11:05 / 05.11.2022
1 396

"Bunyodkor" hujumchisi Boshkovich nimani o‘zgartirgani va keyingi rejasi haqida gapirdi

"Bunyodkor" hujumchisi Boshkovich nimani o‘zgartirgani va keyingi rejasi haqida gapirdi
“Bunyodkor” klubi chempionatning 24-turida Termizning “Surxon” jamoasini qabul qildi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda gollardan biriga mualliflik qilgan 24 yoshli hujumchi Usmonali Ismonaliyev bu safar ham faolligi bilan jamoasining g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.

Futbolchi Sports.uz jurnalistning bir qator savollariga javob qaytardi.

- “Bunyodkor” “Surxon”ga qarshi o‘yinda o‘zi uchun muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Bu kabi qimmatli g‘alabadan keyin nimalarni ayta olasiz?
- Uchrashuv nafaqat bizga, balki “Surxon” uchun ham muhim edi. Ikkala klubga uch ochko suv va havodek zarur bo‘lib turgandi. Xudoga shukr, yutdik. Biz hamma uchrashuvdan ham ko‘ra bu safargi bellashuvga jiddiyroq e’tibor qaratdik. Ruhiy, jismoniy, umuman har taraflama puxta tayyorlandik. Ko‘rgan bo‘lsangiz, haqiqatan maydonda qattiq kurash kechdi. Shuni hisobiga ham o‘zimiz uchun kerakli g‘alabani qo‘lga kiritdik. Hammani oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. O‘zimizdan pastki pog‘onadagi klublardan ham ancha “qochdik”.

- Aynan nima sababdan bu bellashuvga boshqa o‘yinlardan ko‘ra ko‘proq e’tibor berdinglar?
- Mabodo, “Surxon” yutganida bizdan oldinga o‘tib ketgan bo‘lardi. Natijada keyingi turda safarda “Qo‘qon-1912” bilan qandaydir bosim bilan o‘ynashimizga to‘g‘ri kelardi. O‘zi har bir uchrashuv finalga teng bo‘lyapti. To‘g‘ri, navbatdagi turda “Qo‘qon-1912”ga qarshi bahsga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Har bir turni, o‘yinning o‘ziga yarasha kuchi bo‘ladi. Faqat “Surxon” bilan turnir jadvalida birin-ketin ketayotganimizga boshqacha tayyorgarlik bilan chiqdik.

- “Bunyodkor”da murabbiy o‘zgarganidan so‘ng jamoa o‘yinida va natijalarida ijobiylik ko‘rinyapti. Yangi bosh murabbiy klubda ko‘proq nimani o‘zgartirdi?
- Oldin 100 foiz ishlayotgan bo‘lsak, endi undan ham ko‘proq – 150-200 foiz kuch bilan ishlayapmiz. Mashg‘ulot va o‘yinlar chog‘ida o‘zimizni bor kuchimizni ko‘rsatishga harakat qilyapmiz. Murabbiy jamoani qanday o‘zgartirdi? U har bir futbolchiga o‘ziga ishonch berdi. Mashg‘ulotlarimiz ham qiziqari o‘tyapti. Shularning sababidan ham jamoamiz ancha kuchaydi. “Bunyodkor” pastki o‘rinlarda yuradigan jamoa emas. Maydonga chiqqanimizda klub sha’ni uchun ham kurashyapmiz.

- Hujumchi sifatida chempionatda hisobingizga 4 ta gol yozib qo‘ydingiz...
- Yana chempionat oxirigacha jamoalarga sovg‘amiz bor. Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Kubok bahslarida urgan gollarim bilan hisoblaganda adashmasam 8 ta bo‘ldi. Bundan buyog‘iga ham yanada yaxshiroq natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz.

- Bu yil “Bunyodkor”da debyut mavsumingizni o‘tkazdingiz. Siz uchun “Qaldirg‘ochlar” safida ilk chempionat qanday o‘tyapti?
- Xudoga shukr, “Bunyodkor”da o‘zimiz xohlagandek o‘ynayapmiz.

- Jamoaga foyda keltirayotganingiz uchun sizga boshqalar tomonidan e’tibor hamda qiziqish tobora ortib borayotgani haqida ma’lumotlar yo‘q emas. Eshitishimcha, yaqinda sizga Samvel Babayan qo‘ng‘iroq qilibdi, shu rostmi?
- Bu sir bo‘lib qolsin. Ushbu savolga javob berolmayman. To‘g‘ri, klublar qiziqishyapti. Ammo savolni izohsiz qoldiraman.

- Aslida kelasi yil uchun rejangiz qanday?
- Nasib qilgani bo‘ladi. Avvalambor, yana “Bunyodkor”da qolib yaxshi natija ko‘rsatmoqchimiz. Xudo rizqimizni qayerga sochgan bo‘lsa, o‘sha yerdan teramiz. Nima bo‘lishini yilni oxirida bilamiz.

- Bu yil mamlakat chempionligi kimga nasib etadi?
- Oldindan biror narsa aytish qiyin. Bu yil har yilgiga qaraganda chempionat boshqacha kechyapti. Yuqorida ham, pastda ham kurash juda qizigan. Hammasi oxirgi turda hal bo‘ladi. Hozir umuman bo‘shashadigan payt emas.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bunyodkor" hujumchisi Boshkovich nimani o‘zgartirgani va keyingi rejasi haqida gapirdi