14:48 / 29.10.2022
2 688

O‘zbek futbolchilari Rossiya klublariga tavsiya qilindi...

O‘zbek futbolchilari Rossiya klublariga tavsiya qilindi...
O‘zbek futboli tarixida mohir to‘purar sifatida iz qoldirgan Ja’far Irismetovni Rossiya futbol jamoatchiligi ham yaxshi taniydi. U futbolchilik faoliyati davomida yurtimizdan tashqari Gretsiya, Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Xitoy chempionatlarida to‘p tepgan.

O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan. Uch karra O‘zbekiston va ikki karra Qozog‘iston yuqori divizioni to‘purarligini qo‘lga kiritgan.

Rossiyaning https://metaratings.ru sayti intervyu uyushtirib, Ja’far Irismetovdan premer-ligada o‘ynayotgan o‘zbekistonlik legionerlar va mamlakatimiz ichki chempionatida o‘zini ko‘rsatib kelayotgan o‘yinchilar haqida so‘radi.

- O‘zbek futbolchilarining Rossiya chempionatidagi o‘yini va natijalarini kuzatib boryapsizmi? “Torpedo” va “Pari Nijniy Novgorod”da hamyurtlaringiz bor.
- “Pari Nijniy Novgorod” va “Torpedo”da O‘zbekistondan yigitlar o‘ynayotganini ular o‘zini ko‘rsatishga harakat qilayotganini bilaman.

Hojimat Erkinov moslashish jarayonini boshidan o‘tkazyapti va “Torpedo”dagi jamoadoshlari fonida har holda yomon o‘ynamayapti. Bu futbolchi chempionlik uchun kurashishga ko‘nikkan, u yerda esa muhit boshqacha. Shunga qaramay, o‘sayotgani ko‘rinib turibdi.

Hojimat o‘g‘lim bilan birga o‘ynagan, mehnatga layoqatli ekani o‘shandayoq ko‘ringan, ancha rivojlanyapti.

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev esa, salohiyatini namoyish eta oldi. Hozir uchun chap qanotda ancha yuqorida, vinger sifatida o‘ynatishyapti. Aslida u himoyachi. Murabbiy ko‘proq biladi. Agar o‘zbek yigitlariga Rossiyada biroz vaqt va imkoniyat berilsa, ular albatta ko‘zga tashlanadi.

- Rossiya premer-ligasi klublariga O‘zbekiston chempionatidagi qaysi o‘yinchilarga e’tibor qaratishni maslahat berasiz?
- Aslida yaxshi o‘yinchilar bor, ular ko‘pligidan hammasini nomma-nom aytib bo‘lmaydi. Asosiy masala, transfer amalga oshsa, ularga qanchalik ishonch bildirilishida.

Mentalitetimizni yaxshi bilman, Rossiyaga kelgan o‘zbekistonliklarga oson bo‘lmaydi. Birlashgan Arab Amirliklari yoki Osiyoning boshqa klublariga moslashish ular uchun ancha qulay kechadi. Hozir Rossiyada legionerlar masalasi qiyinlashib qolganini inobatga olsak, O‘zbekistonda rus klublarini kuchaytira oladigan o‘yinchilar ko‘p.

Masalan, “Nasaf”dan Sherzod Nasrullayev, chap qanot himoyachisi, hamma sifatlari yetarli, ishini to‘liq bajaradi. Markaziy himoyachi Husniddin Aliqulov ham legioner bo‘lishga tayyor.

“Neftchi”dagi Abrorbek Ismoilov universal o‘yinchi. Uni yaxshi bilaman, chunki “Paxtakor”ga olib kelmoqchi bo‘lgandim.

“Paxtakor” markaziy yarim himoyachisi Odiljon Hamrobekovni ham ajratib ko‘rsatishim mumkin. Bu yigitlar Rossiya premer-ligasining o‘rtamiyona jamoalarida o‘ynashga qodir. O‘zbekistondan birdaniga “Zenit”ga o‘tish qiyin. “Spartak”ga o‘tganimda buni qanday bo‘lishini boshimdan o‘tkazganman.

Yaxshisi Eldor Shomurodovga o‘xshab, senga ko‘proq imkoniyat beradigan “Rostov” kabi jamoalardan boshlab, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish kerak.

“Zenit”da bir-ikki marta o‘ynaganidan keyin maydonga tusholmay, zaxirada o‘tirib qolish mumkin. “Zenit” yoki “Spartak” oldiga qo‘yilgan vazifalar qanday katta!

Men “Paxtakor”da ishlaganimda “nega asosiy jamoamizda klub akademiyasidan o‘yinchilar kam?”, degan masala ko‘tarilardi. Kun tartibida chempionlik sari intilish, mamlakat kubogini qo‘lga kiritish kabi masalalar dolzarb bo‘lib turganida yosh o‘yinchilarni o‘ynatish juda qiyin bo‘ladi. Shunga qaramay, akademiyamizda juda ko‘p futbolchilarni tarbiyalaganmiz.

Ayni paytda Rossiya premer-ligasida ikki nafar hamyurtimiz - Hojimat Erkinov va Ibrohimxalil Yo‘ldoshev to‘p tepmoqda. "Torpedo" vakili hisoblangan Hojimat Erkinov Rossiya premer-ligasi va mamlakat kubogida 14 ta uchrashuvda qatnashib, bitta golli pas uzatdi.

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev esa, "Pari Nijniy Novgorod"ning premer-ligasi va kubokdagi o‘yinlarida jami 16 martaba maydonga tushib, ikkita gol va bitta assist muallifi bo‘ldi.

Rossiya premer-ligasining joriy mavsumida uchta o‘yin o‘tkazgan Oston O‘runov "Ural" bilan amaldagi shartnomani bekor qildi va hozir o‘ziga yangi jamoa qidirmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek futbolchilari Rossiya klublariga tavsiya qilindi...