bo‘ldi. Menda bunday hujumchi yo‘q edi. Ammo himoyada bizning davrda ishlagandan ko‘ra ko‘proq muammolarni ko‘ryapman. Biz ishlagan paytda 14 ta uchrashuvda darvozamizdan kamroq gol o‘tkazib yuborgandik. Hozir esa ular bir muncha ko‘p gol o‘tkazib yuborishga ulgurishdi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, himoyada katta muammolar bor. Hujumlarni tashkil etish masalasida ham jamoada biroz oqsash kuzatilyapti.

Bundan tashqari, uchinchi zonaga sifatli to‘plarni, uzatmalarni yetkazish, xavfli vaziyatlarni yaratish masalasida ham “Paxtakor”da muammolar bor. Agar ularning kiritgan gollariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, asosan raqibning o‘ta qo‘pol xatolaridan kelib chiqib gol urishyapti yoki individual mahorat katta rol o‘ynayapti. Shu jihatdan ayta olamanki, bu g‘alabalar alohida tayyorlangan ishlanmalar mahsuli emas. Shunchaki, o‘yin davomida vaziyatdan foydalanish evaziga erishilyapti
.

Bilasiz, Superligada intriga oshgan va chempionlik uchun kurash jiddiy tus olgan. Hammani kim chempion bo‘lishi qiziqtirmoqda. Voyneskidan mavsum yakunida sizningcha kim chempion bo‘ladi, deya fikri bilan qiziqqanimizda, u “Paxtakor” – bu doim “Paxtakor”, deya sobiq klubining imkoniyatini yuqori baholadi. Shuningdek, Voyneski yangi klubni qabul qilib oladigan bo‘lsa, “Paxtakor”dan kimlarni ko‘rishni xohlaydi? Bu savolga ham o‘zidan javob olishga harakat qildik.

- Albatta, menda ba’zilari haqida juda yaxshi fikrlar bor. Lekin nomlar bilan gapirish biroz noqulay. Shunga qaramay, Ikrom Aliboyev, Odil Hamrobekov, Farruh Sayfiyev, Hojiakbar Alijonovda katta potensial borligini ayta olaman. Ular hali bir muncha yosh futbolchilar, - deya javob qaytardi.

Umuman aytganda, Slavche hali yangi jamoasini qabul qilib olganicha yo‘q. Biroq murabbiyda yetarlicha takliflar borligini aytish mumkin. Shu jihatdan olib qaraganda, muzokaralar davom ettirilmoqda. Voyneski keyingi taqdiri bo‘yicha ham Sports.uz muxbiriga shunday dedi:

Ayni paytda Turkiyada bo‘lib turibman, 10 kundan beri. Ba’zi bir klublardan takliflar bor. Ko‘ramiz, nima bo‘larkin? Oldindan nima bo‘ladi, hozircha aniq bir qarorga kelingani yo‘q. Qiziqish bildirayotgan klublardan biri Vengriyadan, yana biri Slovakiyadan va Turkiyaning ikkita klubi bilan muzokara olib boryapmiz”.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Voyneski: Yangi klubida "Sherlar" safidan kimlarni ko‘rmoqchiligi va "Nasaf"ga qarshi o‘yin haqida