09:09 / 10.10.2022
1 172

"Bu g‘alaba hech nimani o‘zgartirmaydi" - "Qizilqum" bosh murabbiyi ketyaptimi?

"Bu g‘alaba hech nimani o‘zgartirmaydi" - "Qizilqum" bosh murabbiyi ketyaptimi?
Navoiyning “Qizilqum” klubining safarda AGMK jamoasiga qarshi o‘yinida ko‘pchilik Mirjalol Qosimov shogirdlarining imkoniyatini yuqori baholagandi. Ammo “Qizilqum” barchaning taxminlarini yo‘qqa chiqarib yubordi.

Legioner futbolchi Oleg Tolmasov tomonidan kiritilgan yagona gol “Qizilqum”ga juda qimmatli uch ochkoni taqdim etdi. Yanada e’tiborlisi, navoiyliklar ikkinchi bo‘lim boshlarida maydonda bir futbolchi kam bo‘lib qolgandilar. Stanislavlevich qizil kartochka tufayli chetlatildi. Bu AGMKga son jihatdan ham ustunlik taqdim qilgani rost. Lekin shunda ham maydon egalari vaziyatni o‘zgartirishning uddasidan chiqa olmadilar. Aniqrog‘i, bunga mehmonlar yo‘l qo‘yishmadi. “Qizilqum” bosh murabbiyi Nikola Lazarevich bu haqida Sports.uz jurnalistiga shunday dedi:

- U va o‘sha o‘yinchisiz ham o‘zimizga juda qiyin bo‘lishini bilardik. Qolaversa, o‘yin oxiriga qadar bu natijani saqlab qolishga harakat qildik. Shundan keyin bir o‘yinchi kam bo‘lib qolgach, bizga oson bo‘lmadi. Avvalo, intizomni oxirigacha saqlab qolishga intildik. Yigitlar o‘zlarining 100 foiz imkoniyatini ishga solgan holda to‘p surishdi. Intizomni unutishmadi va oxir-oqibat o‘zimizga kerakli bo‘lgan natijani saqlab qoldik.

Ma’lumki, “Qizilqum”ning AGMKga qarshi o‘yinidan avval bosh murabbiy Nikola Lazarevich uchun bu uning Navoiy jamoasidagi oxirgi uchrashuvi bo‘lishi mumkinligi xususida ham gap-so‘z yo‘q emasdi. Albatta, mazkur jarayon sabab bosh murabbiy bilan kun ora aloqada bo‘lib turgandik. Biroq Nikola bu xususida tayinli javob aytmayotgandi. O‘yindan keyin serbiyalik mutaxassis “Qizilqum”ni tark etyapsizmi, deb so‘raganimizda qisqacha javob qaytardi: “Buni hech bir izohsiz qoldiraman. Hammasi tez orada oydinlashsa kerak”.

Lazarevich jamoasi bilan Olmaliqdan g‘alaba bilan qayta oldi. Balki endi ushbu g‘alaba uning “Qizilqum”dagi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatsa kerak, deb o‘yladik, lekin bosh murabbiy bunga biroz boshqacharoq gapirdi “o‘zimga keladigan bo‘lsak, erishilgan g‘alaba hech nimani o‘zgartirmaydi”, - deya qo‘shimcha qildi.

Rostini aytganda, anchadan beri “Qizilqum”da Lazarevich va futbolchilar bilan bog‘liq qandaydir muammo borligi haqida eshitib kelamiz. Ammo bu qanchalik haqiqat yoki haqiqat emasligi borasida tortishmoqchi emasmiz. Lekin bizni qiziqtirayotgan masala bo‘yicha ham bosh murabbiydan so‘ramasak bo‘lmasdi. Shu sababli undan jamoadagi ichki muhit hamda o‘yinchilar bilan o‘zaro munosabatini bilishga harakat qildik.

- Jamoaga yangi murabbiy kelar ekan, barcha yangi o‘yinchilar bilan tanishish, klub tizimini tushunish uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, murabbiyda kerakli o‘yinchilarni tanlash imkoniyati yo‘qligi ham unga qiyinchilik tug‘dirmasdan qolmaydi. Negaki, mavsum o‘rtasida kelgan murabbiy o‘yinchilar seleksiyasini o‘zi amalga oshirish imkoniyatidan mahrum. Shunga qaramay, biz o‘zaro tushunishni qisqa fursatda yo‘lga qo‘ydik va chempionlik yo‘lida barchasini hal qilishga intilyapmiz. Bularning bari klub ichidagi gaplar. Ayni paytda aytishim mumkinki, jamoadagi muhit juda yaxshi va ijobiy.

Darvoqe, “Qizilqum”da AGMK bilan o‘yin oldidan jiddiy yo‘qotishlar bor edi. Jumladan, Ignatiy Nesterov, Oleg Zoteyev va Temurxo‘ja Abduholiqov diskvalifikatsiya sababli yordam bera olmadilar. Qiziq, bunday yetakchilarning yo‘qligi tufayli Lazarevich qattiq xavotir bormidi?

- Ha, ular yordam bera olishmadi. Bu o‘ziga xos darajada katta yo‘qotish bo‘ldi. Ammo unchalik hayajonga tushmadim. Negaki, bizda bir qator futbolchilar bor va hammalari shu darajaga javob bera olishadi. Ular buni AGMKga qarshi uchrashuvda ham namoyish etishdi, - dedi navoiyliklar ustozi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bu g‘alaba hech nimani o‘zgartirmaydi" - "Qizilqum" bosh murabbiyi ketyaptimi?